Bolalarda glomerulonefrit- sabablari, belgilari, davolash va oldini olish usullari

Bolalarda glomerulonefrit – buyrak koptokchalarining o‘tkir yoki surunkali infeksion-allergik yallig‘lanish kasalligi. Bolalarda o‘tkir glomerulonefritga uchlik belgisi xos: peshob (oliguriya, anuriya, gematuriya, proteinuriya), shish va gipertenziya. Surunkali glomerulonefritda shu simptomlardan biri namoyon bo‘ladi yoki barcha belgilar kuchsiz kechadi. Bolalarda glomerulonefrit diagnozi anamnez yig‘ish, o‘ziga xos klinik belgilar, laborator ko‘rsatkichlar, buyrak UTT (UZI) tekshiruvi asosida qo‘yiladi. Glomerulonefritning o‘tkir kechuvida bolalarga yotoq tartibi, diyeta, antibiotik davo, kortikosteroidlar, antikouglyantlar, siydik haydovchi, gipotenziv va immunosupressor vositalar qo‘llaniladi.

Bolalarda glomerulonefrit – buyrak koptokcha tizimining yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, bunda koptokchalar funksiyasi buziladi. Pediatriya sohasida glomerulonefrit orttirilgan buyrak kasalliklari orasida siydik yo‘llari infeksion kasalliklaridan keyingi o‘rinda turuvchi eng ko‘p tarqalgan kasallikdir. Ko‘p hollarda kasallik maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda uchraydi va o‘g‘il bolalar qiz bolalarga nisbatan 2 barobar ko‘proq kasallanadi.

Bolalarda glomerulonefrit rivojlanishi asosida infeksion-allergik yoki autoallergiya (auto-antitelo ishlab chiqarilishi), hamda immun tizimiga bog‘liq bo‘lmagan o‘zgarishlar (gemodinamika va metabolik o‘zgarishlar) yotadi. Kasallik buyrak koptokchalaridan tashqari kanalchalar va oraliq (intersitsial) to‘qimalarga ham o‘tishi mumkin. Bolalarda glomerulonefrit surunkali buyrak yetishmovchiligi va erta yoshlarda nogironlik kelib chiqish ehtimoli bilan xavfli hisoblanadi.

Bolalarda glomerulonefrit kelib chiqish sabablari

Bolalarda glomerulonefrit kelib chiqishiga asosiy sabab infeksion omil – bakteriyalar (ayniqsa β-gemolitik streptokokk A guruhi, stafilokokk, pnevmokokk, enterokokk), viruslar (gepatit B, qizamiq, qizilcha, suvchechak), parzitlar (malyari qo‘zg‘atuvchisi, toksoplazmoz) zamburug‘lar (kandida) xizmat qilsa, noinfeksion glomerulonefrit – allergenlar (yot oqsil, vaksina, qon zardobi, o‘simliklar changi, zahar, dori preparatlari) sababli rivojlanadi. Ko‘p hollarda o‘tkir glomerulonefrit yaqinda o‘tkazilgan (2-3 hafta oldin) streptokokkli infeksiyalar – angina, faringit, skarlatina, pnevmoniya (zotiljam), streptodermiya, impetigo kabilar keltirib chiqaradi.

Surunkali glomerulonefrit bolalarda – birlamchi surunkali glomerulonefrit yoki kasallikning o‘tkir shakli to‘liq davolanmasa yuzaga chiqishi mumkin. Bunda asosiy rolni bola organizmi immun tizimining genetik o‘ziga xos tuzilganligi, ya’ni organizmning o‘zida bo‘ladigan antigenlarga qarshi sezgirlik o‘ynaydi. Bunda organizmda maxsus immun kompleks hosil bo‘ladi va ular koptokchalarni qon bilan ta’minlaydigan kapillyarlarni zararlaydi va mikrosirkulyatsiya buzilishiga olib keladi, natijada yallig‘lanish jarayoni boshlanadi va buyrakda distrofik o‘zgarishlar kelib chiqadi.

Bolalarda glomerulonefrit biriktiruvchi to‘qimaning tizimli kasalliklari (tizimli“ class=”redactor-linkify-object»>http://avitsenna.uz/sistemali-qizil-volchanka/»>ti… qizil yugurik, gemorragik vaskulit, revmatizm, endokardit) natijasida ham yuzaga chiqadi. Bolalarda glomerulonefrit ba’zi nasliy anomaliyalar oqibatida ham rivojlanishi mumkin: T-hujayralar disfunksiyasi, antitrombin va C6 hamda C7 komponentlari yetishmovchiligi.

Kasallik kelib chiqishida xavf omillariga: streptokokkli infeksiyalarga sezgirlik yuqori bo‘lishi, streptokokk A guruhiga mansub nefretik shtammlarini tashuvchanlik yoki surunkali infeksion o‘choqlar bo‘lishi (burun-halqum yo‘llarida va terida) kiradi. Bundan tashqari infeksiyaning ta’sir etishida bolaning sovuq qotishi, O‘RVI kasalliklari va boshqa yondosh kasalliklar katta rol o‘ynaydi.

Kichik yoshdagi bolalarda glomerulonefrit – buyraklarning to‘liq rivojlanmaganligi, hamda organizmning reaktivligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Bolalarda glomerulonefrit klassifikatsiyasi

Bolalarda glomerulonefritning – birlamchi (buyraklarning to‘g‘ridan to‘g‘ri zararlanishi) va ikkilamchi (boshqa patologiyalar asorati sifatida), hamda sababi noaniq, immun tizimiga bog‘liq (immun komplekslar va antitelolar) va immun tizimiga bog‘liq bo‘lmagan shakllari farqlanadi.

Buyraklarning zararlangan qismiga asoslanib – o‘choqli va diffuz (tarqoq) ko‘rinishlari bor. Patologik jarayonning kechish joyiga ko‘ra – interkapilyar (koptokcha kapilyarlarida) va ekstrakapilyar (koptokcha kapsulasi bo‘shlig‘ida) turlarga bo‘linadi. Yallig‘lanish xarakteriga ko‘ra – ekssudativ, proliferativ va aralash ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Kasallik kechishi bo‘yicha – o‘tkir, o‘tkir osti va surunkali ko‘rinishda kechadi.

Surunkali glomerulonefrit o‘z navbatida bir necha morfologik turlarga bo‘linadi: kuchsiz namoyon bo‘luvchi glomerulyar o‘zgarishlar, segmentar, membranoz, mezangiproliferativ va mezangikapillyar glomerulonefrit, IgA-nefrit (Berje kasalligi). Kasallik namoyon bo‘lishiga ko‘ra – latent, gematurik, nefrotik, gipertonik va aralash shakllari farqlanadi.

Bolalarda glomerulonefrit belgilari

Bolalarda“ class=”redactor-linkify-object»>https://ikid.uz/category/bolalar-salomatligi/bolal… o‘tkir glomerulonefrit bola infeksion jarayon (streptokokkli) o‘tkazganidan so‘ng 2-3 hafta ichida rivojlanadi. Kasallikning tipik kechishida belgilar sezilarli darajada va kuchli namoyon bo‘ladi: tana harorati oshadi, umumiy ahvol yomonlashadi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, beldagi og‘riqlar kelib chiqadi. Birinchi kunlarda ajraladigan peshob hajmi kamayadi, proteinuriya, mikro va makrogematuriya kuzatiladi. Peshob rangi xiralashadi – “go‘sht yuvindisi” rangini oladi. Yuz va qovoqlarda shish paydo bo‘ladi. Sishlar hisobiga bola tana vazni oshishi mumkin. Arterial qon bosimi ortishi (140-160 mm.Hg.ustuni) kuzatiladi. O‘z vaqtida va to‘g‘ri olib borilgan davo muolajalari natijasida bolalarda o‘tkir glomerulonefrit to‘liq tuzaladi va buyrak funksiyalar tiklanadi, to‘liq sog‘ayish 4-6 hafta muddatni o‘z ichiga oladi (o‘rtacha 2-3 oy). Kam hollarda (1-2 %) o‘tkir glomerulonefrit surunkali shakliga o‘tib ketadi.

Gematurik surunkali glomerulonefrit bolalar orasida eng ko‘p tarqalgan kasallik hisoblanadi. Sekin-asta rivojlanib boruvchi, belgilar yaqqol namoyon bo‘lmaydigan va qaytalanuvchi xususiyatlarga ega bo‘ladi. Kuchsiz gematuriya, og‘ir ko‘rinishlarida esa – makrogematuriya bilan kechadi. Arterial qon bosimi oshmaydi, shishlar yo‘q yoki kuchli emas.

Nefrotik glomerulonefrit bolalarda to‘lqinsimon ko‘rinishda kechadi, vaqti vaqti bilan kasallik xuruj qilib turadi. Bunda peshobda o‘zgarishlar kuzatiladi: oligouriya, shish, assit, gidrotoraks kabi belgilar. Arterial qon bosimi normada yoki biroz ko‘tarilgan. Kuchli proteinuriya va kuchsiz eritrotsituriya holatlari qayd etiladi. Surunkali buyrak yetishmovchiligi kelib chiqadigan bo‘lsa – qonda giperazotemiya va buyrak koptokchalarining filtrlash funksiyasi pasayishi kuzatiladi.

Gipertonik surunkali glomerulonefrit bolalarda kam uchraydi. Bolani bezovtalik, holsizlik, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi bezovta qilishi mumkin. Qon bosimining doimiy ko‘tarilishi kuzatilsa, shish va peshob belgilari kam namoyon bo‘ladi.

Bolalarda glomerulonefrit diagnostikasi

Bolalarda o‘tkir glomerulonefrit yaqin kunlarda o‘tkazilgan infeksion kasalliklar, siydik ayiruv tizimidagi tug‘ma anomaliyalar, yaqin qarindoshlar orasida uchragan buyrak kasalliklari, klinik belgilar, hamda laborator-instrumental tekshiruvlar asosida tashxislanadi. Bolalarda glomerulonefrit pediatr va bolalar nefrologi tomonidan aniqlanadi.

Tekshiruvlar davomida qonning umumiy va biokimyoviy analizi, siydik analizi, Reberg, Nechiporenko, Zimnitskiy sinamalari o‘tkaziladi. Bolalarda glomerulonefrit kasalligida diurezning kamayishi, koptokchalarda filtratsiya jarayoni tezligi pasayishi, proteinuriya, silindruriya, qonda leykotsitlar soni ortishi va ECHT oshishi, C3 va C5 komplement qismlari oshishi, mochevina, kreatinin miqdori yuqori bo‘lishi, giperazotemiya, qonda streptokokka qarshi antitelo titri yuqori bo‘lishi ham aniqlanadi.

Buyrak UTT (UZI) tekshiruvida – glomerulonefrit belgilariga buyrak o‘lchami biroz kattalashganligi va exogenligi oshganligini ko‘rish mumkin.

Bolalarda glomerulonefrit aniqlash maqsadida qo‘shimcha tekshiruvlar – bolalar oftalmologi (to‘r parda qon tomirlari o‘zgarishlarini aniqlash uchun ko‘z tubini tekshirish), genetk (nasliy kasalliklarni istisno qilish maqsadida) otolaringolog va stomatolog (surunkali infeksiya o‘choqlarini aniqlash maqsadida) kabi mutaxassislar tomonidan olib boriladi.

Bolalarda glomerulonefrit davosi

Bolalarda glomerulonefritning belgilari yaqqol namoyon bo‘lgan holatlarda (makrogematuriya, proteinuriya, shish, arterial qon bosimi oshishi) davo muolajalari shifoxonada o‘tkazilishi zarur. Bunda bolaga qat’iy yotoq tartibi va maxsus diyeta buyuriladi (tuz va oqsil cheklanadi). Etiotrop, simptomatik va patogenetik davo muolajalari o‘tkaziladi. Tuz qabul qilishni cheklash shishlar yo‘qolgunga qadar, oqsilni cheklovchi diyeta esa qabul qilinayotgan suyuqlik to‘liq ajralib chiqquniga qadar saqlanib turiladi.

O‘tkir glomerulonefrit davosida antibiotiklar (penitsillin, ampitsillin, eritromitsin) buyuriladi, shishlarni bartaraf etishda siydik haydovchi preparatlar (furosemid, spironolakton) dan foydalaniladi. Bolalarda arterial qon bosimini tushirish uchun APF-ingibitorlari (enalapril), kalsiy kanallarini bloklovchi (nifedipin) preparatlar qo‘llaniladi. O‘smirlik yoshidagi bolalarga angiotenzin II retseptorlari blokatorlari (lozartan, valsartan) tavsiya etiladi.

Surunkali glomerulonefritning og‘ir ko‘rinishlarida glyukokortikosteroidlar (prednizolon), immunosupressorlar (xlorbutin, siklofosfan, levamizol) buyuriladi. Trombozlarni oldini olish uchun antikoagulyantlar (geparin) va antiagregantlar qo‘llaniladi.

Qonda siydik kislota, mochevina va kreatinin miqdori juda oshib ketadigan bo‘lsa va bu terida qichishish bilan namoyon bo‘lsa – bolalarda gemodializ o‘tkaziladi.

Bolalar shifoxonadan uyga chiqqanlaridan so‘ng kamida 5 yil davomida mahalliy pediatr va bolalar nefrologi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Bolalarda glomerulonefrit oqibati va profilaktikasi

Bolalarda o‘tkir glomerulonefrit o‘z vaqtida aniqlansa va davolansa ko‘p hollarda butunlay davolanadi. 1-2 % holatlardagina kasallik surunkali shakliga o‘tib ketishi mumkin.

Bolalarda o‘tkir glomrulonefrit natijasida jiddiy asoratlar kelib chiqishi mumkin: o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, bosh miyaga qon quyilishi, nefrotik ensefalopatiya, uremiya va yurak yetishmovchiligi. Bu patologiyalarning barchasi bola hayoti uchun xavf tug‘diradi. Surunkali glomerulonefrit asoratida buyraklar kichrayishi va buyrak funksiyasining pasayishi, hamda surunkali buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi mumkin.

Bolalarda glomerulonefrit profilaktikasida – streptokokkli infeksion kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash va davolash, allergik kasalliklarni bartaraf etish, burun-halqum yo‘llaridagi surunkali infeksiya o‘choqlarini yo‘qotish kabi chora tadbirlar qo‘llaniladi.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Homiladorlik » Bolalarda glomerulonefrit- sabablari, belgilari, davolash va oldini olish usullari


Loading...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan