Chaqaloqlarda qorin dam boʼlishi – sabablari, belgilari va bartaraf etish yoʼllari

Chaqaloqlarda qorin dam boʼlishi yoki tibbiyot tilida meteorizm – bolalarda koʼp kuzatiladigan jiddiy muammolardan biridir. Ichak boʼshliqlarida toʼplanib qolgan gaz ichak devorlari kengayishi, nerv oxirlarini taʼsirlashi va ogʼriq keltirib chiqarishi va qorin dam boʼlishiga sabab boʼladi.

Аlbatta, bunday vaziyatda bolakaylar bezovta boʼladilar, yigʼlaydi, xarxasha qiladila. Bunda barchaga maʼlum boʼlgan «buvijonlar» usuli – ukrop (shivit) damlamasi faqatgina vaqtinchalik yordam beradi xalos, agar yordam bersa!

Qorin dam boʼlganda bolakayga qanday yordam berish mumkin, degan savol koʼpgina onalarni qiynashi tabiiy. Shu sababli chaqaloqlarda kuzatiladigan meteorizm haqida quyida batafsil «gaplashamiz».

Chaqaloqlarda qorin dam boʼlishi
Foto: Shutterstock

Chaqaloqlarda qorin dam boʼlishi sababi nima?

Ichaklarda gaz hosil boʼlishi – organizm uchun normal holat hisoblanadi. Gazlar oshqozon-ichak tizimida quyidagi sabablar natijasida paydo boʼladi:

  • Bolakay emish vaqtida havo yutishi;
  • Kislotali oshqozon shirasi ichakka tushishi va ichakda oshqozon osti bezi ishlab chiqaradigan fermentlar natijasida neytrallanishi;
  • Аyrim bakteriya mikroflorasi koʼpayishi natijasida ovqat mahsulotlarining parchalanishi.

Shu kabi holatlarda ichaklar muammo kuzatilsa, gaz chiqib ketishi qiyinlashadi va qorin dam boʼlishiga olib keladi. Ichakdagi mahsulotlar koʼpikka aylanadi. Ichak sekreti yopishqoq modda boʼlganligi sababli koʼpik choʼkishi qiyin boʼladi.

Ichak peristaltikasi natijasida koʼpiklar yanada koʼpayadi va kengayadi. Bu kabi koʼpik nafaqat qorinda dam boʼlishi, balki diskomfort hissi, ogʼriq chaqiradi, bundan tashqari ular ovqat moddalarining ichak devorlari bilan taʼsirlashuvini qiyinlashtiradi, natijada moddalar ichaklardan soʼrilishi va hazm boʼlishi qiyinlashadi.

Qorin dam boʼlishining asosiy sabablaridan biri ichaklarda yashovchi «foydali» va «zararli» bakteriyalar nisbatining buzilishidir. Bunday holat disbioz deb ataladi va bolalarda koʼp kuzatiladi. Normal mikroflora yetishmovchiligi natijasida ichaklarda bijgʼish va achish jarayoni kuchayadi, gazlar toʼplanishi ortadi.

Bolalarda disbioz keltirib chiqaradigan omillar:

  • Sunʼiy oziqlantirish;
  • Ona hamda bolaning antibiotiklar qabul qilishi;
  • Oʼtkir ichak infeksiyalari;
  • Sutdagi laktozani parchalaydigan ferment yetishmovchiligi;
  • Oshqozon-ichak tizimidagi surunkali kasalliklar (gastroduodenit, nospetsifik yarali kolit va boshqalar).
O‘QING:  Bolalarda pnevmoniya kasalligi - sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Bundan tashqari, 3 oygacha boʼlgan bolalarda ichaklarda normal mikroflora endigina shakllanayotgan boʼladi. Аynan mana shu davrda chaqaloqlarda ichak xurujlari koʼp kuzatiladi.

Chaqaloqlarda qorin dam boʼlishi belgilari

1 oydan 3 oygacha boʼlgan bolakaylarda qorin dam boʼlishi ichak xurujlari koʼrinishida namoyon boʼladi. Bolakay qorni shishadi, baland ovozda yigʼlaydi, yuzlari qizaradi, bolakay xarxasha qiladi, oyoqlarini qoringa yigʼib olishga harakat qiladi.

Bolakayni tinchlantirish va emizishga harakat qilish samarasiz kechadi: bolakay barchasini inkor etadi. Xuruj odatda tungi vaqtda boshlanadi, bir necha soat davom etishi mumkin, bolakay yel chiqarganda yoki ichi kelganda tinchlanadi.

Kattaroq yoshdagi chaqaloqlar ham injiqlik qilishi, ovqatlanishdan bosh tortishi va uyqusi buzilishi mumkin. Oʼzida boʼlayotgan oʼzgarishlarni soʼz bilan ifodalay oladigan bolalar qorindagi ogʼriq, qorin gʼuldurashi va nafas olishda qiyinchiliklarga shikoyat qilishadi.

Аlbatta eng asosiy belgi bu – qorinning qattiq, yumaloq shaklda va shishib qolganidir, uni payqash uchun mutaxassis shifokor boʼlish shart emas.

Qorin dam boʼlganda bolakayga qanday yordam bersa boʼladi?

Koʼkrak yoshidagi bolakaylarda qorin dam boʼlishini bartaraf etish uchun uni qorin bilan yotqizish, qorin sohasiga ilitilgan choyshab yopish va gaz oʼtkazuvchi trubkalardan foydalanish mumkin. Bolakayni emizgandan soʼng 5-15 daqiqa davomida tik holda ushlab turish lozim, shu yoʼl bilan u yutgan havosini chiqarib yuboradi. Onalar oʼz ovqatlanish ratsionida dudlangan, yogʼli mahsulotlar isteʼmolini kamaytirishlari lozim.

Har qanday yoshdagi bolalarda qorin massaji toʼplangan gaz chiqishini osonlashtiradi. Buning uchun soat strelkasi boʼylab aylana harakat qilish kerak. Bundan tashqari iliq suvda vanna qabul qilish ham ichaklardagi spazmlarni kamaytiradi.

Ichaklarda gaz toʼplanishini kamaytiradigan mahsulotlarga ukropli (shivit) damlama, fenxeldan damlangan choy kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Dori preparatlaridan sorbentlar tavsiya etiladi, masalan Smekta, Polisorb va boshqalar yoki ichaklardagi koʼpiklarni parchalab yuboruvchi preparatlar qabul qilish yaxshi samara beradi (Bobotik, Espumizan, Sab Simpleks va boshqalar.

O‘QING:  Bolalarda appenditsit - sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Shuni unutmaslik kerakki, yuqoridagi kabi preapratlar qorin dam boʼlishiga ichaklardagi mikroflora disbalansi sabab boʼlganda yordam bera olmaydi. Bunday vaziyatda muammoning yechimi – probiotiklar qabul qilishdir.

Probiotiklar – bular maxsus preparatlar boʼlib, ular tirik ichak normal bakteriyalaridan iboratdir. Odatda ikki xil probiotiklar chiqariladi: bifidobakteriyalar va laktobakteriyalar. Har ikkala preparatlar ham ichak normal hazm qilish jarayoni uchun muhimdir.

Demak, qorin dam boʼlishi – bu bolalar ichagida ortqicha gaz toʼplanishi boʼlib, bunga koʼpincha sabab mikroflora balansining buzilishi boʼladi. Bunday vaziyatda bolakaylarga asosiy muammoning yechimi – probiotiklar berish tavsiya etiladi. Qolgan barcha preparatlar simptomatik boʼlib, bola umumiy ahvolini yaxshilash uchun xizmat qiladi.

Mavzuga aloqador maqolalar:

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Bolalar salomatligi » Bolalar kasalliklari » Chaqaloqlarda qorin dam boʼlishi – sabablari, belgilari va bartaraf etish yoʼllari


Loading...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan