Homiladorlikda allergiya – belgilari, rivojlanishi, homilaga ta’siri, davosi va profilaktikasi

Zamonaviy sivilizatsiya davrida organizmni sog‘lom holatda ushlab turish qiyinlashib bormoqda. Agar yangi organizmni dunyoga keltirish va uning sog‘lig‘iga ham javobgar bo‘lish haqida gap ketsa, o‘zingiz xulosa qilavering. XX asr – yurak-qon tomir kasalliklari asri bo‘lgan bo‘lsa, XXI asr – JSST taxminlariga ko‘ra allergiya asri bo‘ladi.

Hozirgi kunda yer yuzining 20 % aholisi allergiyadan aziyat chekadi, salbiy ekologik hududlarda istiqomat qiluvchilarda bu ko‘rsatkich 50 % ni tashkil etmoqda. Oxirgi 30 yil ichida allergik kasalliklar har 10 yilda 2-3 barobar ko‘payganligi statistikalarda qayd etilgan. Bunga sabab sifatida ekologiyaning yomonlashuvi, surunkali stress holatlarining ko‘payganligi, tabiatini muhofaza qilmagan holda sanoat ishlab chiqarishning rivojlanganligi, dori preparatlarni tartibsiz qabul qilish, kosmetik vositalar va sun’iy mahsulotlardan foydalanish, dezinfeksiya va dezinseksiya vositalaridan foydalanish, ovqatlanish xususiyatining o‘zgarganligi va yangi allergenlarning paydo bo‘lganligini keltirish mumkin.

Homilador ayollar uchun mo’ljallangan «Lalu – Homiladorlik maktabi» mobil ilovasini Play Market’dan yuklab oling.
Ilovani yuklash uchun link: https://bit.ly/30yL9FQ

homiladorlikda allergiya

Allergiya – organizm immun (himoya) reaksiyasi bo‘lib, bunda organizmning xususiy to‘qimalari ham zararlanadi. Tibbiyot sohasida bu – allergik kasallik deb yuritiladi (o‘tkir allergoz). Afsuski, o‘tkir allergoz bemorlar orasida 5-20 % hollarda homilador ayollar ham uchrab turibdi. Bu ko‘rsatkichlar so‘ngi 20 yil ichida 6 barobar oshdi. Allergiyadan aziyat chekish eng ko‘p uchraydigan yosh – 18-24 yoshlar oralig‘idagi homiladorlik holatlaridir. Barcha o‘tkir allergozlar kechishi va xavflilik darajasiga qarab yengil (allergik rinit, allergik konyuktivit, mahalliy eshakemi) va og‘ir (tarqoq eshakemi, Kvinke shishi, anafilaktik shok) turlariga bo‘linadi.

Yengil o‘tkir allergioz
O‘tkir allergozKlinik belgilari
Allergik rinitBurun orqali nafas olish qiyinlashuvi va burun bitishi, burun shilliq qavatlarining shishi, burunda shilliq suyuqlik oqishi, aksa urish, halqumda achishish hissini sezish.
Allergik konyuktivitGiperemiya (qizarish), shish, konyuktiva qichishishi (ko‘z oqida qon tomirlar ko‘rinib turishi), ko‘z yosh kelishi, yorug‘likka qaray olmaslik, qovoqlar shishi, ko‘z tirqishining torayishi.
Mahalliy eshakemiTerining ma’lum bir sohasida to‘satdan: yumaloq shakldagi, chetlari ko‘tarilgan, markazi rangsiz, qichishish hissini chaqiruvchi toshmalar toshishi.
Og‘ir o‘tkir allergoz
O‘tkir allergozKlinik belgilari
Tarqoq eshakemiTerining barcha sohalarida to‘satdan: yumaloq shakldagi, chetlari ko‘tarilgan eritematoz (qizargan) va markazi rangsiz bo‘lgan, qichishish hissini chaqiruvchi toshmalar paydo bo‘lishi.
Kvinke shishiTeri, teri osti kletchatkasi yoki shilliq qavatlar shishi. Ko‘proq lab, iyak, qovoq, peshona, boshning sochli qismi, yorg‘oq, oyoq va qo‘l kaftida rivojlanadi. Bir vaqtning o‘zida bo‘g‘​imlar, yutqin va oshqozon-ichak tizimi shilliq qavatlarida ham shish paydo bo‘lishi mumkin. Yutqinda shish yo‘tal, ovoz bo‘g‘​ilishi, nafas olish qiyinlashuvi bilan namoyon bo‘ladi. Oshqozon-ichak shilliq qavatlari shishi qorinda og‘riq, ko‘ngil aynishi, qayt qilish bilan kechadi.
Anafilaktik shokArterial gipotoniya (arterial bosimning pasayishi) va hushdan ketish, nafas olishning buzilishi, qorinda og‘riq, eshakemi, terida toshma toshishi kelib chiqadi. Allergen ta’sir etganda 5 daqiqa ichida yuzaga chiqadi (kam hollarda 1 soat ichida).

Homilador ayollar orasida eng ko‘p uchraydigani – allergik rinit, eshakemi va Kvinke shishidir.

Homiladorlikda allergiya qanday rivojlanadi?

Xo‘sh, allergik reaksiyalarning kelib chiqish mexanizmi qanday? Kasallik rivojlanishi 3 bosqichda yuzaga chiqadi:

O‘QING:  Homiladorlikda burun bitishi - sabablari, belgilari va davolash usullari

Birinchi bosqich. Allergen organizmga birinchi marta tushadi. Allergen sifatida o‘simlik changi, hayvon yungi, ovqat mahsulotlari, kosmetik vositalar va boshqalarni keltirish mumkin. Immun tizimi hujayralari yot moddani sezadi va ularga qarshi antitelo ishlab chiqara boshlaydi. Antitelolar semiz hujayralar deb ataladigan hujayra devoriga borib birikadi, bu hujayralar shilliq osti qavatlari va epiteliy to‘qimalarida ko‘p bo‘ladi. Bu kabi birikish yillar davomida saqlanib turadi va keyingi allergen tushishini “kutib turadi”.

Ikkinchi bosqich. Organizmga qayta tushgan allergen semiz hujayralar yuzasida turgan antitelolarni o‘ziga biriktirib oladi. Bu esa semiz hujayralar parchalanishi (yorilishi) ga sabab bo‘ladi: semiz hujayralardan biologik faol moddalar ajralib chiqadi (gistamin, serotonin va boshqalar). Aynan mana shu moddalar allergiya belgilarini yuzaga chiqaradi. Ular yallig‘lanish mediatorlari deb ham ataladi.

Uchinchi bosqich. Biologik faol moddalar qon tomirlar devorini kengaytiradi va to‘qimalar o‘tkazuvchanligini oshiradi. Shish, yallig‘lanish kelib chiqadi. Og‘ir holatlarda, allergen qonga tushadi va qon tomirlar devorini kuchli kengaytirib yuboradi va arterial bosimning birdaniga pasayishiga sabab bo‘ladi (anafilaktik shok).

Allergiyaning homilaga ta’siri

Allergik reaksiyaning kelib chiqish mexanizmini bilgan holda, homilador ayolda paydo bo‘lgan antigen (allergen)-antitelo kompleksi faqatgina ona organizmiga ta’sir qiladi, homilada hech qanday allergik reaksiyalar kuzatilmaydi. Chunki antigen-antitelo kompleksi yo‘ldosh orqali o‘ta olmaydi. Ammo, homila o‘zida kasallikni uchta omil sababli his etishi mumkin:

  1. Onaning umumiy ahvoli o‘zgarishi;
  2. Qabul qilingan allergiyaga qarshi dori preparatlarining homila qon bilan ta’minlanishiga ta’siri (bu kabi preparatlar yo‘ldosh qon tomirlarini toraytirishi mumkin);
  3. Dori preparatlarining nojo‘ya ta’siri (zarari).

Homiladorlikda allergiyani davolash

Asosiy maqsad – onada kuzatilayotgan allergik belgilarni bartaraf etish va homilaga zarar yetkazmaslik hisoblanadi. Albatta, dori preparatlarining organizmga ta’siri organizmning fiziologik holati, kasallik turi va davo turiga bog‘liq bo‘ladi.

Homiladorlik – o‘ziga xos bo‘lgan fiziologik holatdir. Shuni ham unutmaslik kerak – 45 % homilador ayollarda ichki a’zolar kasalliklari bor, 60-80 % ayollar esa u yoki bu dori preparatlarni muntazam qabul qilib yurishadi. O‘rtacha olib qaralganda homilador ayollar 4 ga yaqin dori preparatlarini qabul qiladilar, vitamin, minerallar va biologik faol qo‘shimchalar bundan mustasno. Bunday holatni homila uchun xavfsiz deb hisoblasak bo‘ladimi? Ayniqsa, dori preparatlarini homilador ayol mustaqil ravishda qabul qilayotgan bo‘lsachi?

allergiyani davolash

Klinik misolni ko‘rib chiqamiz: 31 yoshli ayol homiladorlikning 12-haftasida shifoxonaga “o‘tkir allergoz, tarqoq eshakemi” tashxisi bilan olib kelindi. Ikkinchi homiladorlik, shifoxonaga murojaat qilishdan oldin ayol allergik kasalliklardan aziyat chekmagan. To‘satdan kasallik boshlandi. Apelsin sharbatini ichganidan keyin 1 soat o‘tib belgilar yuzaga chiqdi. Ko‘krak sohasida va qo‘llarida toshmalar bor, qichishish boshlangan. Ayol o‘zi mustaqil ravishda dimedrol tabletkasini qabul qilgan, ammo preparatning samarasi sezilmagan. Tanish shifokor tavsiyasiga ko‘ra, 1 tabletka suprastin qabul qilgan, u ham samara bermagan. Ertasiga toshmalar butun tanani qoplagan va bemor tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Tez tibbiy yordam shifokori mushak orasiga 2 ml tavegil preparatidan yuborgan, natija yo‘q. Shifokor ayolni umumiy reanimatsiya bo‘limiga joylashtirgan. Allergik reaksiya belgilari 3 kun ichida butunlay yo‘qolgan.

O‘QING:  Homiladorlikda molochnitsa (kandidoz)

Keltirilgan misolda homilador ayol shifoxonaga kelguniga qadar 3 xil antigistamin preparatni qabul qildi, ulardan biri dimedrol – homiladorlik vaqtida qabul qilishga qarshi ko‘rsatma bor. Shu sababli allegiyaning har qanday holatlarida ham shifokorga murojaat etish shart!

Ko‘pchilik mashhur antigistamin preparatlar homiladorlik vaqtida qabul qilishga qarshi ko‘rsatmaga ega. Dimedrolni 50 mg qabul qilish – tug‘ruq vaqtiga yaqin qolganda bachadon mushaklarini qo‘zg‘atib qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Terfenadine qabul qilganda – tug‘ilgan chaqaloq tana vazni normadan past bo‘lishi ham kuzatiladi. Astemizol – homilaga toksik ta’sir ko‘rsatadi. Suprastin (xlorpiramin), klaritin (loratidin), setirizin (alleprtek) va feksadin (feskofenadin) – homiladorlikda qabul qilish mumkin, faqatgina davo samarasi homilaga ta’siridan ustun bo‘lsa. Tavegil – homiladorlikda faqatgina kasallik tufayli hayot uchun xavf tug‘ilganda qo‘llanilishi mumkin.

Allergik reaksiyaning har qanday ko‘rinishida, hatto belgilar uzoq muddat davom etmagan bo‘lsa ham shifokorga murojaat qilish shart. Allergiyaning davosida eng muhim jihat – allergiya belgilarini dori preparatlari bilan bartaraf etish emas, balki allergen bilan kontaktda bo‘lmaslikka harakat qilish kerak.

Allergiyani aniqlashda maxsus tekshiruvlar o‘tkaziladi. Qondagi IgE-antitelo miqdorini aniqlash, spetsifik allergenlarni aniqlash va teri sinamalari tekshiruvlari bor. Teri sinamasida turli allergenlardan tayyorlangan (o‘simliklar, daraxtlar, chang, hayvon epidermis, hasharotlar zahri, dori preparatlari) eritmalardan foydalaniladi. Bunday eritmalar teri ichiga kam miqdorda yuboriladi. Agar bemorda yuborilgan moddaga nisbatan allergiyasi bo‘lsa, ineksiya qilingan sohada shish paydo bo‘ladi.

Homiladorlikda allergiya profilaktikasi

Muammoning yana bir muhim jihati – hali dunyoga kelmagan bolada allergiya profilaktikasi. Allergiya profilaktikasida homilador ayol ovqatlanish ratsionidan allergenligi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni chiqarib tashlashi kerak bo‘ladi. Allergenning homilaga kirishida oshqozon-ichak tizimi katta rol o‘ynaydi. Homila organizmining sezuvchanligi (allergenga qarshi ishlab chiqarilgan antitelo bo‘lishi va uning allergenni qayta tushishini “kutib turishi”) homiladorlikning 22-haftasidan boshlab shakllanadi. Aynan shu davrdan boshlab homilador ayol ovqatlanish tartibiga e’tibor qaratishi lozim.

Bundan tashqari, boshqa allergenlar bilan bo‘lgan kontaktni cheklash zarur: maishiy, kimyoviy moddalar, kosmetik vositalar, hayvonlar bilan kontaktda bo‘lish va shu kabilar.

Bu kabi cheklovlar nisbiydir, avvallari allergiyadan aziyat chekmagan, sog‘lom homilador ayollar ovqatlanish tartibida barcha allergiya chaqirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni cheklashlari shart emas. Bunday mahsulotlar umrida bir marotaba bo‘lsa ham allergik holat kuzatilgan ayollar uchun zarur, ayniqsa allergik kasalliklari aniq bo‘lgan ayollar (allergik bronxial astma, allergik dermatit, allergik rinit va boshqalar) bir necha mahsulotlardan cheklanishlari kerak bo‘ladi.

O‘QING:  Surunkali endometrit - sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Homilador ayollar va emizikli ayollar tamaki mahsulotlarini chekishi qat’iyan man etiladi. Aniq faktlar ko‘rsatishicha, tamaki mahsulotlari homilaning tana vazni kam bo‘lishi va bo‘y o‘sishida ortda qolishiga sabab bo‘adi, hamda chekish homila uchun stressdir. Bir dona tamaki mahsuloti chekkanda 20-30 daqiqa ichida qon tomirlar torayishi va homilaga boradigan kislorod va oziqaviy moddalar kamayishiga olib keladi. Chekuvchi ayollardan tug‘iladigan bolalarda boshqa kasalliklar rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi, masalan allergik dermatit va bronxial astma kabi. Bundan tashqari, passiv kashandalikni ham unutmaslik lozim. Ya’ni boshqa bir kashanda tamaki chekishi natijasida hosil bo‘layotgan tutunni siz hidlashingiz ham homila uchun zararli.

Homiladorlik vaqtida hayvonlardan uzoqroqda bo‘lish, xonani tez-tez shamollatib turish, har kuni uyni tozalab turish, yumshoq mebel va gilamlarni haftada ikki marta changyutgichda tozalash, yostiqlarni qoqish tavsiya etiladi. Yana bir muhim omil – bolaning oziqlanishida ona sutidir. Ona suti – harorati doimo me’yorda bo‘ladi, tayyorlash uchun vaqt talab etmaydi, bakteriya va allergenlar saqlamaydi, yengil hazm bo‘ladi va uning tarkibida o‘z-o‘zini hazm qiladigan fermentlari bo‘ladi. Ko‘krak suti bilan boqishning erta muddatlarda to‘xtatilishi – bolada allergiya kelib chiqish xavfini oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, homilador ayol allergiyadan aziyat chekadimi yo‘qmi, har qanday sharoitda ham sog‘lom turmush tarziga rioya etishi, stresslardan qochishi, kamroq kasal bo‘lishi, vrach tavsiyasisiz mustaqil ravishda dori preparatlarini qabul qilmasligi, doimo shifokor nazoratida bo‘lishi va albatta yangi tug‘ilajak bolakayini kutib olish uchun quvnoq kayfiyatda bo‘lishi zarur!


Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu - Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.

Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.

Ilovani ushbu link orqali yuklab olishingiz mumkin: https://bit.ly/lalu_app




One Comment

Add a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan