Bola emmasa nima qilish kerak?

Koʻpchilik onalar farzand dunyoga keltirishni va uni oʻz koʻkrak suti bilan oziqlantirishni orzu qiladilar. Ammo, 2-3 oy oʻtgach bolakay koʻkrak soʻrgʻichini koʻrganda qichqirib yigʻlashi, emishni butunlay xohlamasligi mumkin. Bunga sabab nima?

Bunday holat koʻkrakni inkor etish deyiladi va bunday holatlarda sunʼiy oziqlantirishga oʻtish kerak boʻladi. Ammo bolakay ona sutidan oladigan kerakli moddalar ayniqsa, immun tizimiga foydali boʻlgan mahsulotlardan mosuvo boʻladi.

bola emmasa
Foto: Google Photo

Emishdan bosh tortish fiziologik hamda psixologik boʻlishi mumkin.

Chaqaloq emmasa. Sababini qayerdan izlash kerak?

Bolakay koʻkrak sutidan bosh tortsa bilingki, uni ona organizmi qaysidir jihatdan qoniqtira olmayapti. Bolakaylar asab tizimi shu darajada mukammal rivojlangan boʻladiki, ona organizmi bolaga mos kelmasligini koʻkrak sutini emmasligi bilan ifoda etadi, boshqacha qilib aytganda bolakay onasidan “xafa” boʻladi.

Odatda bolakayning koʻkrak emishni inkor qilishi – bolakay bilan ona orasida muloqotning zaif boʻlishi haqida “signal” beradi, bolangizga koʻproq eʼtibor qarating!

Normal holatda bolakaylar organizmi oʻzi uchun muhim boʻlgan ozuqadan hech qachon bosh tortmaydilar, bu ularda instinkt sifatida rivojlangan. Hozirgi kunda onalar bolakaylarining sut emishdan bosh tortgan vaqtlarida darhol sunʼiy ozuqani maxsus idishchalarda berishga oʻtadilar, bu esa notoʻgʻri qaror. Ammo, ona-bola orasidagi muammoni yechimi sunʼiy ozuqa emas, bu holat vaziyatni yanada qiyinlashtiradi.

Koʻkrak sutidan bosh tortish: bolaning yoshiga nisbatan normal holatlar

Bolakay yoshi 3-4 oyga yetganida uning koʻrish oʻtkirligi, qoʻllari harakati murakkablashib boradi. U atrof-olamni tanib olishga, uni oʻrganishga harakat qila boshlaydi. Shu yoʻl bilan u yangi qobiliyatlarni oʻrganib boradi. U barcha narsalarni mazasini totib koʻrishga harakat qiladi. Shuning uchun bunday oylarda bolakay onasining koʻkragini ogʻziga olib borish oʻrniga u bilan oʻynashga harakat qiladi.

Onalar esa bolakaylarini emizish vaqtida biror bir tovush yoki yorugʻlik tushgan tomonga qiziqib qarashlarini emishdan bosh tortayabdi deb qabul qiladilar. Ammo, bunday holat oʻtkinchi boʻlib, onalar bolakaylarini emizish vaqtida yangicha sharoit yaratib berishlari zarur boʻladi, yaʼni bolakay emish vaqtida atrof-olamni ham kuzatib tura oladigan va bir vaqtning oʻzida onasini emadigan holatda boʻlishini taʼminlash kerak.

Bola emmasligining fizik sabablari

Baʼzida bolakaylar koʻkrak suti emishdan bosh tortishiga fizik omillar ham sabab boʻladi. Masalan, ich kelishidan oldingi diskomfort va bezovtalik holatlari, ichaklar spazmi. Bunday vaziyatda bolakaylar yigʻlaydi, xarxasha qiladi, injiqlik qiladilar.Onalardan talab etiladigan narsa shunchaki bolakaylarida diskomfort holatlari oʻtib ketgunga qadar kutish, tagliklarni almashtirish yoki oziqlantirish rejimini oʻzgartirishdir.

Koʻp holatlarda bolakaylar emish vaqtida noqulay holatda boʻladilar, natija ularda boʻyin mushaklari ogʻrishi yoki bolakaylarda tomoq yoʻllarida shamollash natijasida ogʻriq boʻlishi ham emishdan bosh tortishiga sabab boʻladi. Onalar diqqat bilan vaziyatni toʻgʻri baholay olishlari va bolakay oziqlanishi uchun qulay sharoit yaratib berishlari zarur.

Eʼtibor bering! Bolakaylarning koʻkrak sutidan bosh tortishlarining asosiy sabablari tishlarining chiqa boshlashi, shamollash, otit, tugʻruq jarohatlari, mushaklar tonusi bilan bogʻliq patologiyalar (gipotoniya, distoniya), ogʻiz boʻshligʻi anomaliyalari boʻlishi mumkin.

Koʻkrak sutidan bosh tortish: xulq-atvor bilan bogʻliq sabablar

Bunday holat odatda bola hayotining 3, 9 oyligi va 1,5 yoshlik vaqtida kuzatiladi. Koʻkrak sutidan butkul bosh tortish bola hayotining 2-3 yoshlarida boʻlishi normal holat hisoblanadi, ammo bola 1 yoshgacha boʻlgan muddatda ona sutidan bosh tortsa buning sababi bolaga beriladigan qoʻshimcha ovqatlardan oladigan yetarlicha kaloriyadir.

Sunʼiy ozuqalar bolakaylarga tabiiy ona sutidan koʻra “mazaliroq” tuyuladi va ular koʻkrak sutidan koʻra sunʼiy ozuqa isteʼmol qilishni xohlaydilar. Bundan tashqari onada kuzatiladigan oʻzgarishlar – koʻkrak soʻrgʻichlar hajmi kichrayishi, koʻkrakdan oʻziga xos hid kelishi, onaning kosmetik vositalardan foydalanishi ham bolakaylarning koʻkrak sutidan bosh tortishlariga sabab boʻladi.

Baʼzida bolalar jadal oʻsishi va onada ajraladigan sut miqdorining kamayishi, bolakay ona sutini emish vaqtida biroz qiynalishi sababli ham maʼlum bir muddatda koʻkrak sutidan bosh tortishi mumkin.

Chaqaloq koʻkrak sutidan bosh tortishining onaga bogʻliq omili

Onalarda roʻy beradigan stress, charchash va uyquga toʻymaslik sababli koʻkrak bezlarida sut kam ajraladi. Yoki aksincha ona koʻkrak bezlarida sut koʻp miqdorda ajralishi natijasida ham bolakayning emishida qiyinchilik tugʻdiradi va bunday vaziyatda bolakaylar sut emishdan bosh tortadi. Onalar uchun tavsiya quyidagilar:

  • Dam olish, tinchlanish va iliq suyuqliklar qabul qilish laktatsiyani ragʻbatlaydi;
  • Koʻkrak sutini sogʻib tashlash ortqicha ajralgan sutdan xalos boʻlishga olib keladi, bola uchun qulay holat bu soʻrgʻichlarning yuqoriga qarab turishi yaʼni onaning yotgan holatda emizishga harakat qilish lozim.

Baʼzida oral kontraseptiv vositalar qabul qilish yoki hayz siklining boshlanishi ham koʻkrak suti mazasiga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Ona isteʼmol qilayotgan mahsulotlar, qabul qiladigan dori preparatlari ham sutning taʼmini oʻzgartiradi.

Soʻrgʻichlar shakli ham muhim ahamiyatga ega, oldinga choʻzilgan va kattalashib ketgan soʻrgʻichlar bolakay ogʻzi boʻshligʻiga moslashmaydi va bolakaylar sut emishdan bosh tortadilar.

Bola koʻkrak sutidan bosh tortishi: soʻrgʻichli idishchalar

Koʻkrak sutidan bosh tortishning yana bir sababi soʻrgʻichli idishchalarda sunʼiy ozuqa berish va bolaning bunga oʻrganib qolishi boʻladi.

Bolakaylarning xarxashasi, injiqligi, ularga boʻlgan eʼtibor ayrim payt onalarni charchatadi, bunday vaziyatda ular osongina yoʻlni tanlaydilar ular sunʼiy ozuqani soʻrgʻichlari boʻlgan idishchalarga solib bera boshlaydilar, tabiiyki bunday ozuqa bolakayga yoqib tushadi va u onasining koʻkragini olmay qoʻyadi. Buning sababi ikki xil boʻlishi mumkin – fiziologik va psixologik.

Fiziologik – bolakay ona koʻkragini emishda noqulay holatda boʻlishi mumkin, ammo soʻrgʻichlari boʻlgan idishchani har qanday holatda oʻziga qulay qilib soʻrishi mumkin. Bola koʻkrak soʻrgʻichlaridan soʻrayotgan vaqtda lunj mushaklari koʻproq energiya sarflasa, soʻrgʻichlardan sut soʻrayotganda aksincha osongina ozuqani qabul qilib oladi.

Psixologik – bolakay biroz injiqlik qilishi sababi uni ona sutidan mosuvo qilish, unda onaga boʻlgan mehrni biroz susaytiradi. Psixologlarning taʼkidlashicha ona koʻkragidan emas, balki soʻrgʻichli idishchalarda ozuqa qabul qilib voyaga yetgan bolalarda oʻziga ishonmaslik, qoʻrqoqlik kabi xislatlar koʻproq shakllanar ekan.

Bolakaylarning koʻkrak sutidan bosh tortishini oldini olish maqsadida qoʻshimcha ozuqani soʻrgʻichli idishchalarda emas, balki qoshiqchalar yordamida berish tavsiya etiladi, shunday qilinsa, bolakay “sunʼiy” soʻrgʻichlarga oʻrganib qolmaydi.

Bola (chaqaloq) emmasa, nima qilish kerak?

Eng avvalo bunday holat sababini aniqlash va bartaraf etish lozim. Ona va bolakay oʻrtasida psixologik bogʻliqlikni tiklash kerak. Buning uchun quyidagi tavsiyalar yordam beradi:

  • Tun va kun tartibini toʻgʻri tuzish, bolakay xohishiga koʻra emizish;
  • Bolakayni koʻproq qoʻlda olib yurish, uni quchoqlash, oʻpish va erkalash;
  • Bolakayni yengilgina massaj qilish;
  • Bolakay uyquga ketishidan avval uni choʻmiltirish, toza havoda sayr qilish;
  • Bolakay uchun qulay boʻlgan holatda emizish.

Bolakay qachon uni emizish kerakligini barchamizdan koʻra yaxshiroq “biladi”, shu sababli kichkintoyingiz sut emishni xohladimi kunning qaysi qismi va siz qayerda boʻlishingizdan qatʼiy nazar uning istagini bajo keltirishga harakat qiling, yaʼni uni emizing.

Oʻqing:

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Bolalar salomatligi » Emizish » Bola emmasa nima qilish kerak?


Loading...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan