Bolalarda skolioz – turlari, sabablari, belgilari, davolash va oldini olish usullari

Bolalarda skolioz – umurtqa pogʻonasi deformatsiyasi boʻlib, uning bir tarafga qiyshayishi bilan namoyon boʻladigan holat. Bolalarda skolioz yelka kamari, kurak suyaklari assimetrikligi, koʻkrak qafasi deformatsiyasi va ichki aʼzolar funksiyasining buzilishi bilan kechadi. Skolioz diagnostikasida umurtqa pogʻonasining polipozitsion rentgenografiyasi oʻtkaziladi. Skoliozning konservativ davosi ortopedik rejim, massaj, maxsus gimnastika, fizioterapiya, ortopedik korset taqib yurish va koʻrsatma boʻyicha xirurgik muolaja yordamida olib boriladi.

Umurtqa pogʻonasi va paravertebral toʻqimalarning patologik qiyshayishi boʻlib, bunda umurtqa pogʻonasi oʻz oʻqi atrofida aylanishi, statik-dinamik oʻzgarishlar, ichki aʼzolarda buzilishlar yuzaga chiqadi. Bolalar ortopediyasida skolioz – tayanch harakat aʼzolari bilan bogʻliq patologiyalar ichida eng koʻp uchraydigan holat hisoblanadi. Umumiy bolalar va oʻsmirlarning 5-10 % ida uchraydi. Skolioz qiz bolalarda koʻproq kuzatiladi, qiz bolalar va oʻgʻil bolalarda uchrash nisbati 9:1 ni tashkil qiladi. Skoliozning xavflilik darajasi faqatgina kosmetik deffektdan iborat boʻlib qolmay, ogʻir koʻrinishlarida ichki aʼzolar va qon tomirlarning ezilishi, siqilishi va funksiyasining buzilishi ham kelib chiqishi mumkin.

bolalarda skolioz

Bolalarda skolioz klassifikatsiyasi

Skolizoning yuzaga chiqish davriga koʻra: chaqaloqlar skoliozi – 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda uchraydi, bolalar skoliozi 10 yoshgacha boʻlgan bolalarda, oʻsmirlar skoliozi 18-20 yoshli bolalarda kuzatiladigan turlari farqlanadi.

Umurtqa pogʻonasining qiyshiqligi boʻyicha: C-simon skolioz, bir taraflama qiyshayish; S-simon skolioz, ikki taraflama qiyshayish; Z-simon skolioz, uch traflama qiyshayish shakllari bor.

Rentgenologik tasvirga asoslangan holda umurtqa pogʻonasining qiyshiqlik darajasi va qiyshayish graduslariga qarab bolalarda skoliozning IV darajasi tafovut etiladi:

  • I darajali skolioz – yon tomonga qiyshayish 10°ni tashkil etadi va rentgenogrammada kuchli boʻlmagan torsiya (ogʻish) kuzatiladi;
  • II darajali skolioz – qiyshiqlik 10 dan 25°gacha boʻladi va sezilarli torsiya (ogʻish), umurtqa pogʻonasining yuqori qismlari deformatsiyasi kuzatiladi;
  • III darajali skolioz – qiyshiqlik 25 dan 50°gacha boʻladi va kuchli torsiya holati (qovurgʻalar bukirligi), umurtqa pogʻonasida kuchli oʻzgarishlar kuzatiladi;
  • IV darajali skolioz – 50°dan katta boʻlgan qiyshiqlik, umurtqa pogʻonasining sezilarli deformatsiyasi, koʻkrak qafasining oʻzgarishi va ichki aʼzolar ezilishi, siqilishi va ularning funksiyasining buzilishi kuzatiladi.

Bolalarda skolioz umurtqa pogʻonasi qiyshiqlik joylashgan oʻrniga koʻra quyidagilarga boʻlinadi: yuqori-koʻkrak qism (Th3-Th4), koʻkrak (Th8-Th9), koʻkrak-bel (Th11-Th12), bel (L1-L2), bel-dumgʻaza (L5-S1), kombinatsiyalangan (bir necha qismlarida bir xil darajadagi torsiya holatlari).

O‘QING:  Neonatal qandli diabet - sabablari, belgilari, tashxislash va davolash asoslari

Etiologiyasi boʻyicha skolioz: tugʻma va orttirilgan boʻlishi mumkin.

Bolalarda skoliozning kelib chiqish sabablari

Bolalarda tugʻma skoliozga olib keluvchi sabablar – umurtqa pogʻonasi rivojlanishidagi anomaliyalar (umurtqa suyaklari oʻsigʻi sinostozi, xanjarsimon umurtqa pogʻonasi), qovurgʻalar shakllanishidagi buzilishlar (qoʻshimcha qovurgʻalar, qovurgʻalar sinostozi va boshqalar), bel-dumgʻaza umurtqalari displaziyasi (spondilioz, lyubalizatsiya, sakralizatsiya va boshqalar) boʻlishi mumkin.

Orttirilgan skolioz bolalarda nerv-mushak, metabolik, oʻsma kasalliklari va travmalar natijasida kelib chiqadi. Statik skoliozni esa tugʻruqdagi jarohatlar, tugʻma son chiqishi, tananing pastki qismi kaltaligi, tizza va chanoq-son boʻgʻimi kontrakturasi oqibatida yuzaga chiqadi. Nevrogen skolioz bolalar serebral paralichi, polimiyelit, siringomiyeliya, Fridreyx ataksiyasi, orqa miya jarohatlari asorati sifatida kuzatiladi. Genez skoliozga olib keluvchi omillar esa – tugʻma mushaklar gipotoniyasi, mushaklar distrofiyasi va tugʻma boʻyin umurtqasi qiyshiqligi boʻlishi mumkin.

Bolalarda skolioz asosida travmatik deformatsiyalar umurtqada (umurtqa pogʻonasi suyaklari sinishi, torakoplastika, laminektomiya va boshqalar) yoki umurtqadan tashqari (tananing katta hajmli kuyishi, plevra empiyemasi va boshqalar) yotadi.

Koʻp hollarda bolalarda skoliozning metobolik buzilishlar oqibatida ham kelib chiqadi (raxit, sistinoz, osteogenezning oxirigacha yakunlanmasligi, Xanter sindromi), biriktiruvchi toʻqimaning nasliy kasalliklari (Marfan sindromi, ElersDanlos sindromi), revmatik patologiyalar (yuvenil revmatoid artrit), umurtqa pogʻonasi va orqa miya oʻsma kasalliklari, oʻsmirlar osteoxondrozi, neyrofibromatoz kabi kasalliklar.

Skoliozga olib keluvchi omillar koʻp boʻlishiga qaramay, bolalarda umurtqa pogʻonasi qiyshiqligi sababi idopatik boʻlishi ham mumkin, yaʼni sababi nomaʼlum.

Skoliozga olib keluvchi xavf omillariga umumiy asteniya, gipodinamiya, umurtqa pogʻonasiga ogʻirlik tushishi kiradi.

Bolalarda skolioz belgilari

skolioz kasalligi

Idiopatik skolioz 6-7 yosh bolalarda boʻy oʻsishi tezlashgan vaqtda, profilaktik tekshiruvlar olib borilganda aniqlanadi. Skoliozning klinik belgilari umurtqa pogʻonasining qiyshayish darajasiga qarab turli xil koʻrinishda boʻlishi mumkin.

I darajali skolioz quyidagi klinik belgilar yuzaga chiqqanda aniqlanishi mumkin: bosh holatining pastga biroz tushishi, yelkalarning egilishi, chanoqning oʻzgarishi, yelka kamarining assimetriyasi, umurtqa pogʻonasining oʻz oʻqi atrofida aylanishi. Umurtqa egriligi bolani egilgan holatga keltirganda bilinadi, uni tik holatga keltirganda esa qiyshiqlik sezilmaydi.

O‘QING:  Neonatal talvasalar (sudorgi) - sabablari, belgilari, diagnostikasi va davosi

II darajali skoliozda yuqorida sanab oʻtilgan belgilardan tashqari umurtqa pogʻonasining patologik rotatsiyasi, koʻkrak va umurtqa sohasidagi mushaklarning qiyshaygan tarafga tortilishi. Umurtqa pogʻonasi qiyshiqligi bola tana holatining har qanday oʻzgarishida ham sezilib turadi.

III darajali skoliozda umurtqa pogʻonasining oʻz oʻqi atrofida sezilarli darajada aylanishi, “qovurgʻa bukirligi” kelib chiqishi, mushaklar kontrakturasi, qorin mushaklarining boʻshashi kabi belgilar kuzatiladi.

IV darajali skoliozda umurtqa pogʻonasi sezilarli darajada defomatsiyalanadi, paravertebral mushaklar tortiladi, “qovurgʻa bukirligi” yaqqol namoyon boʻlgan, qovurgʻa mushaklari esa boʻshashib qolgan holatda boʻladi.

Skolioz patologiyasining davom etishi jiddiy oʻzgarishlarga sabab boʻladi, masalan koʻkrak qafasi deformatsiyasi, yurak joylashuvining oʻzgarishi va siqilishi, oʻpka va qon tomir chigallarining ezilishi kabi. Bu kabi holatlar – bolalar skoliotik kasalligi atamasi bilan yuritiladi.

I va II darajali skolioz odatda subyektiv shikoyatlarsiz kechadi. III va IV darajali skoliozda belda ogʻriq, tez charchash, hansirash, yurak sohasida ogʻriq, taxikardiya, harakatlanishdagi oʻzgarishlar kuzatiladi.

Bolalar va oʻsmirlarda skolioz oqibatlari va asoratlariga vegeto-qon tomir distoniyasi, neyrosirkulyator distoniya, oʻt yoʻllari diskineziyasi, xolesistit va boshqalar boʻlishi mumkin. Skoliozdan aziyat chekadigan qiz bolalarda hayz siklining buzilishi, kelajakda homiladorlikning spontan toʻxtashi, tugʻruq jarayoni bilan bogʻliq muammolar (holsizlik, diskoordinatsiya) kelib chiqishi mumkin.

Koʻp hollarda skolioz yondosh tayanch-harakat aʼzolari kasalliklar bilan birgalikda kechadi, masalan chanoq-son boʻgʻimi displaziyasi, yassi oyoqlik, kifoz (umurtqa pogʻonasining saggital qiyshayishi).

Skolioz kasalligi diagnostikasi

Skoliozni erta muddatlarda aniqlash – maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda muhim hisoblanadi. Skoliozni pediatr, bolalar jarrohi, nevropatologi va ortoped tomonidan aniqlanadi. Toʻgʻri va aniq diagnoz qoʻyish uchun bolani turgan holda (oldindan, yondan, orqa tarafdan), oʻtirgan holatda va yotgan holatda tekshirish kerak. Bunda yelkalarning balandligi, assimetrikligi, kurak suyaklarining holati, “qovurgʻa bukirligi”, chanoq holati va boshqa skolioz belgilariga ahamiyat berilishi kerak. Umurtqa pogʻonasining qiyshiqlik darajasini graduslarda oʻlchash uchun skoliozometrdan foydalaniladi. Umurtqa pogʻonasining 5-7° dan ortqi qiyshayishi, rentgenologik tekshiruvga asos boʻla oladi.

Umurtqa pogʻonasi rentgenografiyasi bola turgan va oʻtirgan holatida, 2 ta proyeksiyada olinadi. Olingan rentgenologik tasvirga qarab umurtqa pogʻonasi qiyshiqlik darajasi Fergyusson yoki Kobb usuli yordamida aniqlanadi. Umurtqa pogʻonasining qiyshaygan va shifokor uchun muhim boʻlgan qismlari qoʻshimcha sifatida kompyuter tomografiyasi, MRT, miyelografiya tekshiruvlari ham oʻtkaziladi. Ichki aʼzolarda funksional oʻzgarishlarni aniqlash uchun bolalar pulmonolog, bolalar kardiologi, bolalar gastroenterologining tavsiyalari kerak. Koʻrsatmaga binoan FVD, EKG, qorin boʻshligʻI aʼzolari UTT (UZI) tekshiruvi ham oʻtkaziladi.

O‘QING:  Raxit kasalligi - davolash va oldini olish usullari (2-qism)

Bolalarda skolioz davosi

Skolioz davosi uning darajasidan kelib chiqib olib boriladi. Skoliozni konservativ davosi fizioterapevt, massajist, vertebrolog, manual terapevt mutaxassislar yordamida oʻtkaziladi. I va II darajali, kuchayib ketmaydigan bolalar skoliozi davosida – skoliozga olib keluvchi sababni aniqlash, umurtqa pogʻonasiga bosimni kamaytirish, aktiv harakatlanishni amalga oshirishga eʼtibor qaratiladi. Qoʻshimcha ravishda davolovchi gimnastika, orqa sohani massaj qilish, suzish mashqlarida qatnashish tavsiya etiladi. Skoliozni davosida eng muhim boʻlgan jihati – ortopedik rejimga rioya etishdir, yaʼni uyqu qattiq va tekis joyda boʻlishi, qad qomatni tik tutgan holda turish va yurish hisoblanadi.

I va II darajali belgilari kuchayib boruvchi skoliozni bartaraf etish uchun yuqoridagi chora tadbirlardan tashqari fizioterapiya (elektrostimulyatsiya, magnitoterapiya, suvda davolanish, loyda davolash), ortopedik massaj, manual terapiya kabi muolajalar oʻtkaziladi. Umurtqa pogʻonasini toʻgʻri holda ushlash uchun ortopedik korset taqib yurish kerak boʻladi.

Skoliozni jarrohlik amaliyoti bilan davolashga koʻrsatma konservativ davo choralarining samarasi boʻlmaganda va skoliozning belgilari tez rivojlanganda, qiyshiqlik 40° dan koʻp boʻlganda va hayot uchun muhim aʼzolar funksiyasi buzilganda buyuriladi. Jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun optimal yosh 10-14 yoshlar oraligʻidir. Jarrohlik amaliyotida umurtqa pogʻonasini implantatsiya yoʻli bilan fiksatsiya qilish oʻtkaziladi. Barcha jarrohlik amaliyotlaridan avval umurtqa pogʻonasini tortish oʻtkaziladi.

Koʻrsatmaga binoan suyak-plastik jarrohlik amaliyotlari ham oʻtkazilishi mumkin (umurtqa suyagi oʻsmasi rezeksiyasi), diskektomiya, kosmetik aralashuv (“qovurgʻa bukri”ni rezeksiya qilish, ekstraplevral torakoplastika, kurak burchagi rezeksiyasi) va boshqalar. Jarrohlik amaliyotidan keyin uzoq mudddatli reabilitatsion terapiya buyuriladi.

Skolioz kasalligi profilaktikasi va oqibati

Salbiy oqibatga olib keluvchi holat umurtqa pogʻonasining erta yoshlarda deformatsiyaga uchrashidir (6 yoshgacha). 10-12 yoshdagi bolalarda skolioz oqibati nisbatan ijobiy boʻladi. Umuman olganda barcha bolalar skoliozdan aziyat chekkan holda yil davomida kamida 2 marta davo muolajalari olishlari kerak. Jarrohlik amaliyoti esa umurtqa pogʻonasi qiyshiqligini biroz toʻgʻirlaydi va belgilarning rivojlanib ketishini toʻxtatib turishga yordam beradi. Shu sababli ota-onalar bolalariga toʻgʻri ortopedik “gigiyena”ni oʻrgatmoqlari lozim.

Skoliozni oldini olish uchun bolalarni tekis va qattiq yotoq joyida uxlashga oʻrgatish, oʻquv maskanlarida oʻziga mos stol stullardan foydalanish, sport bilan shugʻullanish (ayniqsa suv sport turlari bilan), umurtqa pogʻonasiga ogʻirlik tushirmaslikka harakat qilish va travmalardan qochish kerak.


Bolangizni parvarishlashda ishonchli va foydali maʼlumotlar zarurmi? Marhamat, “Lalu — Onalar maktabi” mobil ilovasini hoziroq bepul yuklab oling.

Ilova orqali chaqaloq va bola rivojlanish kalendari, farzandingizni toʻgʻri parvarishlash boʻyicha koʻrsatmalar, bolalarda koʻp kuzatiladigan kasalliklar haqida maʼlumotlar olishingiz, emlash taqvimi va vazn/uzunlik kabi koʻrsatkichlarini nazorat qilib borishingiz mumkin.

Hoziroq bepul yuklab oling




One Comment

Add a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan