Tuxumdon yalligʻlanishi yoxud ooforit qanday kasallik?

Tuxumdon yalligʻlanishi (ooforit) – bir juft boʻlgan ayollar jinsiy bezlarining yalligʻlanishi. Bir tomonlama yoki ikki tomonlama boʻlishi mumkin. Koʻpincha bachadon naychasining yalligʻlanishi bilan kechadi. Oʻtkir kechuvida qorinning pastki sohalarida ogʻriq, tana haroratining koʻtarilishi, dizuriya belgilari bilan kechadi. kasallikning surunkali shaklida esa ogʻriq sindromi va hayz siklning buzilishi (metrorragiya) belgilari namoyon boʻladi.

Tuxumdonlarda yiring toʻplanib qolishi pelvioperitonitga, ayrim hollarda tuxumdonlar funksiyasining buzilishi natijasida ikkilamchi bepushtlikka sabab boʻladi. Kasallik diagnostikasida ginekologik tekshiruv, UTT (UZI), gisterosalpingoskopiya, bakteriologik tekshiruv hamda koʻrsatma boʻyicha laproskopik usul oʻtkaziladi.

Tuxumdon yalligʻlanishi

Ooforit – tuxumdonlar yalligʻlanishi

Tuxumdonlar yalligʻlanishi ayol jinsiy aʼzolariga jiddiy xavf tugʻdiruvchi kasallik hisoblanadi. Ooforit (oophoron-tuxumdon) – bu juft boʻlgan ayollar jinsiy bezlari tuxumdonlarning yalligʻlanishidir, kasallik koʻpincha bachadon nayi yalligʻlanishi bilan birga kechadi – salpingit. Bir taraflama ooforitda faqatgina bir tuxum bezi, ikki taraflama ooforitda esa har ikkala tuxumdonlar yalligʻlanadi. Tuxumdonlar va bachadon nayining bir vaqtda yalligʻlanishi – salpingooforit deb nomlanadi (yoki adneksit).

Tuxumdon yalligʻlanishi sabablari

Tuxumdonlar yalligʻlanishi spetsifik koʻrinishda boʻlishi ham mumkin – uning qoʻzgʻatuvchilari gonoreya, trixomoniaza, xlamidioza, mikoplazmaza, tuberkulez boʻlishi mumkin. Nospetsifik kasallik qoʻzgʻatuvchilar esa shartli patogen mikroflora (ichak tayoqchasi, stafilokokk, kandida, streptokokk va boshqalar) boʻlib hisoblanadi. Tuxumdonlar yalligʻlanishida sovuq qotish, hayz koʻrish, tugʻruq jarayoni, homiladorlikning jarrohlik yoʻli bilan toʻxtatilishi, bachadon ichi spiralidan foydalanish, jinsiy aʼzolarda turli xil amaliyotlar bajarilishi (diagnostika maqsadida) ning oʻrni katta. 

Koʻpincha tuxumdonlar yalligʻlanishi ikkilamchi boʻladi, yaʼni infeksion omilning servikal kanal, bachadon, bachadon nayidan koʻtarilishi natijasida. Kam hollarda infeksion qoʻzgʻatuvchi qon yoki limfa oqimi orqali jinsiy aʼzolarni zararlaydi (masalan, tuberkulyozda).

Tuxumdonlar yalligʻlanishida infeksiya bachadon boʻshligʻida sekin astalik bilan bachadon naylariga oʻta boshlaydi, avvaliga shilliq qavat, soʻngra mushak qavati va seroz qavati zararlanadi. Bachadon nayi qalinlashadi, uzayadi, yalligʻlanish yiringli tus oladi va nay ichida spaykalar shakllanishiga olib keladi. 

Keyinchalik yalligʻlanish jarayoni tuxumdonlarga koʻchadi, yiring taʼsirida tuxumdon toʻqimalari butunligi buziladi. Bachadon nayi va tuxumdonlar orasida spaykalar hosil boʻladi, shu sababli kasallik koʻpincha salpingooforti koʻrinishida kechadi.

Baʼzida tuxumdonlar yalligʻlanishi atrof toʻqimalarga ham tarqalishi mumkin (periadneksit). Yalligʻlanganda ekssudat rangi shaffof boʻlib, bachadon nayida (gidrosalpinks) yoki yiringli (piosalpinks) koʻrinishda toʻplanishi mumkin, tuhumdonlarda yiring toʻplanishi piovar hosil boʻlishiga olib keladi. Kasallik davolanmasa, infeksion jarayon kichik chanoq va qorin boʻshligʻiga tarqaladi va pelvioperitonit kelib chiqadi.

Tuxumdonlar yalligʻlanishi belgilari

Tuxumdonlar yalligʻlanishi kechishi boʻyicha – oʻtkir, oʻtkir osti va surunkali koʻrinishda kechishi mumkin, ularning barchasida oʻziga xos jihatlari mavjud.

Tuxumdonlarning oʻtkir yalligʻlanishida quyidagi belgilar yuzaga chiqishi mumkin:

  • Doimiy bir yoki ikki taraflama kuchli ogʻriq, ogʻriqning qorin pastki sohalarida paydo boʻlib, bel va dumba sohasiga tarqalishi;
  • Peshob ajralishida kuchli ogʻriq hissi;
  • Baʼzida jinsiy aʼzolardan yiringli va seroz ajralmalar kelishi;
  • Tana haroratining koʻtarilishi, umumiy holsizlik;
  • Jinsiy aloqa vaqtida kuchli ogʻriq hissi;
  • Hayz koʻrish orasida qonli ajralmalar kelishi.

Ginekologik tekshiruvda tuxumdonlar kattalashgan va ogʻriqli boʻladi. Tuxumdonlarning oʻtkir yalligʻlanishida bemorlar albatta shifoxonaga yotishlari kerak va statsionar sharoitda davolanishlari lozim.

Kasallikning oʻtkir osti koʻrinishi kam uchraydi, odatda tuberkulyoz yoki mikoz infeksiyalar chaqiradi. Kasallikning oʻtkir va oʻtkir osti shakli toʻliq davolanmasa kasallikning surunkali koʻrinishi shakllanadi.

Ooforitning surunkali kechuvida xuruj vaqtida quyidagi belgilar namoyon boʻlishi mumkin:

  • Kuchsiz ogʻriq, qorinning pastki sohasida, qinda, chov sohasidagi ogʻriqning hayz koʻrish vaqtida kuchayishi kuzatiladi;
  • Tuxumdonlar funksiyasining buzilishi, hayz siklining oʻzgarishi;
  • Qindan doimiy ajralmalar kelishi;
  • Jinsiy faollikning susayishi, jinsiy aloqa vaqtida ogʻriq hissi;
  • Jinsiy zaiflik sababli bepushtlik kelib chiqishi.

Ginekologik koʻruv vaqtida tuxumdonlar kattalashgan boʻladi. Kasallikning surunkali koʻrinishida ayol Kishida nevro-psixik oʻzgarishlar ham rivojlanadi: ayol qoʻzgʻaluvchan boʻlib qoladi, uyqu buzilishi, mehnat faoliyatining pasayishi va tez charchab qolish.

Surunkali ooforit oʻtkir kechuvisiz ham rivojlanishi mumkin. Koʻpgina jinsiy yoʻl bilan yuquvchi kasalliklar (masalan gonoreya) belgilarsiz rivojlanadi, bunda tuxumdonlar yalligʻlanadi lekin simptomlar yuzaga chiqmaydi va surunkali koʻrinishga oʻtib ketadi. Bunday jarayonning uzoq davom etishi natijasida bachadon naylarida spaykalar shakllanadi va bu esa ikkilamchi bepushtlikka sabab boʻladi.

Tuxumdonlarning yalligʻlanishi asoratlari ayol kishi reproduktiv aʼzolari funksiyasiga jiddiy zarar yetkazadi: hayz siklining buzilishi va tuxumdonlar funksiyasining pasayishi, spaykali jarayonlar, bachadon naylari tutilishi, bachadondan tashqari homiladorlik, tabiiy abort, bepushtlik, jinsiy hayotning buzilishi, yalligʻlanish jarayonining boshqa aʼzolarga tarqalishi (piyelonefrit, sistit, kolit).

Tuxumdon yalligʻlanishi diagnostikasi

Tuxumdonlar yalligʻlanishining oʻtkir koʻrinishi oʻtkir qorin simptomini yuzaga keltiradi. Bu kabi simptom appenditsit, bachadondan tashqari homiladorlik, endometrioz, tuxumdon kistasi, peritonit va boshqalarda ham kuzatilishi mumkin. Shu sababli ooforit diagnostikasi biroz qiyinchilik tugʻdiradi.

Tuxumdonlar yalligʻlanishini tashxislash quyidagi usullar yordamida amalga oshiriladi:

  • Ginekologik anamnez yigʻish (avval oʻtkazilgan yalligʻlanish kasalliklari, jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infeksiyalar, abortlar soni, tugʻruq kechishi, bachadonda diagnostika maqsadida oʻtkazilgan amaliyotlar);
  • Hozirgi holatda bemorning shikoyatlari: ogʻriq xarakteri va joylashuvi, qindan keladigan ajralmalar, sovuq qotish va umumiy ahvol haqida maʼlumotlar toʻplash;
  • Laborator analizlar – tuxumdonlar yalligʻlanishida leykotsitlar soni oshishi, peshob analizida ham leykotsitlar aniqlanishi. Qindan olingan surtma bakteriologik tekshiruvi;
  • Ginekologik tekshiruvlar – tuxumdonlar oʻlchami, ogʻriqliligi, bachadon naylari harakatchanligi buzilishi;
  • Kichik chanoq aʼzolari UTT (UZI) tekshiruvi;
  • PSR, IFA, RIF usullari yordamida yashirin infeksiyani aniqlash;
  • Gisterosalpingoskopiya – bachadon nayidagi anatomik oʻzgarishlar.

Laproskopiya – tuxumdonlar yalligʻlanishida eng aniq maʼlumotlarni beruvchi usul hisoblanadi (bachadon, bachadon nayi, tuxumdonlar holatini vizual koʻrish imkonini beradi). Laproskopiyaga koʻrsatma uzoq muddat homilador boʻla olmaslik, qorinning pastki sohasida uzoq vaqt davom etuvchi ogʻriqlar, davo muolajalari oʻtkazilsa ham tuzalmaydigan tuxumdon yalligʻlanishi boʻlib hisoblanadi. Surunkali oofortida laproskopiya yordamida bachadon naylari oʻtkazuvchanligi, spaykalar, hosil boʻlgan yiring aniqlanishi mumkin. Kichik chanoq boʻshligʻidagi oʻzgarishlar kasallikning surunkali kechuvida rivojlanadi.

Tuxumdonlar yalligʻlanishi davosi

Tuxumdonlarning yalligʻlanishini davolash uchun avvalo aniq tashxis qoʻyish kerak boʻladi. Kasallikni davolashda uning ogʻirlik darajasi va kechishi inobatga olinadi (oʻtkir, oʻtkir osti va surunkali).

Oʻtkir tuxumdonlar yalligʻlanishi statsionar sharoitda davolanadi: yotoq tartibi, ogʻriq qoldiruvchi vositalar, antibiotiklar, kalsiy preparatlari va umumiy quvvatni oshiruvchi vositalar buyuriladi. Oʻtkir osti kechuvida davo muolajalariga fizioterapiya ham qoʻshiladi. Surunkali kechuvida esa fizioterapevtik va balneoterapiya muolajalari qoʻllaniladi.

Kasallikning surunkali shakli va oʻz vaqtida davolanmasligi uzoqroq va qiyinroq davolanadi. Koʻpincha kasallik asoratlanadi va jarrohlik amaliyotini talab etadi (ooforektomiya, adneksektomiya). Ooforit tashxisi qoʻyilgach va uning qoʻzgʻatuvchisi aniqlangach har bir ayol uchun individual tarzda davo muolajalari buyuriladi. 

Medikomentoz davo nomedikomentoz davo bilan toʻldiriladi. Nomedikomentoz davoda iloji boricha antibiotik prepratlarni qoʻllamaslikka harakat qilinadi. Antibiotiklar qindan olingan surtma bakteriologik tekshiruvidan keyin va qoʻzgʻatuvchining antibiotiklarga sezuvchanligi aniqlangach buyuriladi.

Kasallikning surunkali koʻrinishida antibiotiklar quyidagi holatlarda qoʻllaniladi:

  • Kasallikning xuruj qilishida belgilar kuchli namoyon boʻlsa va yalligʻlanish jarayoni kechayotgan boʻlsa;
  • Antibiotiklar kasallikning oʻtkir va oʻtkir osti koʻrinishlarida qoʻllanilmagan boʻlsa;
  • Fizioterapiya va nomedikomentoz davo muolajalarining samarasi boʻlmasa.

Surunkali ooforit davosidan asosiy maqsad – yalligʻlanish jarayonini toʻxtatish, mikroblarga qarshi kurashish, ogʻriqni kamaytirish, immunitetni ragʻbatlash, jinsiy aʼzolar funksiyasini taʼminlash, gormonal va nerv tizimidagi oʻzgarishlarni bartaraf etishdir.

Fizioterapevtik muolajalardan – magnitoterapiya, elektroforez va lazeroterapiya usullari qoʻllaniladi. Tuxumdonlar yalligʻlanishini kamaytirish uchun loydagi muolajalar, girudoterapiya va ginekologik massaj buyuriladi. Ogʻriq qoldirish maqsadida igna bilan davolash muolajalari oʻtkaziladi.

Ooforit kasalligini davolash uzoq muddat talab etadi. Kasallikni davolashda koʻpgina xalq tabobati muolajalari ham mavjud. Davolanish vaqtida jinsiy aloqaga kirish tavsiya etilmaydi.

Kasallik profilaktikasida sovuq qotmaslik, stress holatlariga tushmaslik, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish va immunitetni mustahkamlash uchun toʻgʻri ovqatlanish tartibiga rioya etish zarur. Bundan tashqari ayl kishi yil davomida kamida 2-marta ginekolog tekshiruvidan oʻtib turishi lozim. Kasallikni toʻgʻri tashxislash va davolash oqibati ijobiydir.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Homiladorlikni rejalashtirish » Ayol kasalliklari » Tuxumdon yalligʻlanishi yoxud ooforit qanday kasallik?


Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan