Kesarcha kesish – koʻrsatmalar, oʻtkazilish tartibi, ijobiy va salbiy jihatlari

Tugʻruq – bu tabiiy jarayon boʻlib, ayol organizmi har tomonlama bu holatga moslashgandir. Ammo, ayrim holatlarda tugʻruq jarayoni ayol yoki homila hayotiga xavf tugʻdirishi mumkin. Bunday vaziyatlarda tugʻruq operativ yoʻl bilan amalga oshiriladi yaʼni – kesarcha kesish amaliyoti oʻtkaziladi.

Kesarcha kesishga koʻrsatmalar

Kesarcha kesish amaliyoti rejali yoki shoshilinch oʻtkazilishi mumkin. Rejali kesarcha kesish amaliyoti homiladorlikni rejalashtirish vaqtida yoki homiladorlik davom etayotgan vaqtda belgilab qoʻyiladi. Shoshilinch kesarcha kesish esa tugʻruq vaqtida yoki homila hayotiga xavf tugʻilganda (homila gipoksiyasi, yoʻldoshning koʻchishi) belgilanadi va amalga oshiriladi. Kesarcha kesishga koʻrsatmalar nisbiy va absolyut boʻlishi mumkin. Absolyut koʻrsatmalar hech qanday shubhalarsiz operatsiya jarayoni oʻtkazilishi va bu shifokor tomonidan qatʼiy belgilanadi.

Absolyut koʻrsatmalar

Homilador ayolda tor chanoq boʻlsa. Ayol chanogʻining anatomik tor tuzilishi natijasida tabiiy yoʻl bilan tugʻruq amalga oshishining imkoni boʻlmaydi. Homilaning tugʻruq yoʻllaridan oʻtishida qiyinchiliklar kelib chiqadi. Bu holat homiladorlikni rejalashtirish vaqtida belgilanadi va ayol, uning oilasi bundan ogohlantiriladi, operatsiya jarayoniga ayol oʻzini tayyorlab borishi tushuntiriladi;

Homilaning tugʻruq yoʻllaridan oʻtishiga toʻsqinlik qiluvchi omillar (mexanik) – chanoq suyaklari defragmentatsiyasi, tuhumdon oʻsmalari, yoʻldoshning notoʻgʻri joylashuvi, bachadon miomasi.

Bachadon yorilish ehtimoli boʻlsa. Bu koʻrsatma bachadon avvalgi operativ amaliyot natijasida chandiqlar qolgan holatda amalga oshiriladi, masalan avvalgi tugʻruq ham kesarcha kesish yoʻli bilan amalga oshirilgan boʻlsa keyingi tugʻruq ham jarroh yoʻli bilan amalga oshishi kerak, aks holda bachadonda qolgan chandiq yirtilishi mumkin.

Yoʻldoshning muddatidan avval koʻchishi. Yoʻldoshning tugʻruq jarayoni boshlanishidan avval koʻchishi homilani kislorod va ozuqa moddalari yetishmasligiga sabab boʻladi. Bunday holat ham kesarcha kesishga absolyut koʻrsatma hisoblanadi.

Kesarcha kesishga nisbiy koʻrsatmalar

Bunday vaziyatda tabiiy yoʻl bilan tugʻish imkoniyati ham bor ammo homila yoki ona uchun xavf tugʻilish ehtimoli boʻladi. Nisbiy koʻrsatmalarga quyidagilar kiradi:

  • Onaning koʻrish oʻtkirligida muammolar boʻlsa (tugʻruq vaqtida kuchanish koʻrish oʻtkirligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi);
  • Buyraklar bilan bogʻ​liq muammolar;
  • Yurak-qon tomir kasalliklari;
  • Nerv tizimi bilan bogʻli muammolar;
  • Onkologik kasalliklar.

Bu kasalliklarning hech biri tugʻruq jarayoniga taʼsir oʻtkazmaydi, ammo ayol organizmining zoʻriqishi natijasida turli xil asoratlar kelib chiqishi xavfi yuqoridir.

Yuqoridagilardan tashqari kesarcha kesishga koʻrsatma gestoz holatidir – qon oqimi va tomirlarda kuzatiladigan muammolar.

Homila hayotiga xavf tugʻdiruvchi holatlardan yana biri ona jinsiy yoʻllaridagi infeksiyalardir. Bola tugʻruq vaqtida jinsiy yoʻllar orqali infeksiyalarni yuqtirib olishi mumkin. Shoshilinch koʻrsatma tugʻruqning sust kechuvi yoki butunlay toʻxtab qolishi ham hisoblanadi.

Kesarcha kesish

Kesarcha kesish amaliyoti qanday oʻtkaziladi?

Homiladorlikning qaysi muddatida rejali kesarcha kesish amaliyoti oʻtkaziladi?

Operatsiya oʻtkazish muddati individual tarzda homilador ayolning umumiy ahvolidan kelib chiqib belgilanadi. Agar hech qanday koʻrsatmalar boʻlmasa, operatsiya kutilayotgan tugʻruq muddati vaqtida oʻtkaziladi. Koʻpincha birinchi toʻlgʻoq boshlanishi bilan amaliyot bajariladi.

Tayyorgarlik

Odatda rejali kesarcha kesish amaliyoti oʻtkaziladigan homilador ayol shifoxonaga bir necha kun avvalroq yotqiziladi, bundan maqsad ayol bir qator tekshiruvlardan oʻtishi va operatsiyaga tayyorlanishi kerakligidir. Operatsiya vaqti koʻpincha kunning birinchi yarmiga belgilanadi, ayol kamida 18 soat davomida ovqatlanmasligi kerak.

Operatsiyadan oldin tozalovchi huqna qilinadi, tuklar tozalanadi va ayol operatsiyaga tayyor boʻladi. Jarrohlik amaliyotidan avval anesteziya qilinadi, siydik pufagiga katetr qoʻyiladi, qorin terisi antiseptik vositalar bilan qayta ishlanadi.

Kesarcha kesishda anesteziya

Hozirgi kunda anesteziyaning 2 turi mavjud: epidural anesteziya va umumiy anesteziya. Epidural anesteziyada ingicha naycha igna orqali umurtqa kanali va orqa miya pardasi oraligʻiga joylashtiriladi. Bu albatta juda qoʻrqinchli eshitilishi mumkin, ammo bemor faqatgina igna teshib kirayotgan vaqtdagi biroz noqulaylikni his etadi xolos. Soʻngra bemorda anestetik vosita yuborilgach tananing pastki qismlarida ogʻriq va taktil sezgini umuman sezmaydi.

Umumiy narkoz – bu anesteziya epidural anesteziya taʼsirini kutib turishga imkon boʻlmagan holatlarda, yaʼni shoshilinch holatlarda oʻtkaziladi. Bunda vena ichiga narkotik preparat yuboriladi, keyin intubatsiya qilinadi va bemor butunlay uyquga ketadi.

Operatsiya

Anesteziya oʻtkazilgandan soʻng operatsiya boshlanadi. Avvaliga qorin devori kesiladi. Bunda 2 xil usul mavjud: boʻylamasiga va koʻndalang kesma. Soʻngra mushaklar kesiladi va bachadon devorlari ham ochiladi. Bolani yoʻldosh pufagi yorib tortib olinadi. Yoʻldosh ham koʻchirib olinadi. Jarroh avvalo bachadon devorlarini soʻrilib ketuvchi ilar bilan tikadi (bir necha oy davomida soʻriladi), qavatma qavat qorin devori ichki tomondan tikib chiqiladi.

Choklar ustidan steril bogʻlam qoʻyiladi va muzli xalta joylashtiriladi (bu bachadon devorlari qisqarishi va qon ketishining oldini olish uchun). Odatda operatsiya 20 daqiqadan 40 daqiqagacha davom etadi, bolakay esa 10 daqiqa davomida bachadondan olib boʻlinadi.

Operatsiyadan keyingi davr

Bemor kamida 1 sutka davomida reanimatsion yoki intensiv terapiya boʻlimida kuzatuv ostida qoladi. 1 sutkadan soʻng bemor boʻlimdagi palataga koʻchiriladi. Ogʻriqni qoldirish maqsadida ogʻriq qoldiruvchi preparatlar va oshqozon ichak tizimini ragʻbatlantiruvchi vositalar buyuriladi. Infeksiya tushishini profilaktika maqsadida antibiotiklar qoʻllaniladi. 

Agar operatsiya asoratlarsiz kechgan boʻlsa, bemor palata oʻtgach 6 soatdan soʻng oʻrnidan turishi mumkin. Ayol avvaliga yonboshlab oʻtiradi va biroz joyida turadi. Bunda bemor zoʻriqmasligi kerak, zoʻriqish choklarga salbiy taʼsir etadi. Turgan vaqtda jarrohlik amaliyotidan soʻng taqiladigan maxsus bandaj taqilishi shart.

Operatsiyadan keyingi diyeta va ich kelishi

Operatsiyadan soʻng har kuni jarohat oʻrni qayta ishlanib turiladi. Bemorga gazlanmagan suv koʻproq ichish tavsiya etiladi, jarrohlik amaliyoti vaqtida yoʻqotilgan suyuqlik oʻrni toʻldirishi kerak. Operatsiyadan soʻng 2 kun oʻtgach suyuq ovqatlar isteʼmol qilish mumkin. (kasha, bulyon va shu kabilar). 

3-kundan boshlab, odatiy ratsionga rioya qilgan holda ovqatlanish mumkin. Ammo koʻpchilik ayollar operatsiyadan keyin ich qotishiga shikoyat qiladilar. Shu sababli qattiq ozuqalardan biroz saqlanib turgan maʼqul. Ich kelishini yaxshilash uchun mevalar, sut mahsulotlaridan isteʼmol qilish kerak.

Tugʻruqxonadan chiqqach

Operatsiyadan soʻng kamida 1 oy davomida dush qabul qilish, basseyn va saunalarga borish mumkin emas, shunchaki yengil choʻmilish mumkin. Faol jismoniy harakatlar 2 oydan soʻng bajarish mumkin. Jinsiy hayot 2 oydan soʻng boshlanishi mumkin, bunda kontrasepsiyani unutmaslik lozim. Qayta homiladorlikni rejalashtirish 2 yil oʻtgach amalga oshiriladi. Bu vaqt ichida ayol organizmi toʻliq tiklanib oladi.

Kesarcha kesishdan keyin tabiiy yoʻl bilan tugʻish mumkinmi?

Agar operatsiya asoratlarsiz kechgan boʻlsa, chandiqlar va choklar yaxshi bitgan boʻlsa, ayol reproduktiv aʼzolari tiklanishi qoniqarli boʻlsa, qayta kesarcha kesishga hech qanday koʻrsatma yoʻq, yaʼni tabiiy yoʻl bilan tugʻish mumkin.

Kesarcha kesishning ijobiy va salbiy jihatlari

Tugʻruqni operativ yoʻl bilan amalga oshirish tibbiy koʻrsatma yoki ayolning xohishiga koʻra amalga oshirilishi mumkin. Ammo, koʻpchilik shifokorlar tugʻruqning tabiiy yoʻl bilan amalga oshishini maʼqullaydilar.

Kesarcha kesishning ijobiy jihatlari

  • Tugʻruq vaqtida jinsiy yoʻllarda jarohatlar boʻlmasligi, yirtilish va yorilish kabi asoratlar roʻy bermaydi;
  • Operatsiya uzogʻi bilan 40 daqiqa davom etadi, tabiiy yoʻl bilan tugʻish vaqtida esa ayol kishi bir necha soatlar davomida toʻlgʻoq ogʻriqlarini his etib turadi.

Kesarcha kesishning salbiy jihatlari

  • Onalar farzandlari dunyoga kelishi bilan oʻzlariga qabul qila olmaydilar, ular xuddi farzandni “oʻzlari dunyoga keltirmagandek” hissiyotni his etadilar;
  • Jismoniy harakatlardan cheklanish va choklar oʻrnida ogʻriq boʻlishi;
  • Jarohat joyida chandiq qolishi va kosmetik deffekt.

Kesarcha kesish oqibatlari

Oqibatlar ikki xil boʻladi: onada kuzatiladigan (jarrohlik amaliyoti bilan bogʻliq) va bolada (tabiiy yoʻl bilan tugʻilmaganligi sababli).

Onadagi oqibatlar:

  • Choklar oʻrnida ogʻriq;
  • Jismoniy harakatlardan cheklanib qolish;
  • Dush qabul qila olmaslik va jinsiy aloqadan vaqtinchalik cheklanib turish;
  • Operatsiyaning onaga psixologik taʼsiri.

Boladagi oqibatlar:

  • Narkotik moddalarning narkoz vaqtida berilishi ona qonidan bolaga oʻtishi;
  • Bolaning ruhiy yetilishidagi oʻzgarishlar. Koʻpchilik onalar va olimlar izlanishlari natijasida kesarcha kesish yoʻli bilan dunyoga kelgan bolalar ruhiy jihatdan yetilishda biroz ortda qoladilar. Albatta bu nazariya oʻz isbotini topmagan va nisbiy hisoblanadi. Tabiiy yoʻl bilan tugʻilgan bolalarda jinsiy yoʻllardan oʻtayotgan vaqtda stress gormonlari koʻp ajralishi bolaning ilk nafas olishi kuchli (chinqiriq) boʻlishiga sabab boʻladi. Operativ yoʻl bilan tugʻilgan bolalarda esa bunday holat kuzatilmaydi.

Kesarcha kesish amaliyotining asoratlari

Agar kesarcha kesish amaliyoti epidural anesteziya yordamida amalga oshirilsa, epidural boʻshliqda katetr qoldiriladi. Katetrdan ogʻriq boʻlgan vaqtda ogʻriq qoldiruvchi vositalar yuborib turiladi. Bunday vaqtda ayollarning oyoqlarida harakat yoʻqoladi.

Ayrim holatlarda bemor ayollar oyoqlarini sezmaganliklari sababli kushetkada yotgan vaqtda oyoqlarini notoʻgʻri joylashib qolganligini sezmaydilar. Bu esa yumshoq toʻqimalarning uzoq muddat ezilishiga, qon oqimi buzilishi, shish paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Bundan tashqari epidural anesteziyadan soʻng bosh ogʻrigʻi va belda kuchli ogʻriqlar ham kelib chiqadi.

Eng koʻp uchraydigan asoratlardan biri bu qorin boʻshligʻida spaykalar hosil boʻlishidir. Ichak qovuzloqlari bir biriga yopishib qorin pardaning visseral varaqlariga oʻralib qoladi. Buni oddiy fizioterapiya yoʻli bilan davolash ham mumkin, ogʻir holatlarda esa qayta operatsiya qilinadi.

Endometrit. Bachadonning yalligʻlanishi. Uning oldini olish uchun antibiotiklar buyuriladi.

Qon ketishi. Bu ham kesarcha kesishning asoratlariga kiradi. Baʼzida bachadonni toʻliq olib tashlashga toʻgʻri keladi.

Kesarcha kesish yoʻli bilan farzand dunyoga keltirish tabiiy yoʻl bilan tugʻruq roʻy berishining imkoni boʻlmagan holatlarda oʻtkaziladi. Hozirgi kunda operativ amaliyot takomillashib bormoqda, hamda asoratlar ham kamaymoqda. Ammo, ayollar unutmasliklari lozim – tabiiy yoʻl bilan farzand dunyoga keltirishning oʻz gashti va xursandchiliklari bor!

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Tug‘ish » Kesarcha kesish – koʻrsatmalar, oʻtkazilish tartibi, ijobiy va salbiy jihatlari


Loading...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan