Yo’ldosh erta ko’chishi – sabablari, belgilari, turlari va davolash usullari
Yo’ldoshning muddatidan oldin ko’chishi – homila dunyoga kelishidan oldinroq bachadon devoridan yo’ldosh erta ko’chishidir. Yo’ldosh ko’chishi kuzatilganda homilador ayol tanasida og’riq, qon ketishi, bachadon mushaklari taranglashishi, homilada kuzatiladigan ayrim o’zgarishlar yuzaga chiqadi. Patologik holat bemorning shikoyatlari, qin orqali tekshiruv hamda UTT yordamida aniqlanadi.
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishini bartaraf etishda spazmolitik, qon ketishini to’xtatuvchi va boshqa ba’zi guruh preparatlaridan foydalaniladi. Ayrim holatlarda esa operativ davo muolajasi ham o’tkazilishi mumkin.
Yo’ldoshning muddatidan oldin ko’chishi homilador ayol va homila hayoti uchun xavf tug’diradigan patologik holat hisoblanadi. Akusherlik-ginekologiya sohasida yo’ldoshning normal joylashgan holatida muddatidan avval ko’chishi hamda yo’ldoshning bachadon bo’yniga yaqin holda joylashganda muddatidan erta ko’chishi farqlanadi. Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi homiladorlik vaqtida yoki tug’ruq jarayonida ro’y berishi mumkin. Bunday holat homiladorlarning 0,4-1,4 foizida kuzatiladi.

Homiladorlik vaqtida yo’ldoshga bachadon mushaklari tonusi, yo’ldosh suyuqligi bosim ko’rsatadi. Normada bunday bosimga yo’ldoshning o’ziga xos tuzilganligi, uning elastikligi, hamda yo’ldoshning bachadon mushaklari kam qisqaradigan sohaga yopishganligi sababli yo’ldosh mustahkam joylashadi. Aynan shuning uchun ham yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi kuzatilmaydi.
Mundarija
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi sabablari
Zamonaviy tibbiyotda yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishining asosiy sababi vaskulopatiya bilan bog’liq deb hisoblaydi, yaʼni bachadon hamda yo’ldosh orasidagi qon aylanishining buzilishi. Qon tomirlar bilan bog’liq bo’lgan kamchiliklarga ayollarda uchraydigan ayrim kasalliklar sabab bo’ladi (piyelonefrit, gipertonik kasallik, ortiqcha vazn, qandli diabet, toksikoz va gestoz holatlari).
Vaskulopatiya holatida qon tomirlar o’tkazuvchanligi oshib ketadi, qon tomir devori noziklashadi va yorilishga moyil bo’ladi, bu esa yo’ldoshda ko’plab infarktlar hamda trombozlarga sabab bo’ladi. Yo’ldosh va bachadon devoridagi bog’liqlik buzilishi retroplasentar gematomalar hosil bo’lishiga olib keladi va bu ham yo’ldoshning bachadondan ko’chishini yanada osonlashtiradi.
Yana bir nazariyaga asosan yo’ldoshning muddatidan erta ko’chishiga sabab bachadon hamda yo’ldosh o’rtasidagi bog’liqlik mustahkam bo’lmasligi ayol organizmida kechadigan surunkali yallig’lanish, degenerativ jarayonlar natijasida kelib chiqadi. Masalan, endometrit, endoservitsit, bachadon miomasi, bachadon anatomik anomaliyalari.
Yo’ldoshning erta ko’chishi ehtimolini oshiruvchi omillarga qorin sohasida jarohatlar, ko’p homilali homiladorlik, homila ichi suyuqligi hajmi ko’pligi, zararli odatlar, autoimmun kasalliklar (TQY) kabilar kiradi. Ayrim holatlarda yo’ldosh erta ko’chishiga homilador ayol qabul qiladigan dori preparatlar ham sabab bo’ladi.
Yo’ldoshning erta ko’chishi turlari
Yo’ldoshning bachadonga yopishgan sohasining ko’chishiga qarab total (to’liq) yoki qisman ko’chish farqlanadi. Total yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi homila va ona organizmi o’rtasida gaz almashinuvi buzilishi natijasida homilaning o’limi bilan yakunlanadi. Yo’ldoshning qisman ko’chishi progressiyalanuvchi yoki progressiyalanmaydigan bo’lishi mumkin.
Progressiyalanmaydigan yo’ldosh ko’chishida bachadondan ajralgan yo’ldosh o’rtasida gematoma hosil bo’ladi va yo’ldosh ham homila ham saqlanib qoladi. Progressiyalanuvchi yo’ldosh ko’chishida esa gematoma o’lchami kattalashadi, yo’ldoshning ko’chishi davom etadi va homiladorlik tabiiy ravishda to’xtashi mumkin.
Yo’ldoshning ko’chish qismiga qarab periferik va markaziy bo’lishi mumkin. Markaziy yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishida tashqi qon ketish kuzatilmaydi. Periferik yo’ldosh ko’chishida esa tashqi jinsiy yo’llardan qon ketishini kuzatish mumkin.
Ichki qon ketish natijasida qon miometriy qavatiga kirib boradi, natijada bachadon nerv-mushak tizimida bog’lanish uziladi, bu esa bachadon mushaklari tonusi yo’qolishiga sabab bo’ladi. Og’ir holatlarda qon homila ichi suyuqligi yoki qorin bo’shlig’iga ketib qolishi mumkin.
Yo’ldosh erta ko’chishi simptomlari
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishida kuchli og’riq, qon ketishi, bachadonning zo’riqishi, homila gipoksiyasi va yurak tizimida muammolar kelib chiqishi kabi simptomlar kuzatiladi. Qon ketishi tashqi yoki aralash (tashqi va ichki) bo’lishi mumkin. Qon rangi to’q qizili rangda yoki yangi qon qizg’ish rangda bo’ladi. Ketgan qon hajmini aniqlash biroz murakkab, ayolning umumiy ahvoli puls, arterial bosimi, Hb ko’rsatkichi va boshqalar yordamida ketgan qon hajmi belgilanadi.
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishida hamma vaqt kuchli og’riq va bachadon mushaklarining zo’riqishi kuzatiladi. Og’riq to’mtoq , xurujsimon, bel, son yoki oyoqning oldingi yuzasiga tarqaluvchi, mahalliy yoki tarqoq bo’lishi mumkin. Palpatsiya qilib ko’rilganda bachadon devori qattiqlashgan va kuchli qo’zg’algan holatda aniqlanadi.
Yo’ldoshning muddatidan erta ko’chishida homila hayot ko’rsatkichi ko’chib ketgan yo’ldoshning maydoniga bog’liq, masalan yo’ldoshning ¼ qismi ko’chsa homilada gipoksiya, 1/3 qismi ko’chsa og’ir darajali gipoksiya, ½ qismi ko’chadigan bo’lsa homilaning nobud bo’lishi kuzatiladi.
Klinik kechishi bo’yicha yengil, o’rta va og’ir darajada yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi farqlanadi. Yengil darajada yo’ldoshning ko’chishi deyarli hech qanday belgilar namoyon etmaydi, patologik holat rejali ravishda olib boriladigan UTT tekshiruvida yoki tug’ruqdan so’ng yo’ldoshni ko’zdan kechirganda aniqlanadi.
O’rta darajada qorinda kuchsiz og’riq, jinsiy yo’llardan kam miqdorda qon kelishi bilan namoyon bo’ladi. Palpatsiyada bachadon sohasida og’riq hamda bachadon devorining qattiqlashganligi aniqlanadi. Auskultatsiyada homila yurak qon aylanish doirasida muammo borligi aniqlanadi, bu esa gipoksiyadan darak beradi.
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi og’ir darajasida qorinda to’satdan kuchli og’riq paydo bo’ladi, umumiy holsizlik, bosh aylanishi, baʼzida hushdan ketish, teri rangparligi, taxikardiya va qon bosimining pasayishi ro’y beradi. Jinsiy yo’llardan to’q rangli qon keladi. Bachadonning qattiqlashuvi va assimetriyasi kuzatiladi. Homila yurak urishi auskultatsiyada aniqlanmaydi.
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishini aniqlash
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishini aniqlashda og’riq sindromi, qon ketishi, gemodinamikadagi o’zgarishlar, homilaning gipoksik o’zgarishi kabi holatlar inobatga olinadi. Ginekologik tekshiruvda bachadon gipertonusi, assimetriyasi va og’riqli sohalari aniqlanadi. UTT tekshiruvida esa yo’ldoshning ko’chgan qismi aniq ko’rinadi. Bachadon yo’ldosh qon aylanishi doplerografiyasida trasplantar gemodinamika buzilishi qayd etiladi. Homilada gipoksiya darajasini aniqlash uchun kardiotokografiya yoki fonokardiografiya tekshiruvi o’tkaziladi.
Yo’ldosh ko’chishi holatini davolash
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishida tibbiy yordam ko’rsatish uchun qon ketishi, homilador ayolning umumiy ahvoli va homilaning hayotiy ko’rsatkichlarini aniqlab olish zarur. Yo’ldosh ko’chish ehtimoli bo’lgan ayollar ginekologiya bo’limiga qabul qilinadi.
Yo’ldoshning qisman, progressiyalanmaydigan ko’chishida (homila yoshi 36 haftalik bo’lsa) yotoq tartibi, spazmolitik preparatlar, qon ko’paytiruvchi vositalar buyuriladi. Davo muolajalari davomida koagulogramma, UTT dinamikada tekshiruv va doplerografiya tekshiruvidan o’tib turish talab etiladi. Progressiyalanuvchi yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi qayd etiladigan bo’lsa, muddatidan avval tug’ruq jarayoni o’tkazish rejalashtiriladi, bunda jinsiy yo’llar amniotomiya usulida tug’ruqqa tayyorlanadi.
O’rta va og’ir darajadagi yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishida operativ usul bilan tug’ruq amaliyoti bajariladi. Bunday holatda kesarcha kesish amaliyoti homiladorlik muddati va homilaning yashovchanlik qobiliyatidan qatʼiy nazar amalga oshiriladi. Operatsiya yo’li bilan yo’ldosh to’liq ajratib olingach bachadonning umumiy ahvoli ko’zdan kechiriladi, agar jiddiy o’zgarishlar kuzatiladigan bo’lsa gisterektomiyaga ko’rsatma bo’ladi.
Har qanday holatda ham bemorga qon ko’paytiruvchi preparatlar, shokka qarshi chora tadbirlar, anemiyani bartaraf etish va qon ivishini normallashtirish uchun invuzion va transfuzion terapiya olib boriladi. Tug’ruqdan keyingi qon ketishlarni oldini olish maqsadida uterotonik preparatlar buyuriladi (oksitosin, prostaglandin, metilergometrin).
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi oqibati va profilaktikasi
Yengil darajadagi progressiyalanmaydigan yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi oqibati ijobiy. O’rta va og’ir darajadagi yo’ldoshning muddatidan avval ko’chishi homilador ayol va homila hayotiga xavf tug’diradi. Og’ir holatlarda homila ona qornida nobud bo’lishi mumkin. Ayol uchun esa eng xavfli holat bu shok va DVS sindromi rivojlanishidir.
Yo’ldoshning muddatidan avval ko’chmasligi uchun ayoldagi umumiy va ginekologik kasalliklarni o’z vaqtida davolash, toksikoz holatlarini bartaraf etish kerak bo’ladi.
Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu - Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.
Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.