Bolalarda pnevmoniya kasalligi – sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Bolalarda pnevmoniya – oʻpka parenximasining barcha struktur funksional birligida kechadigan oʻtkir infeksion yalligʻlanishli kasallik. Pnevmoniya bolalarda intoksikatsiya belgilari, yoʻtal, nafas yetishmovchiligi kabi belgilar bilan kechadi. Bolalarda pnevmoniya tashxisi auskultativ, klinik-laborator va rentgenologik tekshiruvlar asosida qoʻyiladi. Bolalarda pnevmoniya davosi anbiotikoterapiya, bronxiolitik, tana haroratini tushiruvchi, balgʻam koʻchiruvchi, antigistamin preparatlardan foydalangan holda olib boriladi.

bolalarda pnevmoniya kasalligi

Bolalarda pnevmoniya – oʻpkaning oʻtkir infeksion kasalligi boʻlib, rentgenogrammadagi infiltrativ oʻzgarishlar va nafas yoʻllarining pastki sohasidagi zararlanishlar bilan namoyon boʻladi. Pnevmoniyaning bolalar orasida tarqalish darajasi erta yoshdagi bolalarda har 1000 ta bolaning 5-20 tasida, 3 yoshdan katta bolalarda har 1000 ta bolaning 3 tasida uchraydi. Bolalar oʻrtasida pnevmoniya bilan kasallanish gripp epidemiyasining mavsumiy tarqalgan vaqtida koʻpayib ketadi. Nafas yoʻllarining barcha kasalliklari ichida pnevmoniya 1-1,5 % ni tashkil etadi. Diagnostika farmokoterapiyaning rivojlanganligiga qaramay pnevmoniya asorati qolishi va ogʻir koʻrinishlarida oʻlim holati qayd etilishi hali hanuz stabil yuqori holatda turibdi. Bularning barchasi pediatriya va bolalar pulmonologiyasi sohasida pnevmoniyani oʻrganish dolzarb mavzu ekanligidan dalolat beradi.

Bolalarda pnevmoniya klassifikatsiyasi

Pnevmoniyaning klinik koʻrinishi, rentgenologik tasvir, ogʻirlik darajasi, kasallik davomiyligi, etiologiyasi va boshqa jihatlarini eʼtiborga olib turli xil klassifikatsiyasi bor.

Bolaning kasallanish sharoitiga qarab: shifoxonadan tashqari va shifoxona ichi, hamda tugʻma pnevmoniyalar farqlanadi;

Shifoxonadan tashqari, pnevmoniya uy sharoitida, RVI kasalliklari asorati sifatida rivojlanadi. Shifoxona ichi pnevmoniyasi bola shifoxonaga kelganidan 72 soat oʻtib va bola shifoxonadan chiqarilgandan 72 soat oʻtgandan keyin kasallanishidir. Shifoxona ichi pnevmoniyasi bolalarda ogʻir kechadi va oqibati salbiy boʻladi. Chunki kasalxona ichida pnevmoniya chaqiruvchi bakteriyalar antibiotiklarga chidamliligi yuqori boʻladi. Immun tanqis bolalarda tugʻilganidan 72 soat ichida kasallanishi tugʻma pnevmoniya deyiladi.

Bolalarda rentgenomorfologik belgilarga qarab pnevmoniya quyidagicha boʻlishi mumkin:

  • Oʻchoqli – infiltrat oʻchogʻi 0,5-1 sm kattalikda, bir yoki bir necha oʻpka segmentlarida joylashadi, baʼzida bilateral holda namoyon boʻladi. Oʻpka toʻqimasining yalligʻlanishi kataral xarakterga ega boʻladi, alveola boʻshligʻida seroz ekssudat toʻplanishi bilan kechadi.
  • Segmentar – oʻpkaning butun segmenti yalligʻlanishi va uning atelektazi bilan kechadigan pnevmoniya turi. Segmentar pnevmoniya koʻpincha bolalarda choʻzilgan pnevmoniya koʻrinishida boʻladi va oqibati oʻpka fibrozi yoki deformatsiyalanuvchi bronxit bilan tugaydi.
  • Krupoz (tarqoq) – yalligʻlanishning giperergik koʻrinishi, lobar yoki sublobar joylashuvga ega boʻlgan, plevra ham zararlanishi bilan kechadigan pnevmoniya (plevropnevmoniya).
  • Intersitsitsial – oʻpka intersitsial (biriktiruvchi) toʻqimasining infiltratsiyasi va proliferatsiyasi boʻlib, u oʻchoqli yoki diffuz koʻrinishida boʻladi. Intersitsial pnevmoniya koʻpincha pnevmotsistalar, viruslar, zamburugʻlar taʼsiri natijasida kelib chiqadi.
O‘QING:  Bolalarda diatez - turlari, sabablari, tashxislash va davolash usullari

Pnevmoniyaning ogʻirlik darajasi boʻyicha: asoratsiz va asoratli turlari farqlanadi. Asoratli pnevmoniyada nafas yetishmovchiligi, oʻpka shishi, plevrit, oʻpka parenximasi destruksiyasi (absess, gangrena), ekstrapulmonal septik oʻchoq, yurak-qon tomir tizimi buzilishi va boshqalar kuzatiladi.

Bolalarda pnevmoniya kechishi boʻyicha: oʻtkir yoki choʻzilgan boʻlishi mumkin. Oʻtkir pnevmoniya 4-6 hafta davom etsa, choʻzilgan pnevmoniya yalligʻlanishning klinik-rentgenologik belgilari 1,5 oygacha saqlanib qoladi.

Etiologiyasi boʻyicha pnevmoniya virus, bakterial, zamburugʻli, parazitar, mikoplazma, xlamidiya va aralash turlariga boʻlinadi.

Bolalarda pnevmoniya kelib chiqishi sabablari

Bolalarda pnevmoniya etiologiyasi ularning yoshi va bolaning zararlanish sharoitiga qarab farqlanadi.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda pnevmoniya kelib chiqishi asosan homila ichi yoki shifoxona ichi infeksiyalari bilan bogʻliq. Tugʻma pnevmoniya koʻpincha oddiy gerpes virusining 1 va 2 tip, sitomegalovirus, xlamidiyalar sababli rivojlanadi. Kasalxona ichi pnevmoniyasini keltirib chiqaruvchi patogenlar ichida asosiy oʻrinni B guruh streptokokklari, tillarang stafilokokk, ichak tayoqchasi, klebsiyellalar egallaydi. Chaqaloqlar orasida pnevmoniya kelib chiqishiga – gripp, paragripp, qizamiq va boshqa viruslarning ham oʻrni katta.

Bir yoshgacha boʻlgan bolalar kasalxona tashqarisi pnevmoniyasi kelib chiqishida pnevmokokklar (70-80 % hollarda), gemofil tayoqchalar, maroksella va boshqalarning oʻrni katta. Maktabgacha boʻlgan yoshda pnevmoniya kelib chiqishiga gemofil tayoqcha, ichak tayoqchasi, proteyalar, klebsiyella, enterobakteriya, koʻk yiring tayoqchasi va tillarang stafilokok an’anaviy patogen hisoblanadi. Maktab yoshidagi bolalarda oʻpkaning tipik yalligʻlanishi bilan bir qatorda atipik pnevmoniyalar ham uchrab turadi.

Bolalarda pnevmoniya rivojlanishida xavf omillariga chala tugʻilganlik, gipotrofiya, immun tanqislik, stress, sovuq qotish, surunkali infeksiya oʻchoqlari (kariyes, gaymorit, tonzillit) kiradi.

Oʻpkalarga infeksiya havo-tomchi yoʻli bilan kiradi. Aspiratsion pnevmoniya rivojlanishi burun-yutqin yoʻllari shilligʻi, qayt qilgandagi oziq mahsulotlari, gastroezofageal reflyuks, disfagiya natijasida kelib chiqadi. Oʻpkadan tashqari infeksiya oʻchogʻidan gematogen yoʻl bilan oʻpka toʻqimasining zararlanishi ham kuzatiladi.

Shifoxona ichi pnevmoniyasi bolalarda traxeal aspiratsiya va bronxoalveolyar lavaj, ingalyatsiya, bronxoskopiya oʻtkazilganda ham rivojlanishi mumkin.

Bakterial infeksiyaning “oʻtkazuvchisi” boʻlib viruslar xizmat qiladi, viruslar nafas yoʻllari shilliq qavatini zararlaydi, epiteliyning baryer funksiyasini pasaytiradi, shilliq ajralishini koʻpaytiradi, mahalliy immunitetni pasaytiradi va terminal bronxlarga infeksiya kirishini osonlashtiradi. U joyda mikroorganizmlarning tez koʻpayishi va yalligʻlanish jarayoni boshlanishi, oʻpka toʻqimasining zararlanishi kuzatiladi. Yoʻtal vaqtida balgʻam joyidan koʻchib katta oʻlchamdagi bronxlarga tushadi va ulardan boshqa respirator bronxiolalarga oʻtadi, natijada yangi yalligʻlanish oʻchoqlari paydo boʻladi.

O‘QING:  Bolalarda anemiya yoki kamqonlik - turlari, sabablari, belgilari va davolash usullari

Yalligʻlanish oʻchogʻi paydo boʻlishida bronxlar obstruksiyasi va oʻpka toʻqimasining gipoventilyatsiyasi muhim ahamiyatga ega. Mikrosirkulyatsiyaning buzilishi, yalligʻlanish infiltratsiyasi va intersitsial shish natijasida gaz almashinuvi buziladi, gipoksemiya, respirator atsidoz va giperkapniya kelib chiqadi, natijada nafas yetishmovchiligi rivojlanadi.

Bolalarda pnevmoniya belgilari

Bolalarda oʻchoqli pnevmoniya klinik belgilari OʻRVI ning 5-7 kunlarida namoyon boʻladi. Umumiy infeksion simptomlar febril tana harorati (>38 oC), intoksikatsiya belgilari (holsizlik, uyqu buzilishi, teri qoplamalarining rangparligi, ishtahaning pasayishi, koʻkrak yoshidagi bolalarda qayt qilish) koʻrinishida namoyon boʻladi. Bolalarda pnevmoniyaning respirator belgilariga yoʻtal (nam yoki quruq), hansirash, perioral sianoz, baʼzida nafas olishda yordamchi mushaklar ham qatnashishi, qovurgʻalar aro mushaklar tortilishi kiradi.

Segmentar pnevmoniyaning bolalarda kechishi tana haroratining koʻtarilishi, intoksikatsiya va nafas yetishmovchiligining turli darajalari bilan namoyon boʻladi. Sogʻayish jarayoni 2-3 oygacha choʻzilishi mumkin. Keyinchalik yalligʻlangan sohada segmentar fibroatelektaz yoki bronxoektaz shakllanishi mumkin.

Krupoz pnevmoniya belgilari jadal rivojlanishi, yuqori tana harorati, yoʻtal vaqtida koʻkrak qafasida ogʻriq, sezilarli nafas yetishmovchiligi koʻrinishida namoyon boʻladi. Koʻp hollarda bolalarda pnevmoniyaning abdominal belgilari ham kuzatiladi, yaʼni qayt qilish, qorin sohasida ogʻriq va qorin parda qoʻzgʻalishi belgilari.

Bolalarda intersitsial pnevmoniyada nafas yetishmovchiligi belgilari rivojlanishi belgilari kuzatiladi: hansirash, sianoz, qiyinchilik bilan yoʻtalish, nafas olishning zaiflashuvi. Koʻp hollarda oʻng qorincha yurak yetishmovchiligi belgilari ham shakllanadi.

Bolalarda pnevmoniya asoratlari quyidagilar boʻlishi mumkin: infeksion-toksik shok, oʻpka toʻqimasi absessi, plevrit, plevra empiyemasi, pnevmotoraks, yurak-qon tomir yetishmovchiligi, respirator distress-sindromi, poliorgan yetishmovchilik, DVS-sindromi.

Bolalarda pnevmoniya diagnostikasi

Pnevmoniya diagnostikasi umumiy simptomatik belgilar, oʻpkadagi auskultativ va rentgenologik oʻzgarishlar asosida olib boriladi. Fizikal tekshiruvda perkutor tovush susayganligi, nafas olishning zaiflashuvi, mayda pufakli xirillash yoki krepitatsiya shovqinlari eshitiladi.

Pnevmoniyani aniqlashda “oltin standart” – oʻpkaning rentgenologik tekshiruvi hisoblanadi. Oʻpkada yalligʻlanish jarayonini koʻrsatib beradi.

Etiologik diagnostika esa oʻz ichiga quyidagilarni qamrab oladi: tomoq va burun shilliq qavatidan virusologik va bakteriologik tekshiruv uchun surtma olish, balgʻam bakterial ekmasi, IFA va PZR usullari.

Gemogrammda yalligʻlanishga xos boʻlgan oʻzgarishlar aniqlanadi: neytrofil leykositoz, ECHT oshishi. Ogʻir koʻrinishli pnevmoniya bilan kasallangan bolalarda qon biokimyoviy tekshiruvi (jigar fermentlari, elektrolitlar, kreatinin va mochevina) ham oʻtkaziladi.

Bolalarda pnevmoniyani OʻRVI, oʻtkir bronxit, bronxiolit, tuberkulyoz (sil), mukovisidozdan farqlash kerak. Odatiy hollarda bolalarda pnevmoniya mahalliy pediatr tomonidan aniqlanadi. Gumonli holatlarda bolalar pulmonologi va ftiziatri koʻrigi kerak boʻladi. Koʻrsatmaga binoan oʻpka kompyuter tomografiyasi va fibrobronxoskopiya tekshiruvlari oʻtkazilishi mumkin.

O‘QING:  Raxit kasalligi - kelib chiqish sabablari, bosqichlari, klinik belgilari va darajalari (1-qism)

Bolalarda pnevmoniya davosi

Bolalarni pnevmoniya bilan shifoxonaga qabul qilish uchun asos quyidagilar boʻlishi mumkin:

3 yoshgacha boʻlgan bolalar, ikki yoki undan ortiq oʻpka boʻlaklarining yalligʻlanishi, nafas yetishmovchiligi, plevrit, ogʻir ensefalopatiya, gipotrofiya, yurak tugʻma nuqsonlari, oʻpkaning surunkali patologiyalari (bronxial astma, bronxo-oʻpka displaziyasi), surunkali buyrak kasalliklari (glomerulonefrit, piyelonefrit) va immun tanqis holatlar.

Bolalarda pnevmoniyaning asosiy davo usuli simptomatik va etiptrop (antibakterial davo) muolajalardir. Antibiotiklar bilan davolanishning 36-48 soat ichida natijasi bilinmasa, boshqa antibakterial preparat buyuriladi.

Simptomatik va patogenetik davoda tana haroratini tushiruvchi, mukolitik, bronxiolitik, antigistamin preparatlaridan foydalaniladi. Tana harorati tushganidan soʻng fiziterapiya oʻtkazsa ham boʻladi: induktometriya, elektroforez, ingalyatsiyam koʻkrak qafasi massaji, perkutor massaj.

Bolalarda pnevmoniya oqibati va profilaktikasi

Bolalarda pnevmoniyani oʻz vaqtida aniqlash va davolash natijasi ijobiy hisoblanadi. Oqibati salbiy pnevmoniya holatlari – koʻp virulentlikka ega boʻlgan mikroorganizm tomonidan chaqirilgan boʻlsa va yiringli-destruktiv jarayon aralashgan boʻlsagina kuzatiladi. Pnevmoniyaning choʻzilgan shakli surunkali bronxo-oʻpka kasalliklar shakllanishiga sabab boʻlish ehtimoli bor.

Bolalarda pnevmoniyaning profilaktikasiga – bolalarni yaxshi parvarish qilish, OʻRVI bilan kasallanmaslik, LOR-kasalliklarini davolash, gripp, pnevmokokk, gemofil infeksiyaga qarshi emlanish kiradi. Barcha pnevmoniya bilan kasallangan bolalar mahalliy pediatr roʻyxatida turadi va koʻkrak qafasi rengenologik tekshiruvi, bolalar pulmonolog, allergolog-immunolog va bolalar LOR shifokori koʻrigidan oʻtib turishlari kerak boʻladi (1 yil davomida).




One Comment

Add a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan