Endometrioz — turlari, sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Ayol reproduktiv tizimi murakkab tuzilgan, bu tizimning normal ishlash qobiliyatini buzish oson, ammo uni qayta tiklash juda qiyin. Hozirgi kunda ayollar eng ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri endometriozdir.

Ko‘p hollarda kasallik belgilarsiz kechganligi sababli kasallik haqida statistikalar berish biroz qiyinroq. Avvallari bu kasallik 30-50 yoshli ayollar o‘rtasida uchragan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib endometrioz bilan 20-25 yoshli ayollar ham aziyat chekishmoqda.

Endometrioz qanday kechadi?

Endometrioz – jiddiy kasallik bo‘lib, bachadon ichki qavati – endometriyning buzilishi bilan kechadi. Bu kasallikda endometriy qavat hujayralari bachadondan tashqarida o‘sib ketadi. Kasallik xavfli bo‘lishining sabablaridan biri, uni tashxislashning qiyinligidir. Umuman olganda endometriozning o‘ziga xos belgilari ham bor, ammo ayrim simptomlari ayollarda uchraydigan bir qator ginekologik kasalliklar bilan bir xil kuzatilishi mumkin. Shu sababli endometriozning ilk belgilari paydo bo‘lishi bilan umumiy tekshiruvlardan o‘tish kerak.

Kasallik profilaktikasi uchun ginekolog nazoratida bo‘lish tavsiya etiladi, ammo ko‘pchilik ayollar hech qanday kasallik bezovta qilmagan vaqtlarda profilaktika uchun ham shifokor huzuriga borishmaydi.

Endometrioz turlari

Patologik to‘qimaning joylashgan joyiga va darajasiga qarab endometrioz kasalligining bir necha turi farqlanadi.

  • Genital endometrioz – reproduktiv a’zolarda kuzatiladigan endometrioz;
  • Ekstragenital endometrioz – qo‘shni a’zolar zararlanishi bilan kechadigan endometioz (siydik pufagi, buyraklar, qorin devori va boshqalar).

Genital endometrioz ikkiga bo‘linadi:

  • Tashqi – qinda, qin-rektal devorida, bachadon nayida va tuxumdonlarda;
  • Ichki – bachadon endometriozi yoki adenomioz.
endometrioz kasalligi
llyustratsiya: www.everydayhealth.com

Adenomioz

Adenomioz haqida batafsil yoritamiz.

Adenomioz – bachadon tanasi endometriozidir. Odatda endometriy qavati siklik ravishda shakllanadi: avvalo endometriy qavati qalinlashadi, tuxum hujayra implantatsiyasiga tayyorlanadi, hayz siklining oxirida esa ko‘chib tushib, hayz suyuqligi ko‘rinishida ajralib chiqadi. Bu jarayonda endometriy faqatgina bachadonning ichki qavatidan ajralib chiqadi, bachadon mushak qavati esa maxsus membrana yordamida himoyalangan bo‘ladi.

Ammo, ba’zi sabablar tufayli bachadon shilliq qavatining qalinlashishida o‘zgarishlar kelib chiqadi va mushak qavatni himoyalab turuvchi zararlanadi, bachadon mushak qavati ham qalinlashib ketadi. Natijada, shilliq qavatning o‘zigina ko‘chib tushmay, mushak qavatini ham zararlab ketadi.

Shifokorlar adenomiozning 4 ta darajasini farqlaydilar:

  • 1 va 2 – darajada – endometriy qavat mushak qavatning o‘rtasigacha o‘sib kiradi;
  • 3 – darajada – bachadon devorining seroz qavatigacha o‘sib kiradi;
  • 4 – darajada – bachadon to‘liq hamda qorin parda ham zararlanadi.

Adenomiozning rivojlanishi bo‘yicha ham turlarga bo‘linadi:

Diffuz endometrioz – eng og‘ir kechuvchi va oqibati salbiy bo‘lgan turi. Bunda endometriy qavati bachadon devori bo‘ylab ketma ketlikda, ya’ni qavatma-qavat o‘sib boraveradi. Bu kabi adenomiozni davolash ancha qiyinchiliklar tug‘diradi.

O‘choqli endometrioz – ko‘p uchraydigan, bachadonning ma’lum bir qismigina zararlanadigan kasallik turi. Bunda bachadonning oldingi yoki orqa devori zararlanishlari farqlandi.

Tugunsimon endometrioz – bu turdagi adenomioz o‘choqli adenomioz kabi kechib, bunda mushak qavati kasallikka qarshi “himoyalangan” bo‘ladi. Shu sababli endometrioz o‘choqlari zichlashib kichik tugunchalar hosil qiladi va bu bachadonning hajmi kattalashishiga olib keladi. Ammo, o‘choqli va tugunli ko‘rinishdagi adenomiozning davolash takstikasi bir xildir.

Endometrioz kasalligi sabablari

Afsuski, shifokorlar va olimlar ham hali hanuz kasallikni keltirib chiqaruvchi aniq bir sababni topa olishmagan. Bir necha nazariyalar bor xolos, ularning hech qaysi bir o‘z isbotini topmagan.

Retrograde hayz ko‘rish – bunda hayz suyuqligining bir qismi bachadonning boshqa qsimlariga, bachadon nayi ba’zida qorin bo‘shlig‘iga tushib qoladi. Hayz suyuqligi o‘zida endometriy qavati hujayralarini saqlaydi. Natijada, bu hujayralar bachadondan tashqarida joylashib qolib, o‘sha joyda yopishadi va ko‘paya boshlaydi.

Bachadonda o‘tkazilgan turli xil muolajalar – homila tushishi, abort, poliplarni olib tashlash, har qanday ko‘rinishdagi jarrohlik amaliyotlari, laproskopiya va keservo amaliyoti ham bachadon ichi membranasini jarohatlaydi. Albatta, jarrohlik amaliyotlaridan keyin membrana tez tiklanadi, biroq uning o‘rnida chandiq qoladi. Chandiq esa endometriy qavati o‘sishiga to‘sqinlik qila olmaydi.

Gormonlar o‘zgarishi – gormonlar miqdori va sintezining o‘zgarishi ham endometrioz kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xavf guruhida doimiy stress va jismoniy-ruhiy zo‘riqishda yuradigan ayollar bo‘lib, ularning ko‘pchiligida endometrioz kasalligi kelib chiqadi.

Bundan tashqari irsiy omilning ham roli bor – ba’zi olimlar qayd etishicha oila a’zolari, yaqin qarindoshlar orasida endometrioz kasalligi kuzatilgan bo‘lsa, shu ayolning o‘zida ham kasallik rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi. Hozirgi kunda maxsus DNK-test yordamida endometriozga moyil ayollarni aniqlab olish imkoni tug‘ilgan. Bu esa xavf guruhidagi ayollar uchun profilaktik chora tadbirlarni qo‘llash imkonini beradi.

endometrioz
Foto: www.everydayhealth.com

Endometrioz belgilari va tashxislash

Endometriozni tashxislash ayrim sabablarga ko‘ra qiyinchilik tug‘diradi. Birinchidan, kasallik hech qanday simptomlarsiz boshlanadi, faqatgina jiddiy o‘zgarishlar kuzatilgandagina bilinadi. Ikkinchidan, endometriozda kelib chiqadigan simptomlar yana bir necha kasalliklarda ham kuzatiladi.

Aniq diagnoz qo‘yish uchun esa bir nechta tekshiruvlardan o‘tish kerak bo‘ladi, UTT (UZI), ginekologik oyna yordamida tekshirish, kolposkopiya va laproskopiya.

Bachadon tanasi endometriozi belgilarini har bir ayol bilishi va uning ilk yuzaga chiqishida o‘z vaqtida shifokorga murojaat etishi zarur. Ko‘pgina simptomlar hayz sikli bilan bog‘liq holda kechadi.

Eng ko‘p uchraydigan va aniq simptomlardan biri – hayz ko‘rish vaqtida og‘riq hissining bo‘lishi. Og‘riq ayol kishini hayz ko‘rishdan 1-2 kun oldin azoblay boshlaydi va hayz ko‘rishning 3 kunida maksimal darajaga yetadi. Hayz ko‘rishda og‘riq bo‘lishiga sabablar turli xil bo‘ladi. Ko‘p hollarda, og‘riqqa sabab mushaklar qisqarishiga olib keluvchi modda – prostaglandin ko‘payishi sabab bo‘ladi. Ularning bachadon to‘qimalarida ko‘payishi kuchli og‘riq hissini chaqiradi.

Og‘riq faqatgina hayz ko‘rish vaqtida bo‘lmay, hayz siklining o‘rtasida ham yuzaga chiqishi mumkin. Bunga sabab patologik o‘zgarish fonida kelib chiqqan yallig‘lanishdir.

Adenomiozning yana bir simptomi – hayz siklining buzilishidir. Ayniqsa, kasallik gormonal tabiatga ega bo‘lganda bu simptom kuchli namoyon bo‘ladi. Hayz siklining cho‘zilishi va hayz ko‘rish muddati, hamda hayz suyuqligining hajmi ortib ketishi mumkin.

Agar patologik o‘choq bachadon bo‘ynida yoki qinda bo‘lsa, ayol kishi jinsiy aloqa qilgan vaqtda kuchli og‘riq hissini sezadi. bundan tashqari jinsiy aloqadan keyin kam miqdordagi suyuqlik ham ayol qinidan ajralib chiqishi mumkin.

Adenomioz kasalligida bachadon o‘lchami ham kattalashib ketadi. Albatta, ayol kishi buni o‘zida sezmasligi mumkin, ammo UTT (UZI) tekshiruvida bu aniq ko‘rinadi.

Bachadon tanasi endometriozi nimasi bilan xavfli?

Bachadon endometriozi oqibatlari xavflidir. Avvalo, bu kasallik ayol kishida bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bu isbotlanmagan bo‘lsa ham, endometrioz bilan kasallangan ayollarning 60 % ida homilador bo‘lish qiyinligini aniqlangan.

Ba’zi ilmiy izlanishlar ko‘rsatishicha, tuxum hujayraning urug‘lanishi qiyinlashuviga sabab aynan bachadon ichki qavatining o‘sib ketishidir, ya’ni urug‘langan tuxum hujayra bachadon devoriga yopisha olmaydi. Ayrim hollarda gormonal o‘zgarish tufayli, ayol kishida umuman ovulyatsiya jarayoni ro‘y bermasligi ham mumkin.

Bachadon ichki qavatida tugunlar hosil bo‘lishi, bachadonning egilib qolishiga olib keladi va bu ham tuxum hujayraning urug‘lanishiga qarshilik ko‘rsatadi.

Baxtimizga, ko‘p hollarda bepushtlik – endometrioz davolanishi tufayli, bartaraf etiladi. Lekin, kasallikning og‘ir ko‘rinishlarida, bachadonning zararlanishi chuqurlashsa hech qanday muolajalar yordam bera olmasligi va ayol kishi bachadoni olib tashlanishi mumkin.

Endometrioz holatida ham homiladorlik ro‘y bersa ham, uni saqlab qolish qiyin bo‘ladi. Adenomioz holatlarida homila tashlash, sog‘lom ayollarga qaraganda ko‘proq uchraydi. Shu sababli endometrioz bilan kasallangan ayollar o‘z sog‘liqlariga e’tibor berishlari va jismoniy-ruhiy zo‘riqishlardan qochishlari kerak.

Adenomiozda bepushtlikdan tashqari yana boshqa asoratlar ham bor. Hayz suyuqligi hajmining ko‘payishi – ayollarda anemiya holatlariga olib keladi. Har safar ayol kishi hayz suyuqligi bilan birgalikda temir mikroelementini ham yo‘qotadi. Odatiy hollarda hayz suyuqligi 80 ml dan oshmaydi, adenomiozda esa bu ko‘rsatkich bir necha barobar ortishi mumkin. Temir mikroelementi organizmda kislorod tashish vazifasini bajarishini hisobga olsak, uning yetishmasligi ayol organizmida kislorod tanqisligiga sabab bo‘ladi. Ayol kishi o‘zini holsiz, lanj va doimiy charchagan holda sezadi.

Endometrioz kasalligi oqibatida bachadon miomasi ham rivojlanishi mumkin. Bu esa endometriy hujayralarining ko‘payishida buzilishga uchrashi bilan tushuntiriladi. Ushbu holatda bachadonni olib tashlash amaliyoti bajarilishiga to‘g‘ri keladi.

Endometrioz davosi

endometrioz davosi
Foto: www.healthywomen.org

Yuqorida keltirib o‘tilganlarni o‘qib endometrioz kasalligining qay darajada xavfli ekanligini bilib oldingiz, shu sababli shifokor nazoratidan profilaktik maqsadlarda o‘tib turish kerak.

Adenomiozni bartaraf etishning 3 ta samarali usuli bor:

  • Konservativ davo;
  • A’zoni saqlab qolgan holda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish;
  • Radikal jarrohlik amaliyoti.

Qaysi usul qay hollarda bajarilishi, kasallik darajasi va turiga qarab belgilanadi.

Konservativ davo – ayol kishida hayz ko‘rishini yarim yilgacha to‘xtatib turiladi. Bu vaqt ichida ortiqcha endometriy qavati butunlay ajralib chiqadi, endometrioz to‘qimalar chiqib ketadi, endometriy o‘sishi to‘xtaydi va mushak to‘qimlari ham tozalanadi.

Albatta, bunday muolaja gormonal preparatlar yordamida amalga oshiriladi. Ko‘pchilik ayollar uzoq muddat gormonal preparatlar qabul qilib yurishdan bosh tortishadi, bunday hollarda shifokor tomonidan yangi ishlab chiqarilayotgan ko‘proq va uzoqroq muddatga ta’sir etuvchi gormonal preparatlar tanlanishi kerak. Bundan tashqari shifokor tomonidan ayol organizmining gormonal prepratlarni ko‘ra olishi va samaralari doimo nazorat qilib turiladi.

Konservativ davo natija bermagan hollarda, bachadonni tozalash amaliyoti o‘tkaziladi. Albatta, unday muolaja o‘choqli va tugunli adenomioz kasalligida bajariladi. Kasallikning diffuz ko‘rinishida operativ usul bilan bachadonni tozalash yordam bermaydi, bunda faqatgina konservativ davo muolajalari buyuriladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan davo usullari yordam bermagan holda, eng so‘ngi variant – bachadon butunlay olib tashlanadi. Shifokorlar bu usuldan qochishga harakat qilishadi. Sababi faqatgina ayol kishining homilador bo‘lish qobiliyatini saqlab qolish emas, umuman ayol organizmining reproduktiv gormonlar ta’sirida ishlashidir. Bachadon va tuxumdonlarni olib tashlash ayol hayotini o‘zgartirib yuboradi.

Endometrioz kasalligi profilaktikasi

Kasallikning to‘liq profilaktikasi qiyin. Chunki kasallikning kelib chiqish sababi aniq meas. Shunday bo‘lsa ham, ba’zi chora tadbirlarni bajarish yordam beradi.

Birinchidan har qanday jismoniy va ruhiy zo‘riqishlar, stress holatlaridan qochishga harakat qiling;

Ikkinchidan o‘z sog‘ligingiz haqida qayg‘uring. Abortlar, bachadonni tozalash, turli xil yallig‘lanish kasalliklaridan saqlaning. Chunki bularning barchasi bachadon himoyaviy membranasining buzilishiga olib keladi va endometriozga sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari bir yilda kamida 2 marotaba ginekolog ko‘rigidan o‘tib turish kerak. Shunda ayol organizmida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan har qanday o‘zgarishlar haqida oldindan bilib olish ehtimoli paydo bo‘ladi.

Xalq tabobatimi yoki zamonaviy tibbiyot?

Adenomiozni davolashda ayol kishilarning gormonal preparatlarni qabul qilishni istamasliklariga qaytamiz. Bunda ko‘pchilik ayollar xalq tabobati yordamida davolanishni xohlashadi. Xalq tabobati usullariga gomeopatiya, gipnoz usullari va turli xil mahsulotlar bilan diyeta qilish kiradi. Bunday muolajalarni to‘g‘ri tanlanganda ularning samarasi bilinadi, ammo kasallikning faqatgina simptomlari yo‘qoladi, adenomioz esa butunlay bartaraf bo‘lmaydi va qachonlardir yana xuruj qilib qolish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Shuni inobatga olib xalq tabobati bilan o‘z boshimchalik bilan davolanmasadan, ginekologlar tavsiyasiga binoan davolanish zarur.

Bachadon tanasi endometriozi – jiddiy va xavfli kasallik bo‘lib, u o‘z vaqtida davolanishni talab etadi. Har yili ikki marotaba ginekolog ko‘rigidan o‘tib turishni unutmang, aks holda adenomiozni o‘tkazib yuborib bepushtlikka, hatto bachadonni olib tashlashgacha olib borishi mumkin, bu esa o‘z navbatida ayol kishi uchun jiddiy “zarba”dir.

Zamonaviy tibbiyot kasallikning og‘ir darajalarida ham butunlay sog‘ayib ketish imkonini beradi.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Загрузка...

One Comment

Add a Comment

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *