Bachadon boʻyni saratoni — tasnifi, sabablari, belgilari, tekshirish va davolash usullari

Bachadon boʻyni saratoni – bachadon pastki qismining oʻsma kasalligi boʻlib, epiteliy toʻqimalaridan oʻsadigan hosiladir. Bachadon boʻyni saratoniga xos boʻlgan spetsifik belgi yoʻq, kasallik koʻpincha belgilarsiz kechadi va maʼlum bir darajaga yetgandan soʻng hayz koʻrish oldidan qon ajralishi, qorin va belda ogʻriq, tananing pastki sohalarida shish, peshob ajralishi va ich kelishi bilan bogʻliq muammolar rivojlanadi.

Bachadon boʻyni saratoni

Kasallikni tashxislashda ginekologik koʻzgu yordamida vizual koʻruv, kolposkopiya, gistologik tekshiruv uchun biopsiya olish usullari olib boriladi. Davolash oʻsmaning gistologik shakli va tarqalganligiga qarab xirurgik, nur terapiyasi, kimyo terapiyasi yoki ularning barchasidan foydalangan holda olib boriladi.

Bachadon boʻyni raki (servikal rak) ayollar jinsiy aʼzolarida uchraydigan barcha oʻsma kasalliklarining 15 % ini tashkil etadi, koʻkrak bezi saratoni va endometriy saratonidan keyingi oʻrinda turadi. Bachadon boʻyni oʻsmasi “vizual koʻrish” sohasida rivojlansa ham kasallik koʻp holatlarda III – IV darajada aniqlanadi. Asosiy bemorlar 40-50 yoshdagi ayollar hisoblansada, hozirgi kunda kasallik 40 yoshda va undan kichik yoshlarda ham uchrab turibdi.

Bachadon boʻyni saratoni rivojlanishiga olib keluvchi omillarga leykoplakiya, eritroplakiya, kondiloma, poliplar, chin eroziya va servisitlar kiradi.

Bachadon boʻyni saratoni klassifikatsiyasi

Gistologik tuzilishiga koʻra ikki xil epiteliydan shakllanuvchi oʻsmalar tafovut etiladi: yassi epiteliydan tuzilgan ektoserviks sohada hosil boʻladigan oʻsma va adenokarsinoma endoserviksdan rivojlanadi. Yassi hujayrali bachadon boʻyni saratoni muguzlanuvchi, muguzlanmaydigan va kam farqlanuvchi shakllariga boʻlinadi.

Tibbiyot sohasida bachadon boʻyni saratonining tarqalganlik darajasi ikki xil tizim bilan belgilanadi: FIGO va TNM (T-oʻsma, N-regionar limfa bezlari, M-metastazlar).

  • 0 daraja (FIGO) yoki Tis (TNM) preinvaziv yoki epiteliy ichi saratoni deb yuritiladi (in situ);
  • 1 daraja (FIGO) yoki T1 (TNM) oʻsma bachadon boʻyniga invaziya qilgan, ammo uning tanasiga oʻtmagan;
  • I A1 (T1 A1) – 3 mm.gacha invaziya qilgan oʻsma mikroskop yordamida aniqlanadi, 7 mm.gacha boʻlgan gorizontal oʻlchamli;
  • I A2 (T1 A2) – 3 mm.dan 5 mm.gacha boʻlgan chuqurlikka botib kirgan oʻsma, gorizontal oʻlchami 7 mm.gacha boʻladi;
  • I B1 (T1 B1) – makroskopik servikal saraton, bachadon boʻyni bilan chegaralangan, maksimal 4 sm.gacha kattalikda;
  • I B2 (T1 B2) – makroskopik aniqlanadigan, 4 sm.dan katta boʻlgan oʻsma.
  • 2 daraja (FIGO) yoki T2 (TNM) bachadon boʻyni chegarasidan chiqib tarqalgan oʻsma, qinning uchdan bir qismiga tarqalishi.
  • II A (T2 A) – oʻsma qinning yuqori va oʻrta uchdan bir qismiga tarqalgan yoki bachadon tanasiga ham oʻtgan.
  • II B (T2 B) – oʻsma bachadondan chiqqan, ammo chanoq boʻshligʻi devorlariga tarqalmagan.
  • 3 daraja (FIGO) yoki T3 (TNM) oʻsma bachadon boʻyni sohasidan tashqariga tarqalgan, chanoq boʻshligʻi devorlariga ham oʻtgan, qinning pastki uchdan bir qismini ham zararlagan, gidronefroz shakllanishi mumkin.
  • III A (T3 A) – oʻsma qinning pastki uchdan bir qismiga tarqalgan, ammo chanoq devorlariga oʻtmagan;
  • III B (T3 B) – oʻsma chanoq devorlariga tarqalgan, gidronefroz keltirib chiqaradi, yoki buyraklarni ikkilamchi zararlaydi.
  • 4 daraja (FIGO) yoki T4 (TNM) oʻsmaning chanoq sohasidan tashqariga tarqalishi.
  • IV B (T4 M1) metastazlar berganidan dalolat beradi.

Bachadon boʻyni saratoni sabablari

Oʻsma rivojlanishida papillom avirusli infeksiyaning roli katta, virus bachadon boʻyni epiteliysini zararlaydi. Ushbu virusning serotiplari (16, 18) 95 % saraton kasalligida aniqlanadi: yassi hujayrali servikal saratonda 16 tipdagi, adenokarsinoma shaklida esa koʻpincha 18 serotiplar aniqlanadi.

Bachadon boʻyni saratoni rivojlanishida jinsiy yoʻl bilan yuqadigan boshqa infeksiyalarning ham roli katta, masalan genital gerpes, sitomegalovirusli infeksiya, xlamidioz va OIV. Bu omillar tartibsiz jinsiy aloqa kirishuvchi hamda kontrasepsiya vositalaridan foydalanmaydigan ayollarda koʻp ehtimol bilan bachadon boʻynida saraton rivojlanishiga olib keladi. Ayniqsa erta jinsiy hayotga kirish (14 yoshdan boshlab) yetilmagan epiteliy hujayralarining zararlanishiga sabab boʻladi.

Saraton rivojlanishida umumiy organizm immun tizimining sustlashuvi, tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish, 40 yoshdan katta yosh, semizlik, A va C vitaminlari yetishmovchiligi, hamda uzoq muddat (5 yildan ortiq) oral kontraseptiv vositalarni qabul qilib yurish, abort qilish amaliyoti ham sabab boʻladi.

Kasallikning kech aniqlanishining yana bir sababi ayollarning tibbiy bilimi yetishmovchiligidir, ayollar yil davomida kamida ikki barobar ginekolog koʻruvidan oʻtmasliklari va sevikal kanaldan surtma tekshiruvini olib bormasliklari kasallikning kech aniqlanishining asosiy sabablari hisoblanadi.

Bachadon boʻyni saratoni belgilari

In situ karsinoma va bachadon boʻyni mikroinvaziyasida kasallikka xos belgilar namoyon boʻlmaydi. Bemorni bezovta qiladigan holatlar oʻsmaning invaziyasi chuqurroq davom etgandan soʻng boshlanadi. Saratonga xos boʻlgan belgilardan qonli ajralmalar kelishidir: hayz koʻrish oldidan, hayz koʻrish tugagandan soʻng, biror bir kontakt boʻlganda (jinsiy aloqadan soʻng, ginekolog koʻruvida va boshqalar), menorragiya holatlarida qon kelishi.

Bemorlar qindan suyuq, suvli, sargʻish yoki shaffof boʻlgan suyuqlik kelishiga shikoyat qiladilar, bu limforeyadan darak beradi. Saratoning parchalanishi va tarqalishida yiringli, goʻsht yuvindisiga oʻxshash va badboʻy hidli ajralmalar kela boshlaydi.

Oʻsmaning chanoq boʻshligʻiga oʻsishi va quyosh chigalining ezilishi natijasida qorinda, belda ogʻriq paydo boʻladi, ogʻriq ayniqsa jinsiy aloqa vaqtida kuchayadi. Saraton hujayralari metastazlanganda va chanoq boʻshligʻi limfa tugunlari tarqalganda venoz qon tomirlar ezilishi roʻy beradi, natijada oyoq va jinsiy aʼzolarda shish paydo boʻladi.

Agar oʻsma ichak yoki siydik qopiga tarqalsa peshob ajralishi va ich kelishi bilan bogʻliq muammolar kelib chiqadi. Siydikda yoki najasda qon kela boshlaydi. Baʼzida qin toʻgʻri ichak va qin siydik pufagi oʻrtasida oqmalar rivojlanadi. Siydik kanalining oʻsma hisobiga ezilishi peshob ajralishining kamayishiga sabab boʻladi, natijada gidronefroz va uremiya holatlari kelib chiqadi. Saraton kasalligining umumiy belgilariga holsizlik, tez charchab qolish, tana haroratining koʻtarilishi, ozib ketish kabilar kiradi.

Diagnostika

Bachadon boʻyni saratoni diagnostikasi asosida kasallikni erta muddatlarda aniqlash va sitologik tekshiruv yotadi. Pap-test (Papanikolau boʻyicha surtma olish) rak oldi holatini aniqlashda yordam beradi, yaʼni rak hujayralari bachadon boʻyniga invaziya qilmasidan oldingi holatini aniqlab beradi. Ginekologik koʻruv yordamida bachadon boʻyni shilliq qavatlarining oʻzgarishiga qarab saraton belgilarini aniqlash mumkin.

Saratonning invaziyasida bachadon boʻynida fibroz qoplama, oʻsmaning qizgʻish, oqish, Pushti-kulrang tusga ega boʻlgan hosila aniqlanadi, unga tegilsa oson qonaydi.

Kolposkopiya tekshiruvida (7,5-40-martagacha kattalashtirilganda) bachadon boʻynini tekshirish va rak oldi holatini aniqlash mumkin. Epiteliydagi oʻzgarishlarni Shiller-test yordamida aniqlasa ham boʻladi, agar agar atipik hujayralar shakllanayotgan boʻlsa qon tomirlar yod bilan kam boʻyaladi. Kolposkopiya yordamida hosiladan biopsiya olinib gistologik tekshirilishi oʻsma kasalligini aniq koʻrsatib berishda yordam beradi. 

Qoʻshimcha sifatida kichik chanoq boʻshligʻi UTT (UZI), oʻsma metastaz bergan boʻlsa sitoskopiya, urografiya, qorin boʻshligʻi UTT (UZI) tekshiruvi, oʻpka rentgenografiyasi, irrigoskopiya, rektoskopiya tekshiruvlari oʻtkaziladi. Bachadon boʻyni saratoni aniqlansa urolog, pulmonolog, proktolog koʻrigidan oʻtish kerak boʻladi.

Bachadon boʻyni saratoni davosi

Saratoning invaziya oldi holatida bachadon boʻyni atipik sohasini sogʻlom sohadan ajratgan holda olib tashlash amaliyoti bajariladi. Bachadonni saqlab qolgan holda bachadon boʻynini konussimon amputatsiyasi, bachadon boʻyni yuqori amputatsiyasi oʻtkaziladi. Bachadon boʻyni rezeksiyalari qancha kichik boʻlsa, aʼzoning funksional vazifasi saqlanib qolish ehtimoli shuncha yuqori boʻladi. Oʻsma hujayralaro tarqalgan boʻlsa bachadon toʻliq olib tashlanadi.

Bachadon boʻyni saratoni I B1 darajasida boʻlsa xirurgik amaliyotda pangisterektommiya – bachadon adnekstomiyasi va chanoq limfa tugunlarini olib tashlash bajariladi. Jarrohlik amaliyoti bilan birgalikda nur yoki kimyo terapiyasi ham oʻtkaziladi. Kimyo va nur terapiyasi operatsiyadan oldin yoki keyin bajarilishi mumkin. Saratonning ogʻir darajalarida paliativ jarrohlik amaliyoti bajariladi – sistostoma, kolostoma yoki ichaklarda aylanib oʻtuvchi anastomozlar qoʻyiladi.

Bachadon boʻyni saratoni oqibati

Bachadon boʻyni saratoni I darajada davo muolajalari olib borilganda 80-90 % bemorlarda yashab qolish imkoniyati 5 yilgacha choʻzilishi mumkin. II darajada yashab qolish imkoniyati 5 yildan soʻng 6-75 % ni tashkil etadi, III darajada esa 30-40 % ni, IV darajada esa 10 % dan kamroq bemorlar yashab qoladilar. Bachadonning maʼlum bir qismi rezeksiya qilinganda homilador boʻlish imkoniyati saqlab qolinadi. Radikal davo yaʼni bachadonni toʻliq olib tashlash, nur terapiyasi va kimyo terapiyasi oʻtkazilganda homilador boʻlish qobiliyati butunlay yoʻqoladi.

Homiladorlikda bachadon boʻyni saratoni

Homiladorlik vaqtida bachadon boʻyni saratoni aniqlanadigan boʻlsa davo muolajalari homiladorlik muddatiga qarab olib boriladi. Agar homiladorlik II-III uch oylikda boʻlsa homiladorlik saqlanib qoladi. Bunday vaziyatda homilador ayollar shifokor koʻrigidan tez-tez oʻtib turishlari kerak boʻladi. Tugʻruq jarayoni kesarcha kesish yoʻli bilan amalga oshiriladi va bachadon toʻliq olib tashlanadi. Agar homiladorlik I uch oylikda boʻlsa, homiladorlik sunʼiy yoʻl bilan toʻxtatiladi va saratonni davolashga qaratilgan muolajalar oʻtkaziladi.

Kasallik profilaktikasi

Kasallikning asosiy profilaktikasiga bachadon boʻyni saratonini erta muddatlarda aniqlash, onkologik skrining oʻtish kiradi. Tekshiruvlar jinsiy hayot boshlangan soʻng, ammo 21 yoshdan kech boʻlmagan holatda oʻtkazilishi kerak. Bachadon boʻynidan onkologik surtma olish har yili amalga oshirilishi, manfiy natija boʻlganda har 2-3 yilda bir marotaba topshirish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari kasallik profilaktikasida tartibsiz jinsiy aloqaga kirmaslik, jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklarni oldini olish, kontraseptiv vositalardan foydalanish kerak boʻladi. Ayollarga yilda 2 marotaba ginekolog koʻruvidan oʻtib turish tavsiya etiladi. Yosh qizlar 9 yoshdan 26 yoshgacha boʻlgan davrda bachadon boʻyni rakiga qarshi emlanishlari ham saraton proflaktik chora tadbirlaridan biriga kiradi.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Загрузка...

Add a Comment

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *