Neonatal talvasalar (sudorgi) – sabablari, belgilari, diagnostikasi va davosi

Neonatal talvasalar – mushaklarning qisqarib-tirishish sindromi bo‘lib, bola hayotining ilk 28 kuni ichida kelib chiqadi. Tananing umumiy yoki ma’lum bir mushaklari tirishishi, vegetativ belgilar, ba’zida nafas olishning buzilishi bilan kechadi. EEG tekshiruvida epileptik o‘zgarishlar aniqlanadi va bu anamnez hamda klinik belgilar bilan birgalikda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar talvasasi diagnozini tasdiqlaydi. Davo kompleks ravishda olib boriladi. Etiotrop davoda talvasaga qarshi preparatlar buyuriladi, SO‘V (sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi) ham talab etilishi mumkin. Patologik holat oqibati ko‘pincha salbiy.

Neonatal sudorgilar

Neonatal talvasalar – yangi tug‘ilgan bolalarda epilepsiyaning simptomatik ko‘rinishi hisoblanadi. Patologiyaning uchrashi har 1000 ta yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 1-16 tasida qayd etiladi, ko‘proq o‘g‘il bolalarda yuzaga chiqadi. Bunda bolaning tug‘ilish muddati katta ahamiyatga ega, chala tug‘ilgan bolalarda sudorgilar uchrashi ko‘proq hamda patologiya og‘irroq kechadi. Neonatal talvasalar pediatriya sohasida muammoli holatlardan biridir, chunki patologiya asoratlari qaytmas bo‘lishi mumkin, ayniqsa bola hayotining 1 oyida juda xavfli. O‘lim holati 15-40 % ni tashkil etadi, yashab qolgan bolalarda nogironlik kelib chiqish ehtimoli juda yuqori. Kasallik sabablari aniq o‘rganilmagan.

Neonatal talvasalar kelib chiqish sabablari va klassifikatsiyasi

Bola dunyoga kelgan vaqtida uning bosh miyasi hali to‘liq rivojlanmagan, yangi neyronlar va neyronlar aro aloqalar shakllanishda davom etayotgan bo‘ladi. Bosh miyaning talvasalarga moyilligi aynan shu jarayonlar bilan bog‘liq. Neonatal talvasalar kelib chiqish sabablari turli-tuman. Ko‘pincha homiladorlik vaqtidagi gipoksik-ishemik perinatal ensefalopatiya natijasida patologik holat rivojlanadi. Bundan tashqari, talvasalar kelib chiqishida bosh miyaga qon quyilishiga sabab bo‘luvchi jarohatlar, bosh miya o‘smalar, homila ichi infeksiyasi va markaziy nerv tizimi rivojlanishdagi anomaliyalar ham muhim rol o‘ynaydi.

Neonatal talvasalar faqatgina nerv tizimi patologiyalarida rivojlanmaydi. Ko‘pincha sudorgilar kelib chiqishiga metobolizmdagi o‘zgarishlar ham sabab bo‘ladi. Buning asosida nasliy ayrim guruh vitaminlari, minerallar va boshqalar almashinuvining buzilishi yotadi, masalan piridoksinga bo‘lgan ehtiyoj, gipokalsiyemiya, siydikchil (mochevina) almashinuvining buzilishi, lizosomal to‘planib qolish kasalliklari. Kam hollarda neonatal talvasalar rivojlanishiga toksinlar sabab bo‘ladi, masalan narkotik moddalar qabul qiluvchi onadan tug‘ilgan chaqaloqlarda.

Patologiyaning klinik klassifikatsiyasi talvasa sindromi tipiga bog‘liq. Tonik, klonik, mioklonik va atipik sudorgilar farqlanadi. Talvasalarning klinik ko‘rinishi kasallik sababiga bog‘liq bo‘ladi, ammo bir etiologik ta’sir natijasida turli xil ko‘rinishda kechuvchi talvasalar ham yuzaga chiqishi mumkin. Birlamchi (nasliy) va simptomatik talvasalar ham farqlanadi. Faqatgina 10 % hollardagina neonatal talvasalar alohida o‘zi kechadi, qolgan 90 % holatlarda patologiya boshqa simptomlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi.

Neonatal talvasa belgilari

Ilk klinik belgilar bola dunyoga kelishi bilanoq yoki bola hayotining birinchi haftasida yuzaga chiqishi mumkin. Patologiya belgilari asosiy diagnozga bog‘liq bo‘ladi. Tonik talvasalar ko‘pincha muddatidan oldin tug‘ilgan bolalarda kelib chiqadi. Bunda bola boshi orqa tarafga tirishadi, qo‘llarini tanasiga yig‘adi, ko‘z olmasi yuqoriga harakatlanadi, ba’zida nafas olishda buzilishlar kuzatiladi. Bu kabi talvasalar bosh miyaning oldingi qismlarida o‘zgarishlar borligidan dalolat beradi, simptomlar bola hayotining birinchi kunida yoki ilk soatlarda namoyon bo‘ladi.

Tibbiyot amaliyotida ko‘pincha klonik va mioklonik talvasalar uchraydi. Bunda tanada umumiy yoki mahalliy sohalarida tirishishlar kuzatiladi. Patologik holat sababi ko‘pincha bosh miya jarohati va qon quyilishi bo‘lishi mumkin.

Mioklinik neonatal talvasalar har qanday ko‘rinishdagi sudorgi sindromlarida kuzatiladi. Kam holatlarda atipik talvasalar uchraydi, bunda ko‘z olmasining takroriy harakatlanishi, vegetativ xurujlar kelib chiqadi. Simptomlar siklik ravishda namoyon bo‘ladi. Bu kabi talvasalarga sabab bosh miya tug‘ma anomaliyalari bo‘lishi mumkin.

Neonatal talvasa (sudorgi) diagnostikasi

Diagnoz qo‘yish biroz qiyinchilik tug‘diradi. Chunki talvasalar kelib chiqishiga ko‘plab sabablar bor, hamda talvasa klinik belgilari har doim ham yetakchi o‘rinni egallamaydi. Bunda eng muhim jihati onadan yig‘iladigan anamnezdir – onadagi somatik kasalliklar, oilaviy anamnez.Bundan tashqari, pediatr onada homiladorlik va tug‘ruq jarayoni qanday kechganligi haqida ma’lumot to‘playdi, hamda homila ichi infeksiyasi, chaqaloqning tug‘ruq jarayonida olgan jarohatlari, chala tug‘ilganlik kabi holatlarga e’tiborini qaratadi.

Bosh miyadagi elektrik o‘zgarishlar EEG – tekshiruvida aniqlanadi. Ensefalogrammada past va juda yuqori to‘lqinlar aniqlanadi. Xuruj qilmagan vaqtda EEG tekshiruvida hech qanday patologik o‘zgarishlar aniqlanmaydi. Bosh miya anomaliyalari va o‘smalar kompyuter tomografiyasi va MRT da aniqlanadi. Orqa miya suyuqligi analizida homila ichi infeksiyasi, hamda qon quyilishlar qayd etilishi mumkin.

Neonatal talvasalar davosi va oqibati

Patologik sindrom davo muolajalari shifoxona reanimatsiya bo‘limida, doimiy shifokorlar nazorati ostida hamda nafas olishni rag‘batlantirish yo‘li bilan olib boriladi. Simptomatik davo sifatida talvasaga qarshi preparatlar buyuriladi. Bu kabi muolajalar o‘tkazilishi bola hayoti uchun juda muhim. Chunki talvasa xurujlari bola hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi. Bolada qancha ko‘p marta talvasa xuruj qilsa, bola organizmi uchun shuncha ko‘p zarar yetadi va kelajakda bolada asoratlar kelib chiqish xavfi ham oshib boraveradi. Bir vaqtning o‘zida etiotrop davo ham o‘tkaziladi: antibiotik va viruslarga qarshi preparatlar, jarohat va qon quyilishlarni jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etish, metabolik o‘zgarishlarda maxsus vositalar buyurish kabi chora tadbirlar.

Neonatal talvasalar oqibati ko‘pincha – salbiy. Gipokalsiyemiya bilan bog‘liq bo‘lgan talvasalar samarali davolanishi mumkin. Bosh miyadagi har qanday kasalliklar bola hayotida ijtimoiy muammolar, aqliy rivojlanishda ortda qolish va nogironlikka sabab bo‘lishi mumkin. Talvasalar bilan bog‘liq holatlarda o‘lim – bosh miya yirik jarohatlari va qon quyilishlari, rivojlanishdagi jiddiy nuqsonlar va septik asoratlarda kuzatiladi. Neonatal talvasalar kelib chiqishining oldini olish uchun ona va homiladagi asosiy kasallikni davolash kerak bo‘ladi.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Bolalar salomatligi » Bolalar kasalliklari » Neonatal talvasalar (sudorgi) – sabablari, belgilari, diagnostikasi va davosi


Loading...

One Reply to “Neonatal talvasalar (sudorgi) – sabablari, belgilari, diagnostikasi va davosi”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan