Raxit kasalligi – kelib chiqish sabablari, bosqichlari, klinik belgilari va darajalari (1-qism)

Raxit – 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydigan patologik holat. Bu kasallikning boshqacha nomi – “angliyaliklar kasalligi”, oldingi vaqtlarda Angliya mamlakatida ko‘p uchraganligi tufayli shunday nom olgan. Raxit kelib chiqishiga sabab D vitamin yetishmasligi, D vitamini organizmda kalsiy va fosfor almashinuvida ishtirok etadigan komponentdir. Bu kasallikni o‘rganish juda ham ahamiyatlidir, chunki raxit kasalligi og‘ir ko‘rinishlarda kechishi va salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa emizikli bolalarda raxit kelib chiqish sabablari va belgilari haqida yosh onalar yaxshi ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak. Axir, onalar birinchi bo‘lib bolalaridagi simptomlarini sezishadida.

raxit kasalligi

Raxit – emizikli va 2 yoshli bolalar orasida eng keng tarqalgan kasalliklardan biri. Kasallikning rivojlanishida organizmda kalsiy va fosfor minerallari yetishmasligi yotadi. Raxitning asosiy belgisi suyak tizimi tomonidan kelib chiqadigan o‘zgarishlardir. Raxit – bu o‘sayotgan organizmda uchraydigan kasallik. Ko‘pchilik fikricha raxit faqatgina ijtimoiy turmush sharoiti past bo‘lgan bolalarda uchraydi deb o‘ylashadi. Ammo, bu xato fikr, raxit kasalligi har qanday sharoitda o‘sayotgan bolalarda uchrashi mumkin, chunki yuqorida aytib o‘tganimizdek raxit intensiv o‘suvchi organizmlarda uchraydigan kasallik.

Kasallikning rivojlanishi nima bilan bog‘liq?

Raxit kasalligida D vitamini iste’mol qilinayotgan mahsulot tarkibida yetishmaydi. Bundan tashqari, bolalar terisida bu vitaminning sintezlanishi buzilishi yoki kamayishi natijasida ham kasallik rivojlanadi. Ichki organlar tomonidan jigar va buyrakda ketayotgan moddalar almashinuvi buzilishlari hisobiga kalsiy va fosfor almashinuvi izdan chiqsa ham raxit kelib chiqadi.

Emizikli va yosh bolalarda raxit kelib chiqishi sabablari

Emizikli bolalarda raxit kelib chiqishida ularning ushbu kasallikka moyilligi muhim rol o‘ynaydi. Bunda bolakayning sog‘lig‘i va onaning hayot tarzi tomonidan yuzaga keladigan kamchiliklar ahamiyat kasb etadi.

Ona tomonidan quyidagi omillar emizikli va yosh bolalarda raxit kelib chiqishiga olib keladi:

  • Onaning yosh bo‘lishi (18 yoshdan kichik) hamda katta yoshda ona bo‘lish (35 yoshdan keyin);
  • Homiladorlikning og‘ir kechishi (toksikoz, gestoz);
  • Turli xil ichki kasalliklar (endokrin tizimi tomonidan kamchiliklar, oshqozon ichak tizimi tomonidan kamchiliklar);
  • Homiladorlik vaqtida vitamin va mikroelementlar yetishmovchiligi;
  • Kam harakatli hayot tarzi va ultrabinafsha nurlari bilan yetarlicha to‘yinmaslik;
  • Tug‘ish jarayoni asoratlari;Salbiy ekologik-ijtimoiy holatlar.
O‘QING:  Chaqaloqlarda qorin dam boʼlishi - sabablari, belgilari va bartaraf etish yoʼllari

Bola tomonidan raxitga olib keluvchi omillar:

  • Bolaning muddatidan oldin tug‘ilishi (chala tug‘ilganlik);
  • Bolakayning yil oxirida tug‘ilishi (ya’ni quyosh nuri kam bo‘lgan paytda);
  • Tug‘ilganda bolaning vazni 4 kg.dan ortiq bo‘lishi;
  • Bolaning birinchi yilida, ayniqsa uch oyligida haddan ortiq semirishi;
  • Bolani barvaqt sun’iy ovqatlantirish va sigir suti bilan boqish;
  • Ochiq havoda kam sayr qilish;
  • Bolaning kam harakatliligi, bunda faqatgina bolakayning o‘ziga xosligi emas onalarning aybi ham bor (bolalar gimnastikasi, massaj va o‘yinlar o‘ynamaslik);
  • Asab tizimining perinatal shikastlanishlari;
  • Teri va ichki a’zolar kasalliklari (jigar, buyrak va ichaklar);
  • Bolaning respirator va ichak infeksiyalari bilan tez-tez kasallanishi;
  • Ba’zi bir dori preparatlarini qabul qilish (fenobarbital, diakarb va boshq.);
  • Terining giperpigmentatsiyasi.

D vitamin yetishmasligi sababli kelib chiqqan raxitda qanday patologik holatlar kuzatiladi?

Raxit kasalligida organizmda D vitamini yetarlicha miqdorda bo‘lmaydi. Buning oqibatida ichaklarda kalsiy va fosfor elementlari so‘rilishi kamayadi. Buyraklar tomonidan fosfatlar, aminokislotalar va limon kislotasining ajralishi ko‘payadi.

D vitaminining qonda yetishmasligi tufayli qalqonoldi bezlarning funksiyasi kuchayib ketadi, ya’ni paratgormon miqdori qonda ortadi. Paratgormon esa qonda kalsiy miqdorini ta’minlab turadi. Chunki qondagi kalsiy muhim elektrolit hisoblanib, qonda uning miqdori yetarlicha miqdorda bo‘lishi kerak. Kalsiy nerv tizimi qo‘zg‘aluvchanligi, yurakning normal ishlashi, qonning ivishida ishtirok etadi. Qonda esa kalsiy normal miqdorda bo‘lishi uchun organizm kalsiyni suyaklardan oladi. Bu esa bolalarda raxit kasalligining belgisi, suyaklarning yumshashiga olib keladi.

Qo‘shimcha ravishda fosfor so‘rilishi ham buziladi, chunki fosfor kalsiy bilan bog‘langan holda so‘riladi. Buning natijasida fosfatlar buyrakdan ajralib chiqishi ko‘payadi va organizmda fosfor yetishmovchiligi kelib chiqadi. Paratgormon esa qonni fosfor bilan to‘yintirish uchun suyaklardan fosforni ola boshlaydi. Shunday mexanizm ostida bolalarning suyak tizimi tomonidan kamchiliklar kelib chiqadi.

Bolalarda raxit bosqichlari

Emizikli va yosh bolalarda raxit kasalligi kechishi bir necha bosqichlar bilan kechadi.

  • Boshlang‘ich davr. bu davr 2 haftadan 2-3 oygacha davom etadi;
  • Avj olish davri. Bu davrning davomiyligi bir necha oylarni tashkil etishi mumkin. Uning kechishi davo muddati boshlanganiga bog‘liq bo‘ladi;
  • Tuzalish davri (rekonvelesensiya). Bir necha oy davom etadi;
  • Asoratlar davri. Raxit kasalligi o‘tgandan keyin ba’zi simptomlar bir umrga qolib ketishi mumkin. Asosan bu kamchiliklar suyak-mushak tizimi tomonidan kuzatiladi.
O‘QING:  Bolalarda ich ketishi (diareya) - sabablari, turlari, klinik ko‘rinishlari, diagnostikasi va davolash usullari

Bolalarda raxit belgilari

Raxitning ilk belgilari emizikli bolalarning bir-ikki oyliklarida namoyon bo‘la boshlaydi. Uch-olti oyliklarga kelib agar davo choralari ko‘rilmasa, belgilar aniq va yaqqol yuzaga chiqadi, ya’ni klinik belgilar “gullaydi”.

Emizikli bolalarda raxitning ilk belgilari

Emizikli bolalarda raxit kasalligi belgilari quyidagilar:

  • Bolakay qo‘rqoq, qo‘zg‘aluvchan, yorug‘likka yoki baland tovushga salbiy ta’sir etadigan bo‘lib qoladi;
  • Onalar bolakaylarning uyqusi buzilganini sezadilar (bezovta uxlaydi, tez tez uyg‘onib ketadi);
  • Ko‘p terlash, ishtahaning pasayishi, teri turgorligi (elastikligi) va mushaklar tonusi pasayganligi, ich qotish alomatlari namoyon bo‘lishi;
  • Emizikli bolalarda raxitning ilk belgilaridan biri sochlarning tepa qismidan to‘kilishidir (ba’zida sog‘lom chaqaloqlarda ham bunday holat uchrab turadi);
  • Suyak tizimi tomonidan liqildoqlar cheti yumshoq va egiluvchan bo‘lib qolishi, kech bitishi;
  • Agar kasallikning erta bosqichlarida rentgenologik tekshiruv o‘tkazilsa, suyaklar tomonidan hech qanday kamchilik aniqlanmasligi mumkin. Qonning bioximik tekshiruvida kalsiyning fiziologik miqdori va fosfor miqdorining kamayishi yoki normada bo‘lishi aniqlanadi. Ishqoriy fosfotazaning qondagi miqdori ortib ketadi;
  • Siydik analizida uning tarkibida fosfatlar aniqlanadi. Raxitning maxsus tekshiruvi Sulkovich sinamasi musbat natija beradi.

Bolalarda raxitning avj olish davridagi belgilari

Raxit kasalligi avj olish davrida quyidagi simptomlar bilan kechadi:

  • Suyaklaning yumshash simptomi aniq va sezilarli daraja bo‘ladi (kalla chanog‘i bitishmalari nozik, tepa suyagi kengayishi, ularning yumshashi);
  • Suyaklar egiluvchan bo‘lib qolishi, ularga bosim berilganda, holat o‘zgarganda o‘z shaklini yo‘qotishi;
  • Raxitning belgilaridan yana biri umurtqa pog‘onasining egriliklari va qiyshayishlari;
  • Ko‘krak qafasi shaklining o‘zgarishi (qo‘ng‘iroqsimon ko‘krak qafasi, to‘sh suyagining ichkariga botib kirishi, bochkasimon ko‘krak qafasi va boshqalar.);
  • Chanoq suyagining egriliklari (yassi chanoq);
  • Oyoqlarning egriliklari: O – simon oyoq va X – simon oyoq;
  • Bolakay yurishi hisobiga oyoqlariga zo‘riqish tushishi natijasida egriliklar paydo bo‘lishi yaqqol namoyon bo‘ladi.
  • Suyaklarda bo‘rtiqlar hosil bo‘ladi: 7-10 qovurg‘alarning to‘sh suyagiga birikkan joyida “tasbehsimon” to‘sh suyagi, barmoq falangalarida “tizilgan marvarid”, naysimon suyaklar epifiz qismida “bilakuzuk” simptomlari namoyon bo‘ladi;
  • Sut tishlarining kechikib va nosimmetrik ravishda chiqishi;
  • Kalla suyagining noto‘g‘ri rivojlanishi natijasida baland “olimpiya peshonasi, do‘ng peshona” peshona suyagi kuzatilishi;
  • Juda ko‘p terlash, mushak tonusining susayishi;
  • Mushaklar tonusining pasayishi natijasida ich qotishi va qorin dam bo‘lishi, buning oqibatida qorinning “baqa qorni” ko‘rinishida bo‘lishi;
  • Bo‘g‘imlarning harakatchanligi ortishi;
  • Emotsional jihatdan bola qo‘zg‘aluvchan, nerv-psixik jihatdan ortda qolishi va respirator infeksiyalar bilan tez tez kasallanish kuzatiladi;
  • Qonning bioximik analizida kalsiy va fosfor miqdorining sezilarli darajada pastligi, ishqoriy fosfotazaning haddan ortiq ortishi;
  • Suyaklarning rentgenologik tasvirida raxitning yaqqol belgilari ya’ni suyak mineralizatsiyasining yetishmovchiligi: osteoporoz, naysimon suyaklarning o‘rta qismi kengayishi, suyak tasvirlarining xiralashganligi ko‘rinadi.
O‘QING:  Bolalarda asakridoz - sabablari, belgilari, asoratlari, tashxislash va davolash usullari

Raxitning tuzalish bosqichidagi belgilar

Raxitning tuzalish bosqichida belgilar sekin astalik bilan yo‘qoladi. Bolaning ahvoli yaxshilashadi, uning kayfiyati ko‘tarilgan, xotirjam, nerv-psixik jihatdan rivojlanishi normal holatga qaytadi. Bundan tashqari, bolakaylarni ich qotishi qiynamaydi, mushaklar tonusi tiklanadi, ko‘p terlash o‘tib ketadi, uyqu ham normallashadi. Qon analizida kalsiy va fosfor miqdori normal ko‘rsatkichlarda bo‘ladi. Suyaklarning rentgenologik tasvirida suyaklar o‘sish zonasining zichlashganligi ko‘rinadi.

Raxitning qanday belgilari bir umrga qolib ketishi mumkin?

Raxit kasalligining eng so‘ngi bosqichi, uning asoratlaridir. Bunday asoratlar bolaning 2-3 yoshidan boshlanadi va ular “qoldiq belgilar” deb nomlanadi. Insonning yoshlik paytida raxit kasalligini boshdan o‘tkazganligini quyidagi belgilar orqali bilib olish mumkin:

  • Suyaklar deformatsiyasi;
  • Yassi oyoqlik;
  • Umurtqa pog‘onasining egriliklari, skolioz;
  • Chanoq suyagining shakli o‘zgarishi;
  • Bunday bolalar tishlari kariesga beriluvchan bo‘ladi;
  • Bo‘y o‘sishda ortda qolish;
  • Ko‘ruv o‘tkirligining pasayishi (miopiya).

Raxit kasalligi darajalari va kasallikning kechishi

Emizikli bolalar va yosh bolalarda raxit kasalligi darajalari ham bor. Raxitning uchta darajasi farqlanadi: yengil, o‘rta,og‘ir. Uning darajasi kasallik belgilarining qanchalik darajada namoyon bo‘lishi bilan belgilanadi. Raxit kasalligining bolalarda kechishi bo‘yicha: o‘tkir, o‘tkir osti yoki qaytalanuvchi (retsidivlanuvchi) kechishi farqlanadi.

Raxitning o‘tkir kechishida yuzaga chiquvchi belgilar tez namoyon bo‘ladi. Bunday kechuvchi raxitning asosiy belgisi suyaklarning yumshashidir. Belgilar odatda olti oylikkacha bo‘lgan davrda yuzaga chiqadi.

Raxit kasalligining o‘tkir osti kechishida kasallik belgilari sekin astalik bilan namoyon bo‘ladi. Suyaklarda bo‘rtiqlar paydo bo‘lishi bilan kechadi. Raxit kasalligining bunday kechishi ko‘proq olti oylikdan so‘ng kuzatiladi. O‘tkir osti kechishidagi raxit o‘tkir shakliga ham o‘tishi mumkin. Bunga sabab bolalardagi qandaydir o‘tkir kasallik boshlanishidir.

Qaytalanuvchi (retsidivlanuvchi) raxit belgilari doimiy bo‘lmaydi. Bunda kasallikning tuzalish bosqichi qaytalanish, ya’ni belgilarning namoyon bo‘lish bosqichiga o‘tadi. Bunga sabab bolaning noto‘g‘ri parvarishi, uning oziqlanish turi, yondosh kasalliklar, davoning samarasizligi bo‘la oladi. Qaytalanuvchi raxitning asosiy belgisi suyaklarning normal qattiqligi tiklangan holda yana yumshab qolishidir.

Raxitning yengil darajasi

Raxit kasalligining yengil darajasida yaqqol namoyon bo‘ladigan nevrologik simptomlar yuzaga chiqadi (ko‘p yig‘lash, qo‘z’g‘aluvchanlik, uyquning buzilishi). Suyak tizimi tomonidan kuzatiladigan kamchiliklardan katta liqildoqlar chegaralarining yumshashi kelib chiqishi mumkin.

Raxitning o‘rta og‘ir darajasi

Raxit kasalligining o‘rta og‘ir darajasida suyak tizimi tomonidan o‘zgarishlar kuzatiladi. Lekin, bunday o‘zgarishlar faqatgina uch-to‘rt suyaklarda paydo bo‘ladi.

Raxitning og‘ir darajasi

Raxit kasalligining o‘gir darajasida klinik simptomlarning aniq va yaqqol namoyon bo‘lishi bilan xarakterlanadi: kalla chanog‘i suyaklarining yumshashi, egarsimon burun suyagi, suyaklarning kuchli deformatsiyasi, mushaklarning sezilarli darajadagi gipotoniyasi, nerv-psixik rivojlanishdan ortda qolish, ichki organlar kasallikka beriluvchanligi ortishi, og‘ir anemiya va boshqalar.

Ikkinchi qism: Raxit kasalligini davolash va oldini olish usullari (2-qism)


Bolangizni parvarishlashda ishonchli va foydali maʼlumotlar zarurmi? Marhamat, “Lalu — Onalar maktabi” mobil ilovasini hoziroq bepul yuklab oling.

Ilova orqali chaqaloq va bola rivojlanish kalendari, farzandingizni toʻgʻri parvarishlash boʻyicha koʻrsatmalar, bolalarda koʻp kuzatiladigan kasalliklar haqida maʼlumotlar olishingiz, emlash taqvimi va vazn/uzunlik kabi koʻrsatkichlarini nazorat qilib borishingiz mumkin.

Hoziroq bepul yuklab oling




2 Comments

Add a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan