Bola qobiliyatini aniqlash testi

Koʻpchilik ota-onalarni farzandlarining qobiliyati, unda rivojlantirish kerak boʻlgan xususiyat bor yoki yoʻqligi qiziqtiradi. Odatda, maktabga borgunga qadar bolaning nimalarni afzal koʻrishi shakllanib boʻladi, ammo boshlangʻich sinflarda, hatto undan kattaroq yoshda ham bolaning qobiliyati yuzaga chiqishi mumkin.

Kattalar koʻproq sanʼat sohasiga, chet tillarini oʻrgatishga, adabiyot va tasviriy sanʼat sohasidagi ijodiy qobiliyatga ahamiyat beradilar. Bolaning sinovlar oʻtkazishga moyilligiga, tashkiliy va yetakchilik qobiliyatlariga kamdan-kam ahamiyat beradilar. Koʻpincha bu sohadagi ijodkorlik kattalar tomonidan ragʻbatlantirilmaydi va bola shoʻx, toʻpolonchi sifatida qabul qilinadi.

Har bir bola isteʼdodli boʻladi, ularni esa qoʻllab-quvvatlash va qobiliyatini rivojlantirish kerak. Bittasi jismonan kuchli, boshqasi rasmni yaxshi chizadi, uchinchisi sheʼr toʻqiydi.

Bola qobiliyatini aniqlash

Bola qobiliyatini aniqlash uchun soʻrovnoma

Soʻrovnomadan qanday foydalaniladi?

1. Bola qobiliyatini aniqlash uchun bolaning har bir xususiyatiga baho bering:

  • 5 ball – bolada bunday xususiyat kuchli ifodalangan;
  • 4 ball – ifodalanish oʻrtachadan yuqori;
  • 3 ball – oʻrtacha ifodalangan;
  • 2 ball – kuchsiz ifodalangan;
  • 1 ball – umuman ifodalanmagan;

2. Har bir soha ichidagi ballarni qoʻshing, har bir soha boʻyicha toʻplangan natijani undagi savollar soniga boʻling;

3. Bola qobiliyatini aniqlash uchun grafik tasvirni tuzishga urinib koʻring, buning uchun gorizontal oʻqda qobiliyatning 8 sohasini, vertikal oʻqda esa ularning har biri boʻyicha olingan oʻrtacha balini belgilang; siniq chiziqlarda bola qobiliyatining profili (kesmasi) paydo boʻladi.

Individual faoliyat bilan shugʻullanish qobiliyati

  1. Fikrlarini tushunarli va aniq (ogʻzaki va yozma ravishda) ifodalaydi.
  2. Kitoblarni, ilmiy-ommaviy adabiyotni oʻz yoshiga qaraganda 1-2 yil oldin oʻqiydi.
  3. Mavhum tushunchalarni tushunish, umumiylikni aniqlash qobiliyatiga ega.
  4. Sensomotor muvofiqlashtirish boʻyicha yaxshi qobiliyatga ega ( koʻrgan narsalarini aʼlo darajada qayd etadi va eshitganini aʼlo darajada aniq yozib oladi).
  5. Darslardan soʻng ilmiy-ommaviy kitob va jurnallarni oʻqiydi.
  6. Loyihasi yoki yangi gʻoyasini oʻqituvchilari, ota-onasi qoʻllab-quvvatlashmasa, sinov muvaffaqiyatsiz chiqsa, tushkunlikka tushmaydi.
  7. Hodisalarning sababi va mazmun-mohiyatini aniqlashga urinadi.
  8. Oʻz loyihalarini yaratishga (konstruksiyalash, qurish, toʻplash) koʻp vaqt sarflaydi.
  9. Ilmiy gʻoya, voqealar, nashrlarni muhokama qilishni yaxshi koʻradi, bular haqida tez-tez fikr qiladi, oʻylaydi.
  10. Muomalada ravon, yangiliklarni qabul qiladi. Hayotiy vazifalarni yechishning yangi usullarini sinashni yaxshi koʻradi. Allaqachon sinab koʻrilgan usullarni, variantlarni ishlatmaydi, yangi urinishlar qilishdan choʻchimaydi, doimo yangi gʻoyalarni tekshiradi va faqat ularni, sinov tekshiruvlaridan oʻtkazib koʻrganidan keyin ulardan voz kechishi mumkin.

Musiqiy qobiliyati

  1. Ritm, kuyga tez va yaxshi javob beradi, doimo musiqaga diqqat bilan quloq soladi.
  2. Yaxshi kuylaydi.
  3. Cholgʻu asbobini chalishga, qoʻshiq kuylashga, raqs tushishga koʻp vaqt sarflaydi.
  4. Imkon qadar koʻp musiqa eshitishni xohlaydi.
  5. Qoʻshiqda va musiqada tuygʻularni, oʻzining ruhiy holatini aks ettiradi.
  6. Original oʻz kuy va qoʻshiqlarini yaratadi.
  7. Bironta musiqa asbobini yaxshi chaladi.

Texnik qobiliyati

  1. Qoʻl mehnati talab qilinadigan ishlarni yaxshi bajaradi.
  2. Mexanizm va mashinalar bilan qiziqadi.
  3. Mashinalar, uskunalar, poyezdlar va ularni konstruksiyalashga qiziqadi.
  4. Buzilgan asbob-uskunalarni tuzatish, eski detallardan yangi narsa oʻyinchoqlar yaratishda foydalanishi mumkin.
  5. Mexanizmlarni tushunadi, nosozliklar boʻyicha beriladigan savollarni yaxshi koʻradi.
  6. Mexanizmlarning chizmalari va xomaki chizmalarini chizishni yaxshi koʻradi.
  7. Jurnallarni va yangi mashina hamda mexanizmlarni yaratish haqidagi maqolalarni oʻqishni yaxshi kuradi.

Adabiy qobiliyati

  1. Yaxshi hikoya yozishi mumkin.
  2. Hikoyanavis.
  3. Hikoyalardagi muhim boʻlmagan tafsilotlarni tashlab, eng muhim, eng xarakterli joylarini olib qoladi.
  4. Hikoya qilganida asosiy fikrini yoʻqotmay tutilmay, adashib ketmay syujetga suyanishni uddalaydi.
  5. Qahramonlarning his-hayajonlari, tuygʻularini yaxshi bayon qila oladi, zarur soʻzlarni topishga usta.
  6. Hodisani, voqea tushunish uchun muhim boʻlgan detallarni yetkazadi, shu bilan bir vaqtda hikoyaning asosiy yoʻnalishini yoʻqotmaydi.
  7. Hikoyalarida qahramonlarini jonli aks ettiradi. Ularning feʼl-atvorlari, his-hayajonlari, tuygʻularini osongina koʻrsatadi.
  8. Hikoyalarida sheʼrlar toʻqishni yaxshi koʻradi.

Artistlik qobiliyati

  1. Boshqa odam roliga osongina kiradi.
  2. Qandaydir dramatik vaziyatni oʻynash imkoniyati boʻlganida holatni tushunadi va yaxshi aks ettira oladi.
  3. Tuygʻularini xatti-harakat, imo-ishoralar bilan bera oladi.
  4. Nima haqidadir hikoya qilayotganida boshqa odamlarda hayajon uygʻotishga intiladi.
  5. Ichki kechinmalari, tuygʻularini boshqalarga yetkaza oladi.
  6. Kishilarning va hayvonlarning ovozini oʻxshata oladi
  7. Aktyorlik kasbiga qiziqadi.
  8. Omma oldida raqsga tushishni yaxshi koʻradi.

Sportga qobiliyati

  1. Gʻayratli va katta hajmdagi yukni koʻtara oladigan boladek taassurot qoldiradi.
  2. Sport oʻyinlari yoki musobaqalarda qatnashishni yaxshi koʻradi.
  3. Sportning maʼlum bir turida muvaffaqiyatlarga erishadi.
  4. Tengdoshlaridan tez yuguradi.
  5. Yengil, chiroyli yuradi, harakatlar juda yaxshi muvofiqlashtirilgan.
  6. Sayohatlarga chiqishni, ochiq maydonchalarda oʻynashni yaxshi koʻradi.
  7. Boʻsh vaqtini harakatli oʻyinlar oʻynab oʻtkazishni yoqtiradi.

Intellektual qobiliyati

  1. Mashgʻulotlarda hamma narsani oson va tez oʻzlashtirib oladi.
  2. Bilimlarini amaliyotda qoʻllaydi.
  3. Aniq fikrlaydi, fikrlaridan chalkashib ketmaydi.
  4. Hodisalar oʻrtasidagi bogʻliqlikni, sabab va oqibat oʻrtasidagi mantiqni, aloqani ilgʻay oladi.
  5. Oxirigacha aytilmay qolgan fikrni yaxshi tushunadi.
  6. Boshqalarning harakatlari, oʻzlarini nega bunday tutishlari sabablarini tushunadi.
  7. Eshitgani yoki oʻqiganlarini alohida yodlamasdan tezda xotirasiga joylashtiradi.
  8. Tengdoshlarining koʻpchiligi bilmaydigan juda koʻp axborot va maʼlumotlarni biladi.
  9. Katta yoshdagilarga moʻljallangan kitoblarni yaxshi koʻradi.
  10. Lugʻat zaxirasi boy, yangi soʻzlardan oson foydalanadi, oʻz fikrlarini aniq ifodalaydi.
  11. Aqlni ishlatish talab etiladigan murakkab vazifalarni bajaradi.
  12. Oʻqishda tengdoshlarini 1-2 yilga orqada qoldirib ketadi.
  13. Koʻp savol beradi, javoblarga diqqat bilan quloq soladi, xulosalar chiqaradi.
  14. Oʻziga xos tarzda fikrlaydi, masalani hal qilishning kutilmagan javoblari va yechimlarini taklif etadi.
  15. Zehni juda oʻtkir, kuzatuvchan, yangiliklarga va kutilmagan hodisalarga darhol javob qiladi.

Badiiy qobiliyati

  • Toʻ​qigan syujetlarida bir xillik yoʻq.
  • Sanʼat asarlariga munosabati jiddiy. Chiroyli rasm, hikoya, bezatilgan narsalarni koʻrganida mulohaza yuritadi.
  • Syujet tanlashda oʻziga xos, gullardan, toshlardan va boshqa narsalardan gʻaroyib kompozitsiyalar yaratadi.
  • Ijodida qandaydir yangi materialdan foydalanishga doim tayyor.
  • Boʻsh vaqti boʻlganida mamnuniyat bilan rasm chizadi, loydan turli oʻyinchoqlar yasaydi.
  • Rasm chizish, loydan narsa yasash bilan oʻz tuygʻularini ifodalaydi.
  • Sanʼat asarlariga qiziqadi. Oʻziga yoqqanlarini qayta yaratishga urinadi.
  • Plastilin, loy bilan ishlashni yaxshi koʻradi.

Ushbu maqolalarni ham oʻqing: Bolalarda skolioz — turlari, sabablari, belgilari, davolash va oldini olish usullari

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Ota-onalar uchun » Bola qobiliyatini aniqlash testi


Loading...

One Reply to “Bola qobiliyatini aniqlash testi”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan