Sunʼiy urugʻlantirish — turlari, koʻrsatmalar, qanday amalga oshirilishi va samaradorligi

Sunʼiy urugʻlantirish – tabiiy yoʻl bilan farzand koʻra olish qobiliyati buzilgan yoki umuman yoʻqolgan oilalarda oʻtkaziladigan reproduktiv texnologiyalarning eng zamonaviy koʻrinishidir. Bu texnologiyaning asosida jinsiy aloqadan foydalanmagan holda erkak spermatozoidlarini ayol reproduktiv aʼzolariga yoʻnaltirish yoki joylash yotadi.

EKO usulida tuxum hujayrani urugʻlantirish invitro sharoitida oʻtkaziladi, yaʼni “probirkada”, sunʼiy urugʻlantirish esa erkakdan olingan sperma suyuqligini bachadon boʻyniga yoki bachadon boʻshligʻiga joylashtiriladi.

Ilk sunʼiy urugʻlantirish italyan olimlar tomonidan XVIII asr oxirlarida amalga oshirilgan, bunda ular itlarda tajriba oʻtkazib koʻrishgan. Bu usul oʻtgan asrning 50-60 yillarida keng tarqalib ketdi.

Sunʼiy urugʻlantirish

Sunʼiy urugʻlantirish shartlari

Sunʼiy urugʻlantirish amaliyoti ovulyatsiya davrigacha boʻlgan vaqtda oʻtkziladi. Bunda sunʼiy urugʻlantirish kutilayotgan ovulyatsiya jarayonidan bir sutka oldin, ovulyatsiya vaqtida va tuxum hujayradan follikula chiqqan vaqtda bajariladi.

Koʻpincha sunʼiy urugʻlantirish ovulyatsiya jarayonini ragʻbatlagan holda amalga oshiriladi, yaʼni follikulstimullovchi yoki antiestrogen gormonlar buyuriladi. Sunʼiy urugʻlantirish uchun olingan sperma maxsus qayta ishlovdan oʻtkaziladi, bundan maqsad koʻproq faol boʻlgan va yashovchan spermatozoidlarni tanlab olishdir.

Sunʼiy urugʻlantirishga koʻrsatmalar

Sunʼiy urugʻlantirish quyidagi holatlarda oʻtkaziladi:

  • Vaginizm;
  • Bachadon boʻyni yalligʻlanishi;
  • Erkak kishida erektil disfunksiyalar;
  • Bachadon boʻyni funksional deformatsiyasi;
  • Bachadondagi nuqsonlar;
  • Immunologik bepushtlik (spermatozoidlarni nobud qiluvchi antitelolar ayol organizmi tomonidan ishlab chiqariladi);
  • Gipoestrogeniya (bachadon boʻyni shilligʻining quyuqlashuvi, buning natijasida spermatozoidlarning bachadon boʻshligʻiga oʻta olmasligi);
  • Idiopatik kasalliklar;
  • Azoospermiya;
  • Subfertil sperma;
  • Juftlarning birida OIV-infeksiyasi boʻlishi;
  • Rezus konflikt holatida (dunyoga keladigan farzandda rezus mos kelmaslikning oldini olish maqsadida).

Sunʼiy urugʻlantirish oʻtkazishga qarshi koʻrsatmalar

  • Ayoldagi somatik, ruhiy kasalliklar va bu kasalliklarning homilador boʻlishga toʻsqinlik qilsa;
  • Bachadon rivojlanish nuqsonlari;
  • Tuxumdonlar kistasi va oʻsmasi;
  • Har qanday yomon sifatli oʻsmalar;
  • Oʻtkir yoki surunkali infeksion kasalliklarning xuruj qilishi;
  • Follopiy naychalarining berkilishi;
  • Adenomioz ogʻir darajasi;
  • Bachadon nayi boʻlmasligi yoki spaykalar;
  • Akinospermiya (spermatozoidlar harakatsizligi, bunda EKO amaliyoti oʻtkazilishi mumkin).

Tayyorgarlik

Homiladorlikni rejalashtirayotgan oilada sunʼiy urugʻlantirish amaliyoti oʻtkazilishi uchun ayol kishi ham erkak kishi ham maʼlum bir tayyorgarlikdan oʻtishlari kerak boʻladi (immunitetni koʻtarish, sogʻlom turmush tarziga rioya etish, toʻgʻri ovqatlanish ratsionini tuzish, vitaminlar qabul qilish va boshqalar). Sunʼiy urugʻlantirishga tayyorgarlik bosqichlari mutaxassislar maslahati, instrumental va laborator tekshiruvlar hamda sperma qayta ishlovidan iborat.

Kerak boʻladigan mutaxassislar

Homiladorlikni rejalashtirayotgan oilada juftlar quyidagi mutaxassislar koʻrigidan oʻtishlari kerak:

  • Terapevt – surunkali kasalliklarni davolash maqsadida;
  • Ginekolog – ginekologik patologiyalarni aniqlash maqsadida;
  • Androlog – erkak kishi tomonidan oʻzgarishlarni aniqlash maqsadida;
  • Urolog – urologik tizimda kasalliklarni istisno qilish maqsadida;
  • Mammolog – koʻkrak sut bezidagi muammolarni aniqlash uchun;
  • Endokrinolog – endokrinologik oʻzgarishlarni aniqlash maqsadida;

Bundan tashqari kardiolog, onkolog va boshqa mutaxassislar tekshiruvlaridan oʻtish kerak boʻladi.

Qoʻshimcha tekshiruvlar

Bu tekshiruvlardan juftlarning har ikkisi ham oʻtishi kerak.

  • Umumiy qon tahlili, umumiy peshob tahlili;
  • Qon biokimyoviy tekshiruvi;
  • Qon ivish xossasi;
  • Jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infeksiyalarni istisno qilish;
  • Zahm, OIV-infeskiyasi, gepatit B,C tekshiruvi;
  • Rezus omil, qon guruhi;
  • Spermogramma;
  • Sut bezlari va ginekologik UTT (UZI) tekshiruvi;
  • Flyuorografiya, EKG;
  • Jinsiy gormonlar faolligi;
  • Gisterosalpingografiya (bachadon naylari oʻtkazuvchanligini aniqlash maqsadida).

Spermani tayyorlash

Spermani qayta ishlash usullari:

«Suzuvchi» usuli. Eyakulat tozolovchi muhitga aralashtiriladi, bunda faol va harakatchan spermatozoidlar yuzaga harakatlanib chiqadi. Bu usul bajarilishi uchun 2 soat sarflanadi.

Yuvish usuli. Eng oddiy usullardan biri hisoblanadi. Biologik materialning suyuq qismini chiqarib tashlash, qolgan qismi esa antibiotiklar va pentoksifillin muhitiga aralashtiriladi. Soʻngra choʻkma sentrafugadan oʻtkaziladi, qayta yuviladi va yana sentrafugadan oʻtkaziladi. Usul 60 daqiqa davom etadi.

Sentrafugalash. Olingan biomaterial yuviladi va leykotsitlar, bakteriyalar, faol boʻlmagan spermatozoidlardan ajratiladi, soʻngra ikki marta sentrafugadan oʻtkaziladi, natijada zich boʻlgan modda hosil boʻladi. Usul 60 daqiqa davom etadi.

Spermani filtrlash. Yuvilgan va sentrafugandan oʻtgan sperma oynali tolalardan oʻtkaziladi va filtrlanadi.

Sunʼiy urugʻlantirish turlari

Sunʼiy urugʻlantirishning 2 xil turi mavjud:

Gomologik usul

Gomologik usul yoki oʻz turmush oʻrtogʻi spermasidan foydalanish. Yangi olingan mahsulot yoki kriokonservatsiyadan soʻng sperma biomaterialidan foydalanish mumkin. Spermatozoidlarni muzlagan holda saqlab qoʻyish sterillangandan soʻng amalga oshiriladi, bunda sitostatiklar yoki nur terapiyasi qoʻllaniladi.

Geterologik usul

Geterologik usul yoki donor spermadan foydalanish. Oilada erkak kishi roziligi bilan amalga oshiriladi (azoospermiya, oligostenospermiya va boshqa omillar boʻlganda). Oʻz jufti va donor spermalarini aralashtirish mumkin emas, bu donor sperma sifatini oʻzgartiradi. Usulni oʻtkazishdan avval oʻz turmush oʻrtogʻi spermasini bachadon yoki bachadon kanaliga joylashtirib tekshirib koʻriladi, agar natija kutilgandek boʻlmasa donorlik spermadan foydalaniladi.

Sunʼiy urugʻlantirish texnikasi boʻyicha quyidagilarga boʻlinadi:

  • Bachadon boʻyniga spermani joylash. Eng oddiy usul hisoblanadi, spermatozoidlar servikal kanalga joylashtiriladi.
  • Bachadon ichiga spermani joylash. Biomaterial bachadon boʻshligʻiga joylashtiriladi.
  • Bachadon nayiga spermani joylash. Spermani ovulyatsiya jarayoni kechayotgan tuxumdon tomonidagi bachadon nayiga joylashtiriladi. Bu usul natijasi bachadon boʻshligʻiga spermani joylash bilan bir xil.
  • Bachadon ichi intraperitoneal urugʻlantirish. Spermalar faolligini oshiruvchi, qayta ishlovdan oʻtgan biomaterial bachadon boʻshligʻiga bosim ostida yuboriladi. Natijada jinsiy hujayralar bachadon nayidan oʻtadi va yetilgan follikulani urugʻlantiradi. Idiopatik bepushtlik yoki bachadon ichi urugʻlantirilishi usullari samarasi boʻlmaganda oʻtkaziladi.

Sunʼiy urugʻlantirish qanday amalga oshiriladi?

Har ikkala juft aʼzolari belgilangan vaqtda shifoxonaga keladi. Erkak kishidan eyakulat olinadi va uni qayta ishlovdan oʻtkaziladi, ayol esa tuxumdon UTT (UZI) tekshiruvidan oʻtadi, bunda ovulyatsiya jarayoni tasdiqlanishi kerak boʻladi. Amaliyot ambulator sharoitda bajariladi.

Sunʼiy urugʻlantirish deyarli ogʻriqsiz jarayon, biroz diskomfort tugʻdirishi mumkin xalos. Bemor ginekologik stolga yotqiziladi, biomaterial maxsus shpritsga olinadi, shpritsga maxsus toʻmtoq moslama biriktiriladi (bachadon boʻyni urugʻlantirilishi) yoki plastik kateter ulanadi (bachadon boʻshligʻi urugʻlanishi).

Qinga koʻzgu joylashtirilib sperma yuboriladi. Bachadon boʻyniga sperma kiritilgandan soʻng servikal qopqoqcha joylashtiriladi, bu qalpoqcha spermani chiqib ketmasligini taʼminlaydi. Bemor ayol 45-60 daqiqa davomida gorizontal holatda yotadi va soʻngra oʻz uyiga ketishi mumkin.

Jarayonni qadamma-qadam olib borilishi

Sunʼiy urugʻlantirish amaliyoti oʻtkazilishiga bir hafta oldin tayyorgarlik boshlanadi. Erkaklar issiq saunalarga bormasligi, sovuq qotmasligi, stress holatlari va jismoniy zoʻriqishlardan saqlanishi kerak. Sperma topshirish uchun erkak kishi kamida 3 kun jinsiy aloqadan saqlanishi kerak. Bundan tashqari erkak kishi spirtli ichimlik ichish, tamaki mahsulotlarini chekish mumkin emas. Amaliyotdan 1-1,5 soat avvalroq erkak kishi sunʼiy yoʻl bilan oʻz spermalarini toʻkadi.

Ayol kishi ham spirtli ichimliklar ichmasligi va tamaki mahsulotlari chekmasligi zarur, hamda jinsiy aloqadan kamida 3-5 sutka davomida saqlanishi kerak.

Sunʼiy urugʻlantirish oʻtkazilgandan keyingi tavsiyalar

  1. Sunʼiy urugʻlantirish oʻtkazilgan kun vanna qabul qilmaslik;
  2. Amaliyotdan soʻng kamida 3 kun jinsiy aloqaga kirishmaslik;
  3. Ogʻir yuk koʻtarmaslik va jismoniy zoʻriqishdan saqlanish;
  4. Zararli odatlardan voz kechish va dori preparatlar qabul qilishni toʻxtatish.
  5. Sunʼiy urugʻlantirish amaliyoti bajarilgandan soʻng 12-14 sutka oʻtib ayol qonida XGCH gormoni tekshiriladi, bu bilan amaliyot natijasi baholanadi.

Ehtimoliy asoratlari

Sunʼiy urugʻlantirish noinvaziv usul hisoblanadi, shu sababli asoratlar kuzatilish ehtimoli juda kam. Shunday boʻlsada, quyidagi asoratlar ham uchrashi mumkin:

Ogʻriq sindromi. Biomaterial joylashtirilgandan soʻng qorinning pastki sohasida ogʻriq boʻlishi mumkin. Bunga sabab tibbiy asbob yordamida servikal kanal kengaytirilganligidir.

Vazovagal reaksiya. Shifokorning qaltis harakatlari natijasida bachadon boʻyni shilliq qavati nerv oxirlari qoʻzgʻalishi mumkin, natijada qon tomirlar kengayadi, qon bosimi tushadi va puls tezlashadi. Bemor vertikal holatda boʻlsa qon oqimi bosh miyadan tananing pastki qismiga oqadi, buning oqibatida bemor hushidan ketishi mumkin.

Allergik reaksiyalar. Bachadon boʻshligʻiga sifatli qayta ishlovdan oʻtmagan sperma joylashtirilganda kuzatiladi. Qizil toshmalar toshishi, qon bosimi pasayishi, tremor holati kelib chiqishi mumkin. Ogʻir holatlarda anafilaktik shok kelib chiqadi.

Tuxumdonlar giperstimulyatsiyasi sindromi. Ovulyatsiyani kuchaytiruvchi preparatlarni qabul qilish natijasida kelib chiqadi. Ikki tomonlama tuxumdonlar kistasi hosil boʻlishi mumkin hamda ogʻriq sindromi kuzatiladi.

Jinsiy yoʻllarga infeksiya tushishi. Amaliyot bajarilayotgan vaqtda aseptika va antiseptika qonun qoidalariga rioya etilmaganda kuzatiladi.

Ektopik homiladorlik. Bachadon naylari torayishi, yoʻlining yopilib qolishi natijasida roʻy beradi.

Samaradorlik

Sunʼiy urugʻlantirish amaliyoti 4 martadan ortiq bajarilishi tavsiya etilmaydi. Agar amaliyot samarasi bilinmasa bepushtlikning boshqa sabablari aniqlanadi yoki EKO usuli qoʻllanilishi mumkin.Sunʼiy urugʻlantirish samaradorligi quyidagi omillarga bogʻliq:

  • Tuxumdonlarni stimullash sifati;
  • Ayol yoshi (30 yoshgacha samarali);
  • Bachadon nayi oʻtkazuvchanligi, shilliq qavat butunligi;
  • Spermaning fertilligi (yaʼni urugʻlantirish xususiyati saqlanganligi).
Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Загрузка...

Add a Comment

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *