Homiladorlikda sistit – sabablari, belgilari, davolash va oldini olish choralari

Homiladorlikda sistit – siydik qopi ichki qavatining oʻtkir yoki surunkali yalligʻlanishi boʻlib, homiladorlik vaqtida huruj qiladigan patologik holat. Tez-tez siyish, kichik chanoq sohasidagi ogʻriq, siydik rangi hiralashishi, ogʻir holatlarda – subfebril tana harorati, holsizlik va umumiy intoksikatsiya belgilari bilan namoyon boʻladigan holat. Kasallik siydik umumiy tahlili va bakteriologik tekshiruv, UTT (UZI) tekshiruvi, sistoskopiya yordamida tashxislanadi. Davolashda penitsillin, sefalosporin, nitrofuran antibiotiklari va uroantiseptiklardan foydalaniladi.

Sistit ayollarda uchraydigan barcha kasalliklarning 20-25 % ini tashkil etuvchi patologik holat. Oʻtkir infeksion-yalligʻlanish jarayoni yoki surunkali kasallikning xuruj qilishi 0,3-1,3 % homilador ayollarda kuzatiladi, bunda koʻpincha belgilar yuzaga chiqmaydi va bakteriuriya bilan kechadi. Kasallik koʻpincha tartibsiz jinsiy aloqa qiluvchi, siydik chiqaruv yoʻllari tugʻma anomaliyalari, qandli diabet va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinmagan holatlarda rivojlanadi. Belgilarsiz kechadigan bakteriuriya oʻz vaqtida aniqlanishi va davolanishi kasallikni ijobiy kechuviga olib keladi.

sistit kasalligi

Homiladorlikda sistit sabablari

Siydik yoʻllarining koʻpchilik infeksion kasalliklari homiladorlik vaqtida rivojlanadi. 86 % bemorlarda kasallik qoʻzgʻatuvchisi ichak tayoqchalari hisoblanadi. Bundan tashqari sistit kelib chiqishiga Klebsiyella, stafilokokk, streptokokk, enterokokk, kandida, kam holatlarda – klostridiya, sil tayoqchalari sabab boʻladi. Baʼzi bemorlarda homiladorlik vaqtida rivojlanuvchi sistit jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infeksiyalar natijasida ham rivojlanadi – gonoreya, sifilis (zahm), xlamidioz, ureaplazmoz kabilar ham sabab boʻladi.

Homiladorlarda noinfeksion sistit kelib chiqishida eng asosiy omil – siydik qopining mexanik yalligʻlanishi, yaʼni siydik tosh kasalliklari, tibbiyot anjomlari aralashadigan asbob uskunalar, dori preparatlarining nojoʻya taʼsirlari, nur terapiyasi preparatlarining siydik yoʻllari orqali ajralib chiqishi hisoblanadi. Aseptik yalligʻlanishlar ham infeksion tabiatda asoratlanadi. Kasallikni rivojlanish ehtimolini oshiruvchi omillar – uretraning qisqaligi, sovuq qotish, gipovitaminoz, disbakterioz, bakterial vaginoz, tashqi jinsiy yoʻllarining yalligʻlanish kasalliklari (kolpit, endoservisit), immunitetning zaiflashuvi natijasida siydik ayiruv yoʻllarida quyidagicha oʻzgarishlar kuzatiladi.

Siydik pufagining gipotoniyasi

Progesteron gormonining homilador ayollarda miqdori oshishi siydik pufagi tonusining pasayishiga sabab boʻladi. Homiladorlikning uchinchi uch oyligida siydik pufagida toʻplanuvchi siydik hajmi ikki barobar ortadi, ammo bu ayollarda aytarli diskomfort tugʻdirmaydi. Natijada vezikoureteral reflyuks holati kelib chiqadi va infeksiyalangan siydik siydik qopi shilliq qavatlarini shikastlaydi.

Siydik kimyoviy tarkibining oʻzgarishi

Homiladorlik vaqtida sistit rivojlanishida yana bir muhim omil – siydik pH koʻrsatkichining oʻzgarishi, glukozuriya, aminoasiduriyalardir. Bunday muhitda patogen mikroorganizmlar koʻpayishi uchun qulay muhit hosil boʻladi, avvaliga bakteriyalar siydik orqali ajralib turishi belgilarsiz kechadi, keyinchalik esa siydik qopi shilliq qavatlari yalligʻlanadi. Infeksiyaning tarqalishi ikki xil yoʻl bilan boradi – tushuvchi va koʻtariluvchi.

Homiladorlik vaqtida sistit – homiladorlikni saqlab qolishga qaratilgan oʻzgarishlar, immun tizimining sustlashuvi, uretra sfinkterlari zaiflashuvi, bachadon oʻlchamining kattalashishi hisobiga siydik qopining siqilishi kabi holatlar taʼsirida rivojlanish ehtimoli ortadi.

Patogenezi

Infeksion mikroorganizmlar siydik pufagi shilliq qavatiga gematogen yoki limfogen yoʻl bilan yuqishi mumkin boʻlsa ham, kasallik rivojlanishida asosan tushuvchi (uretradan) va koʻtariluvchi (siydik yoʻli, buyraklardagi piyelonefrit, uretrit va boshqa infeksion kasalliklar) yoʻl muhim ahamiyatga ega. Patogen va shartli patogen mikroflora (siydik yoʻllari, siydik pufagi) siydik ushlanib qolishi, mahalliy immunitet pasayishi, mexanik, kimyoviy shikastlanishlar natijasida rivojlanadi. Mikroorganizmlar oʻzlaridan sitotoksik moddalar va boshqa yalligʻlanish mediatorlarini ajratadi, ular esa makrofaglar va limfotsitlarni faollashtirib yuboradi va mikrosirkulyatsiya buziladi. Natijada yalligʻlanish jarayoni boshlanadi: alteratsiya, ekssudatsiya va toʻqimalarning qayta tiklanishi roʻy beradi.

Kasallik tasnifi

Siydik pufagi yalligʻlanish kasalligini davolash patologiyaning shakliga bogʻliq boʻladi. Homiladorlik vaqtida shakllangan sistit davosi, homiladorlikdan boshqa vaqtlarda ham rivojlanadigan sistit kabi olib boriladi. Kasallikning kechishi boʻyicha yaqqol namoyon boʻlgan belgilar (oʻtkir) va latent kechuvchi, xurujlanib turuvchi (surunkali) shakllari farqlanadi. Urologiya, akusherlik va ginekologiya sohasidagi ayrim mutaxassislar homiladorlik vaqtida va tugʻruqdan keyin rivojlanuvchi siydik pufagi yalligʻlanish kasalligini ikkilamchi sistit (pufakdan tashqari rivojlanuvchi) sifatida qabul qiladilar. Bundan tashqari kasallikning quyidagi shakllari ham farqlanadi:

Etiologiyasi boʻyicha: infeksion va noinfeksion. Koʻpchilik ayollarda sistit patogen mikroorganizmlar taʼsiri natijasida kelib chiqadi. Kam holatlarda kasallik kimyoviy, allergik, parazitar, neyrogen va yatrogen yoʻl natijasida rivojlanadi.

Kelib chiqishi boʻyicha: birlamchi va ikkilamchi. Birlamchi deb patologiyaning siydik pufagida rivojlanishiga aytiladi. Ikkilamchi esa siydik pufagidan boshqa sohalarda kasallik rivojlanadi va siydik pufagiga koʻchadigan holatlarda kelib chiqadi.

Lokalizatsiyasi boʻyicha: diffuz (siydik pufagi shilliq qavatlarining toʻliq yalligʻlanishi), boʻyinchada (siydik pufagi boʻyin sohasida), trigonit (siydik pufagi tubi uchburchagi yalligʻlanishi). Homiladorlar koʻpincha diffuz sistit aniqlanadi.

Morfologik oʻzgarishlarga koʻra: qoʻzgʻatuvchining kuchi va organizm reaktivligiga qarab kataral, fibrinoz-yarali, yarali, gemorragik, gangrenoz, interstitsial va boshqalar.

Homiladorlikda sistit belgilari

Klinik belgilar yaqqol boʻlishi kasallikning oʻtkir kechuvida kuzatiladi, bunda kasallik qoʻzgʻatuvchi omillar (sovuq qotish, RK oʻtkazish va boshqalar) ning roli katta. Homilador ayollar koʻp siyish, oxirigacha boʻshalmaslik, peshob ajralayotganda diskomfort va ogʻriq his qilishga shikoyat qiladilar. Bunda ogʻriq yalligʻlanish jarayonining tarqalganligi, morfologik oʻzgarishlarning darajasiga qarab qorinning pastki sohasida kuchsiz va kuchli ogʻriq his etishlari mumkin. Ogʻriq palpatsiya qilinganda kuchayadi.

Siydik rangi xiralashadi, baʼzida qon aralash ajralishi ham mumkin. Sistitning ogʻir kechuvida tana harorati koʻtariladi, ajralayotgan siydik hajmi kamayadi, intoksikatsiya belgilari kuchayadi: holsizlik, tez charchash, koʻp terlash. Kasallikning yengil shakllarida belgilar oʻz oʻzidan 2-3 kunlarda oʻtib ketadi, ammo baʼzida kasallik 6-8 kundan 10-15 kungacha choʻzilishi mumkin. Bunday holatlarda medikomentoz davo choralari talab etiladi. Tugʻruqdan keyin rivojlanuvchi sistitda siydik ushlanib qolishi va peshob ajralayotganda kuchli ogʻriq boʻlishi, peshobning birinchi porsiyasi xiralashishi kabi belgilar xos.

Homiladorlikda surunkali sistit xuruj qilishi odatda belgilarsiz kechadi, ammo peshobda bakteriuriya va leykosituriya jarayoni kechayotgan boʻladi. Ular laborator tekshiruvda aniqlanadi. Surunkali sistit xuruj belgilari oʻtkir sistit kabi namoyon boʻladi, yaʼni peshob xiralashuvi, tez-tez siyish, dizurik holatlar. Ogʻriq hissi kuchsiz yoki umuman boʻlmasligi ham mumkin. Umumiy intoksikatsion belgilar kamdan-kam holatlarda rivojlanadi.

Homiladorlikda sistit asoratlari

Homiladorlikning erta muddatlarida sistit asorati tabiiy abort, kechki muddatlarda esa muddatidan oldin roʻy beruvchi tugʻruq bilan kechishi mumkin. Koʻp va tez-tez peshob ajralishi tungi uyqu buzilishiga olib keladi, bu esa astenik va emotsional buzilishlarga sabab boʻladi. Koʻtariluvchi infeksiya tarqalishi keyinchalik siydik yoʻllari yalligʻlanish va piyelonefritni chaqirishi mumkin. Buyraklar ham kasallanishi ogʻir gestozlarga sabab boʻladi, natijada homilaning zararlanishi, homilador ayolda infeksion-septik jarayon shakllanishi mumkin.

Homiladorlikda sistit diagnostikasi

Birlamchi yoki xurujli sistit diagnostikasi qiyinchilik tugʻdirmaydi. Tipik klinik belgilar tekshiruvlar natijasini tasdiqlaydi va homiladorlarda sistitni oʻz vaqtida davo choralarini qoʻllash bilan bartaraf etiladi. Surunkali va choʻzilgan sistit shakllarini tasdiqlash biroz qiyinchilik tugʻdiradi. Eng koʻp maʼlumot beruvchi tekshiruv usullari quyidagilar:

Umumiy siydik tahlili. Umumiy siydik tahlilida leykotsitlar, bakteriyalar, oqsil, kam hollarda eritrotsitlar aniqlanishi mumkin. Epiteliy hujayralar soni koʻp boʻladi. Qoʻshimcha tekshiruv sifatida Nechiporenko tekshiruvi va Zimnitskiy sinamasi ham oʻtkaziladi.

Bakteriologik tekshiruv. Sunʼiy ozuqa muhitlarida bak ekmani oʻstirish yoʻli bilan kasallik qoʻzgʻatuvchisi aniqlanadi. Bu usulning qulay tarafi shundaki, mikroorganizmga qarshi antibiotiklarning taʼsiri ham aniqlanadi.

Siydik qopi UTT (UZI) tekshiruvi. Homiladorlik vaqtida rivojlangan sistit diagnostikasida UTT (UZI) tekshiruvida – siydik qopi devorlarining qalinlashganligi, tarkibi nogomogenligi aniqlanadi.

Sistoskopiya. Bu tekshiruv faqatgina kasallikning surunkali shakllarini aniqlashda oʻtkaziladi. Sistit belgilari shish, giperemiya, qonash, shilliq ajralishi va yuzaning notekisligidir. Kasallik xuruj qilgan vaqtda bu usul oʻtkazilmaydi, sababi infeksiyaning boshqa sohalarga tarqalib ketish xavfi yuqori boʻladi.

Sistit kasalligini tasdiqlashda umumiy qon analizida – leykotsitlar miqdorining oshishi, leykotsitar formulaning chapga siljishi, ECHT oshishi aniqlanadi. Kichik chanoq sohasi infeksiyalari PZR tekshiruvi yordamida ham aniqlanadi. Koʻpincha sistit piyelonefrit, siydik tosh kasalliklari, uretrit, sistalgiya, genital soha infeksion kasalliklar – vulvovaginit, kolpit, servisit, kandidoz, mikoplazmoz, xlamidioz va jinsiy yoʻl bilan yuquvchi boshqa kasalliklar bilan birgalikda kechadi. koʻrsatma boʻyicha urolog, nefrolog, dermatolog, venerolog hamda infeksionist konsultatsiyalari ham kerak boʻladi.

Homiladorlikda sistit davosi

Siydik pufagi shilliq qavati yalligʻlanishi antibakterial davo oʻtkazishga koʻrsatma boʻla oladi. Sistit davosi 3-7 kun davomida olib boriladi.Belgilarsiz kechuvchi bakteriuriya holatida antibiotiklar 3-5 kun davomida buyuriladi. Homilador ayollar uchun toksik jihati kam boʻlgan antibiotiklar tanlanadi, ular quyidagilar boʻlishi mumkin:

Yarimsintetik penitsillin. Bu preparatlar keng spektrda taʼsir koʻrsatadi, kislotali muhitga chidamli, bakterisid taʼsirga ega, grammusbat va grammanfiy boʻlgan koʻpgina bakteriyalarni oʻldiradi.

Sefalosporinlar. Bu preparatlar ham bakterisid taʼsirga ega, sistit chaqiruvchi koʻpgina bakteriyalar devori sintezini toʻxtatadi. Ikkinchi avlod preparatlari klavulan kislota va beta-laktamaz ingibitoriga chidamililigi preparat samaradorligini yanada oshiradi.

Nitrofuranlar. RNK, DNK, proteinlar, hujayra membranasi sintezlovchi fermentlarni nofaollashtiradi. Ular bakteriostatik va bakterisid effektga ega. Nitrofuranlar sistit chaqiruvchi koʻpgina bakteriyalarga qarshi yaxshi taʼsirga ega.

Fofon kislota asoslari. Sistitga olib keluvchi bakteriyalar hujayra devori sintezida peptidglikanlar hosil boʻlishiga toʻsqinlik qiladi va bakteriyalar koʻpayishini toʻxtatadi. Infeksion omilning siydik qopi shilliq qavatiga adgeziyasini kamaytiradi.

Mahalliy qoʻllash uchun siydik haydovchi dorivor oʻsimliklardan tayyorlangan preparatlar buyuriladi, hamda antiseptik eritmalar buyuriladi. Ular kompleks ravishda yalligʻlanishga qarshi, antioksidant, spazmolitik, ogʻriq qoldiruvchi, diuretik va antibakterial taʼsir koʻrsatadi. Homiladorlik vaqtida sistit bilan kasallangan ayollar tabiiy yoʻl bilan tugʻishlari mumkin, kesarcha kesish usuli bilan tugʻish faqatgina qatʼiy koʻrsatma bilan olib boriladi.

Kasallik oqibati va profilaktikasi

Oʻz vaqtida aniqlangan sistit kasalligi va adekvat davo muolajalari homilador ayol va tugʻilajak farzand uchun oqibati ijobiy hisoblanadi. Kasallik oldini olishda homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollar surunkali sistitni davolashlari, bundan tashqari jinsiy yoʻllarda uchraydigan infeksion kasalliklarni ham bartaraf etishlari kerak boʻladi.

Sistitga olib keluvchi omillar, yaʼni sovuq qotish, kun davomida yetarlicha suyuqlik qabul qilish, yetarlicha peshob ajratish, spirtli ichimliklar, oʻtkir, achchiq, juda shoʻr, qovurilgan va dudlangan mahsulotlardan cheklanish talab etiladi. Yana bir muhim tadbir – shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etishdir.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Homiladorlik » Homiladorlik muammolari » Homiladorlikda sistit – sabablari, belgilari, davolash va oldini olish choralari


Loading...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan