Chaqaloqni choʻmiltirish tartibi va foydali tomonlari

Tugʻruqxonadan uyga chiqdingizmi… albatta, sizning quvonchingiz ichingizga sigʻmasiligi aniq, axir siz bir necha oylardan beri kutib kelgan farzandingiz dunyoga keldi, ammo shu bilan birga sizda oʻzingizga boʻlgan ishonchsizlik va qoʻrquv hissi boʻlishi tabiiy, ayniqsa ilk farzand dunyoga keltirgan boʻlsangiz. Bunday holat barchaga xos, yosh onalar bolani parvarishlash, oziqlantirish, chaqaloqni choʻmiltirish kabi yumushlar bilan band boʻlib, bolakay bilan muloqotga kirishib borishi va bir biriga bogʻlanishi bilan oʻziga boʻlgan ishonch va tajriba ortib boradi.

Chaqaloqni qachon choʻmiltirish kerak?

Tugʻruqxonadan uyga kelishingiz bilanoq birinchi boʻlib qiladigan ishingiz haqida oʻylashingiz kerak, ayniqsa bolakayni qachon choʻmiltirish mumkinligi haqida. Bolakayni uyga kelgandan soʻng ilk kundayoq choʻmiltirish mumkin (agar BSJ bilan emlanish bola dunyoga kelgan kuniyoq oʻtkazilgan boʻlsa) yoki ikkinchi kuni bu ishni amalga oshirishingiz mumkin.

Chaqaloqlarni emlash haqida mana bu maqola orqali batafsil maʼlumot olishingiz mumkin: Emlash – turlari, oʻtqazilish tartibi, emlash kalendari va qarshi koʻrsatmalar

Kunning qaysi qismida chaqaloqni choʻmiltirish yaxshiroq?

 Oʻzingizga qulay boʻlgan soatni belgilang va shu vaqtda bolakayni choʻmiltirishni odat qiling, bolani emizishdan avval choʻmiltirgan yaxshiroq.

Choʻmilishga tayyorgarlik

Bolakayni choʻmiltirishdan avval eng kerakli boʻlgan narsalarni tayyorlab olish kerak boʻladi. Yordamga tajribasi bor boʻlgan onalarni chaqirsa ham boʻladi (buvijonlar yoki tajribali qoʻshni ayol). Choʻmilish jarayonida otalar ham ishtirok etgani maʼqul, chunki bolakay ham ona ham ota mehrini bir vaqtda qabul qilishi, uning ruhiyati shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Psixologlarning izlanishlari koʻrsatishicha otalar bolakaylar bilan chaqaloqlik davrdan koʻproq kontakda boʻlsalar, bola voyaga yetganda ham aloqalar shuncha mustahkam boʻlar ekan.

O‘QING:  Bolalarda tish chiqishi - tartibi, muddati va parvarishlash

Choʻmiltirish uchun kerak boʻladigan narsalar

Birinchidan – suv. Bolakayni ilk kunlarda qaynatib sovutilgan iliq suvda choʻmiltirgan yaxshiroq, kindik yarasi bitgunga qadar (odatda 18-22 kunda kindik tushadi). Bolani choʻmiltirish uchun suv harorati 38 °C ni tashkil etish kerak.

Ikkinchidan – xona. Bolakayni choʻmiltirish uchun moʻljallangan xona harorati 22-24 °C da, yelvizaklar esmasligi, keng yaʼni siz togʻoraga har qaysi tomonidan yaqinlashish imkiniyatiga ega boʻlishingiz lozim.

Uchinchidan – bola kiyimlarini oldindan tayyorlab qoʻying. Bolakayni choʻmiltirb boʻlgach kiyimlarini darhol kiyintirish uchun oldindan tayyorlab qoʻygan maʼqul. Buning uchun 2 dona pelenka, ust kiyimi, taglik va bosh kiyimcha.

Choʻmiltirish davomida 1,5-2 litr sigʻimga ega boʻlgan idishchalardan foydalanish, yumshoq sochiq, bolalar sovuni, paxta, oʻsimlik moyi yoki vazelin, bolalar upasini olishni ham unutmang.

Chaqaloqni choʻmiltirish ketma-ketligi

Chaqaloqni choʻmiltirish

Choʻmiltirish jarayoniga keldik. Bolani choʻmiltirishni ikki kishi amalga oshirgani maʼqulroq. Bunda bir kishi bolakayni choʻmiltirish bilan band boʻlsa ikkinchi kishi kerakli narsalarni uzatib turadi.

Bolakayni choʻmiltirish uchun xona tanlang, togʻorani joylashtiring va unga suv soling (suv harorati 38-39 °C), bir necha tomchi permanganat eritmasidan tomizing, och pushti rang hosil boʻlsin. Togʻoraga suvni taxminan 15 sm balandlikkacha toʻldiring, shunda bolakay yelkalari va boshi suvga koʻmilmaydi. Kindik yarasi suv ichida qolsa ham xavotirlanmang chunki siz yaraga infeksion omil taʼsir etmaslik chorasini qilib qoʻygansiz.

Endi bolakayni ehtiyotkorlik bilan yechinting, boshini chap qoʻlingiz bilan tanasi va dumbalarini esa oʻng qoʻl bilan ushlagan holda bolakayni sekinlik bilan togʻoradagi suvga tushiring. Bunda bolakay yelkalari va boshi suvga kirmasin.

Chap qoʻl bilan bosh va yelkani ushlagan holda oʻng qoʻlingiz bilan bolakay boshidan, yelkalaridan, qorni va chov sohalarini suv bilan yuving, bolani qorni bilan ushlagan holda orqasi va dumbalariga suv oqizing. Bolalar sovuni bilan bolakay tanasini yengil harakatlar bilan yuving. Soʻngra sekin astalik bilan bolakay tanasining sovunli qismlariga suv quyib chiqing.

O‘QING:  Emlash - turlari, o‘tqazilish tartibi, emlash kalendari va qarshi ko‘rsatmalar

Choʻmiltirib boʻlgach

Endi bolakayni yumshoq sochiqqa oʻrang va oldindan tayyorlab qoʻygan choyshablar yozilgan joyga olib boring. Bolakayni boshidan boshlab sekin-astalik bilan butun tanasini yumshoq sochiq bilan artib chiqing. Soʻngra boʻyin, sohasi dumba va qoʻltiqlarga oʻsimlik moyidan surting. Teri quruq boʻlgach dumbaga bolalar upasidan ham sepsa boʻladi.

Bolakayni kiyintirish

Bolakayga mavsumga mos qalinlikda kiyimchalarini kiydiring, sochlari quruq boʻlganga qadar qalpoqchasini ham kiydirib qoʻying. Oyoqlari orasiga oʻziga mos boʻlgan tagliklarni joylashtiring.

Bolakay bilan butun choʻmiltirish davomida suhbat quring, uni erkalang, maqtang.

Ana boʻldi! Endi bolakayni oziqlantirsa ham boʻladi.

Bolakayni choʻmiltirishga oid baʼzi savollar

Jarayon qancha vaqt davom etadi?

Birinchi choʻmiltirish – 2-3 daqiqa davom etishi, soʻngra 10-15 daqiqagacha sekin-astalik bilan olib borilishi kerak. Uzoq vaqt choʻmiltirish natijasida bolakay sovuq qotishi mumkin!

Har kuni chaqaloqni choʻmiltirish shartmi?

Albatta, nafaqat gigiyenik jihatdan, balki choʻmilish natijasida bolakay asab tizimi ham yaxshilanadi, uyqusida bezovtaliklar roʻy bermaydi.

Sovundan qancha foydalanish kerak?

Qish mavsumida 1 haftada 1 marotaba, yozda esa 2-3 marotaba.

Suvga oʻsimliklar yoki koʻpik qoʻshsa boʻladimi?

Ha albatta, faqatgina kindik yarasi bitib boʻlgach suvga chereda, romashka, chistotel, lavroviy list qoʻshib bolakayni choʻmiltirish mumkin yoki dorixonalarda tayyor holda bolalarni choʻmiltirish ishlab chiqarilgan vositalardan foydalanish ham mumkin.

bolani choʻmiltirish

Bolakayni katta vannada qachon choʻmiltirish mumkin?

Bolakay toʻliq oʻtirishni oʻrgangach katta vannada choʻmiltirish mumkin. Buning uchun vanna tagiga sirpanib ketmaydigan mato tashlang, bolakayni bellarigacha balandlikda suv toʻldiring. Hech qachon bolani yolgʻiz qoldirmang, bolakay hatto 15 sm.li suvda ham choʻkishi mumkin yoki issiq suv quvurini ochib yuborishi mumkin.

Qaysi yoshdan boshlab bolalar shampunidan foydalanish mumkin?

Bolalar shampunidan 3-4 oylikdan boshlab foydalanish mumkin, bu shampun bolakay koʻzlarini achishtirmaydi, terini qoʻzgʻatmaydi va terini quritib yubormaydi.

Yana bir taʼkidlab oʻtamiz: qoʻrqmang! Bolakay bilan “til topishgan” holda choʻmilish bora-bora siz va farzandingiz uchun juda maroqli jarayonga aylanib qoladi.

O‘QING:  Qiz bolalarda vulvit kasalligi - sabablari, belgilari, turlari va davolash usullari
Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Bolalar salomatligi » Chaqaloqni choʻmiltirish tartibi va foydali tomonlari


Loading...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan