Homiladorlikda oshqozon og‘rishi – sabablari, belgilari, davolash va oldini olish choralari

Har bir ayol kishi homiladorlik vaqtida oshqozon og‘rishini boshidan kechirgan. Bu kabi noxush holat homiladorlikning erta muddatlarida ham kech muddatlarida ham kuzatilishi mumkin. Homiladorlikda qorinning har qanday sohasida kuzatiladigan kuchsiz va qisqa muddat davom etuvchi og‘riqlar normal holat hisoblanadi.

Ammo, istisno holatlari ham bor. Qorin og‘rig‘iga sabab surunkali kasallik xuruji yoki ovqatdan zaharlanish bo‘lishi ham mumkin. Bunday holatlarda og‘riqqa sabab bo‘layotgan omilni aniqlash va uni bartaraf etish zarur.

Aynan oshqozon og‘riyotganini qanday bilib olsa bo‘ladi?

Oshqozon qorinning epigastral sohasida joylashadi. Oshqozon shilliq qavati yallig‘lanishida yoki boshqa patologiyalarida ayol kishi turli xil xususiyatga ega og‘riqlarni chap qovurg‘a osti sohasida yoki to‘sh suyagi xanjarsimon o‘sig‘i sohasida his qilishlari mumkin. Ba’zida og‘riq ovqat mahsulotlarini iste’mol qilgandan keyin paydo bo‘lishi mumkin. Shu sababli homilador ayol og‘riqlar qachon boshlanishi va qanday mahsulot iste’mol qilganda kuchayishi kuzatilayotganligiga e’tibor qaratishi lozim.

Homiladorlikda oshqozon og‘rishi

Og‘riq xarakteriga ko‘ra simillovchi, bosimli, achishish bilan birga kelishi mumkin. Og‘riq o‘tkir, achchiq, ziravorlar, shilliq qavatni qo‘zg‘atuvchi boshqa mahsulotlar iste’mol qilganda namoyon bo‘lishi ham mumkin. Ba’zi ayollar doimiy kuchsiz bo‘lgan to‘mtoq og‘riqlarni his etib turishadi. Bu gastritning xuruj qilishidan darak beradi. Ayrimlarda aksincha og‘riq tunda yoki och qolganda kelib chiqadi. Bu kabi belgi esa 12 barmoq ichak yara kasalligi belgisi hisoblanadi.

Homiladorlarda oshqozon og‘rishi sabablari

Homiladorlikning ilk muddatlarida oshqozonda og‘riqlar ayol organizmi gormonal qayta qurilishi natijasida kelib chiqishi mumkin: barcha a’zolar va a’zolar tizimi o‘zgacha ishlay boshlaydi.

Homiladorlikning 2 va 3 uch oyligida vaqtinchalik og‘riqlarga sabab homilaning o‘sishidir. Hajmi kattalashgan bachadon homila uchun torlik qila boshlaydi va boshqa a’zolarni ezishni boshlaydi, natijada a’zolar funksiyasida biroz o‘zgarish kelib chiqadi. Bachadon tubi oshqozon, o‘n ikki barmoq ichak, yo‘g‘on ichaklarni ezib qo‘yadi. Bu esa ichaklarda ovqat massasining harakatini sekinlashtiradi va hazm qilish jarayoni buzilishiga sabab bo‘ladi.

O‘QING:  Homiladorlikda buyrak og‘​rishi

12 % holatlarda homiladorlik vaqtida gastrit belgilari xuruj qiladi, 44 % holatlarda esa aksincha gastrit belgilari homiladorlik vaqtida ortga qaytadi. Chunki ayol organizmida ko‘plab progesteron gormoni sintezlanishi, shilliq qavatlarda himoya qavatini kuchayishiga sabab bo‘ladi.

Gastrit xuruj qilganda og‘riq xarakteri

Gastrit – homiladorlikning ilk muddatlarida oshqozonda og‘riq kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri. O‘tkir gastrit yoki surunkali shaklining xuruj qilishiga sabablar ovqatlanish bilan bog‘liq holatlar, allergiya, stress, ovqatdan zaharlanish, toksikoz fonida ko‘p marotaba qusish bo‘lishi mumkin.

O‘tkir jarayon tez boshlanadi va og‘ir kechadi. Agar homiladorlik vaqtida ich ketishi va oshqozonda kuchli og‘riq kuzatilsa o‘tkir gastrit yoki ovqatdan zaharlanish kelib chiqqanidan dalolat beradi.

Ushbu holatda qo‘shimcha belgilar – oshqozonda spazmlar, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, umumiy holsizlik, intoksikatsiya belgilari – tana harorati oshishi va qaltirash.

Surunkali gastritda esa homilador ayolni jig‘ildon qaynashi, oshqozonda og‘irlik hissi, qorin g‘uldirashi bezovta qiladi. Og‘riq kuchsiz, to‘mtoq xususiyatga ega bo‘ladi. Ovqat iste’mol qilgandan keyin qisqa muddat ichida og‘riq namoyon bo‘ladi.

Oshqozon shilliq qavati eroziyasi yoki yara kasalliklarida og‘riq xarakteri

Oshqozonning antral qismi shilliq qavatlarida yara joylashgan bo‘lsa og‘riq 12 barmoq ichak yara kasalligi kabi bo‘ladi, ya’ni tunda paydo bo‘ladi yoki ovqat iste’mol qilgandan 1-2 soat o‘tib bezovta qiladi. Homilador ayolda ishtahasi pasayadi, qorni dam bo‘ladi, qorin g‘uldirashi va boshqa dispeptik sinderomlar kuzatiladi.

Homiladorlik vaqtida oshqozonda o‘tkir og‘riqlar paydo bo‘lsa shifokorga murojaat etishi zarur. Oshqozon yarasi ochilib ketish ehtimoli katta. Bunday holat belgisi xanjarsimon-sanchuvchi, xurujsimon, kesuvchi og‘riq namoyon bo‘lishidir.

Homiladorlik vaqtida oshqozonda og‘riq paydo bo‘lishining boshqa sabablari:

  • Toksikoz, qayt qilish;
  • Stress holatlar;
  • Ko‘p ovqat iste’mol qilib yuborish;
  • Ovqatdan zaharlanish;
  • Charchash;
  • Bakterial va virusli infeksiya.
  • Ovqatlanish oralig‘ining uzoq bo‘lishi, och qolish;
  • Oshqozonda kislotalikni oshiruvchi va shilliq qavatlarni qo‘zg‘atuvchi mahsulotlar;
  • Ich qotishi;
  • Qorin mushaklari taranglashuvi;
  • Oshqozon soki tarkibida kislotalikning kamayishi natijasida ovqat massasining hazm bo‘lishi qiyinlashuvi.
O‘QING:  Homiladorlikda sistit - sabablari, belgilari, davolash va oldini olish choralari

Homiladorlik vaqtida ayol kishida ayrim mahsulotlarga allergiya paydo bo‘lishi yoki ularni ko‘tara olmaslik holatlari kelib chiqishi ham oshqozonda og‘riqlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Homiladorlikning erta muddatlarida oshqozon og‘rishi

Homiladorlikning ilk haftalarida oshqozonda og‘riq kuzatilishi organizmning gormonal qayta qurilishi natijasida kelib chiqadi. Gormonal o‘zgarish ayol kishi kayfiyatiga ham ta’sir o‘tkazadi, ayol qo‘zg‘aluvchan, bir kunda bir necha bor kayfiyati o‘zgaradi va buning natijasida stress kelib chiqadi. Bundan tashqari organizmdagi fiziologik o‘zgarishlar ta’sirida surunkali gastrit va boshqa kasalliklar xuruj qilishi ham mumkin.

Toksikoz holatida ko‘p qayt qilish va oshqozonda spazm kuzatilishi, oshqozon shilliq qavati yallig‘lanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Gastrit xuruj qilishiga yana bir sabab ayol kishining ovqatlanish tartibi o‘zgarishidir.

Homiladorlikning kech muddatlarida oshqozon og‘rishi

Homiladorlikning 27 haftalaridan boshlab qisqa muddat davom etuvchi, kuchsiz oshqozondagi og‘riqlar fiziologik normal holat hisoblanadi. Bachadon qorin bo‘shlig‘I yuqori sohasida joylashgan a’zolarni ezish qo‘yadi. Oshqozon siljishi natijasida uning funksiyasi buziladi, ovqat massasining oshqozondan ichaklarga o‘tishi qiyinlashadi va to‘liq hazm bo‘lmagan ovqat oshqozonda turib qoladi. Natijada epigastral sohada og‘irlik hissi, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi kelib chiqadi.

Homiladorlikning 37-39 haftasiga kelib bu kabi og‘riqlar o‘z o‘zidan yo‘qolib ketadi. Organizm tug‘ruqqa tayyorlana boshlaydi, bachadon pastroqqa tushadi, a’zolarga bo‘lgan bosim kamayadi. Agar shu muddat davomida ham oshqozonda og‘riq kuzatilib turishi – biror bir kasallik yoki infeksiyadan dalolat beradi. Bunday holatlarda albatta shifokorga murojaat etish shart. Shifokor mutaxassis og‘riq aynan oshqozondami yoki boshqa biror bir patologiya borligini aniqlashda yordam beradi.

Homiladorlikda oshqozon og‘risa, qanday chora ko‘rish kerak?

Homiladorlik vaqtida oshqozon og‘risa nima qilish kerak ? Avvalo, og‘riq kelib chiqishining asl sababini aniqlab olish zarur. Bunda sizga gastroenterolog yoki terapevt yordam bera oladi. Kerakli tekshiruvlar (ichki a’zolar UTT (UZI) tekshiruvi, gastroskopiya, Helicobacteri pylorini aniqlash uchun qon analizi va boshqalar) o‘tkazilganidan so‘ng diagnoz qo‘yiladi va davo rejasi tuziladi. Agar davolanish dori preparatlarini talab etsa, shifokor barcha jihatlarni e’tiborga olgan holda, homila zarari yo‘q bo‘lgan preparatlarni buyuradi.

O‘QING:  Surunkali endometrit - sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Homiladorlarda oshqozon og‘rishi sabablari

Homiladorlik vaqtida oshqozondagi og‘riqlarni bartaraf etish uchun dori preparatlari har bir ayol uchun individual tanlanadi. Og‘riqni yengillashtirish uchun spazmni yo‘qotuvchi, ko‘ngil aynish hissini kamaytiruvchi, oshqozon motorikasini kuchaytiruvchi vositalar buyuriladi. Oshqozonda kislotalik oshib ketganda – antaksid vositalar jig‘ildon qaynashi, ko‘ngil aynishi va og‘riqlarni kamaytirishga yordam beradi. Eng samarali va nojo‘ya ta’siri kam bo‘lgan vositalar – dorivor o‘simliklarda tayyorlangan nastoykalardir. Dorivor o‘simliklardan tayyorlangan maxsus oshqozon uchun foydali bo‘lgan nastoykalardan ovqatlanishdan yarim soat oldin qabul qilish yaxshi natijalar beradi.

Homiladorlar uchun mos keladigan dorivor o‘simliklar quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Oshqozonda og‘irlik hissini va ko‘ngil aynishini kamaytiradi – yalpiz nastoykasi. Ular spazmolitik ta’sir ko‘rsatib, ichki a’zolar shilliq mushaklarini bo‘shashtiradi.
  • Giposekretor gastritda (kislotalik kamayganda): romashka, kalendula, yerbag‘ir tugmachagul, smorodina kabi o‘simliklardan foydalanish foydali.
  • Gipersekretor gastritda (kislotalik oshganda): yalpiz, kartoshka va sabzi sharbati qabul qilish samarali hisoblanadi.
  • Agar asalari mahsulotlarga allergiya bo‘lmasa: oshqozon bilan bog‘liq muammolarni asal yordamida ham bartaraf etish mumkin. Ovqatlanishdan yarim soat avval yarim choy qoshiq asalni yeyish tavsiya etiladi.

Oshqozondagi og‘riqlarni qanday qilib kamaytirsa bo‘ladi yoki uning oldini olish

Agar oshqozonda og‘riq homiladorlik belgisi sifatida kelib chiqsa xavotirga o‘rin yo‘q, bu holat o‘z o‘zidan o‘tib ketadi. Gastrit, yara va infeksiya natijasida kelib chiqadigan og‘riqli holatlarda gastroenterolog tavsiyalari kerak bo‘ladi.

Homiladorlik vaqtida oshqozondagi og‘riqlardan butunlay qutulishning iloji yo‘q. ammo, og‘riq takrorlanishi va kuchini kamaytirish mumkin. Buning uchun quyidagilarga amal qilish kerak:

  • Kam kamdan tez tez ovqatlaning (bir kunda 5-6 marta);
  • Kun davomida ko‘p ovqat iste’mol qilmang;
  • Uyquga ketishdan avval ovqatlanmang;
  • Ovqatlangandan so‘ng darhol uyquga ketmang, juda charchagan bo‘lsangiz ham qulayroq o‘rindiqda biroz o‘tiring;
  • Kimyoviy va mexanik qo‘zg‘atuvchilardan cheklaning: yog‘li, o‘tkir, achchiq, dudlangan mahsulotlar, gazli ichimliklar, fast-food va boshqa oshqozon uchun og‘ir bo‘lgan mahsulotlar iste’mol qilishni vaqtinchalik to‘xtating;
  • Yetarlicha suv iching (bir kunda kamida 2,5 litr), minerallarga boy bo‘lgan gazsiz suv iching;
  • Och qolmaslikka harakat qiling, ovqatlanish oralig‘I uzoq bo‘lmasin;
  • Stressli holatlardan saqlaning;
  • Og‘ir yuk ko‘tarmang.

Homiladorlik vaqtida har bir ayol nafaqat o‘zlarining sog‘liqlariga balki homilaning normal o‘sishi va shakllanishi uchun ham javobgardir. Yaxshi kayfiyat, toza havoda ko‘proq sayr qilish, to‘g‘ri ovqatlanish ratsioniga amal qilish, ginekolog nazoratida muntazam bo‘lish gastrit yoki yara xurujlaridan saqlanishga yordam beradi va homiladorlikning muammolarsiz kechishida muhim rol o‘ynaydi.


Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu - Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.

Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.

Hoziroq bepul yuklab oling



One Comment

Add a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan