Bachadon boʻyni eroziyasi – turlari, sabablari, tashxislash va davolash usullari

Bachadon boʻyni eroziyasi – bachadon boʻynining qin tarafga qaragan kirish qismi yassi epiteliylarining zararlanishi. Koʻpincha endoservitsit va jinsiy aʼzolarning boshqa kasalliklari, ayol organizmidagi gormonal oʻzgarishlar natijasida rivojlanadi. Kasallik belgilarsiz kechishi yoki qindan keladigan ajralmalar, qorinning pastki sohasida, chov sohasidagi ogʻriqlar bilan kechishi mumkin.

Kasallik bachadon boʻyni oʻsmalari (polip, saraton) rivojlanishiga olib keluvchi omil hisoblanadi. Bachadon boʻyni eroziyasi diagnostikasida asosan ginekologik koʻzgu yordamida vizual koʻrish va kolposkopiya amaliyotlari bajariladi. Kasallikni davolashda diatermokoagulyatsiya, lazerovaporizatsiya va kriodestruksiya hamda radiotoʻlqinli usullardan foydalaniladi.

Bachadon boʻyni eroziyasi nima?

Bachadon boʻyni eroziyasi

Ayollarda bachadon boʻyni eroziya termini ostida bachadonning qin qismi yassi epiteliylarining shikastlanishi tushuniladi. Bu kasallik ginekologiya sohasida juda koʻp uchraydi. Bachadon boʻyni bachadonning pastki qismi hisoblanadi va qinga qaragan boʻladi, uning oʻrtasidan servikal kanal oʻtadi. Servikal kanal yuqorigi qismi ichki kirish teshigi bilan, pastki qismi esa tashqi kirish teshigi bilan tugaydi.

Tashqi kirish teshigi bachadon boʻynining qin qismiga ochiladi va tugʻruq jarayoni roʻy bergan ayollarda koʻndalang shaklda, farzand dunyoga keltirmaganlarda esa yumaloq shaklda boʻladi. Tashqi teshik sohasidagi koʻp qavatli yassi epiteliyning shikastlanishi bachadon boʻyni eroziyasi koʻrinishida namoyon boʻladi.

Bachadon boʻynida eroziyalarning uzoq muddat davom etishi yaxshi sifatli oʻsmalar shakllanishiga olib keladi (polip) va eng achinarlisi yomon sifatli oʻsmalar ham shakllanish ehtimoli yuqori boʻladi.

Bachadon boʻyni eroziyasi shakllanishining bir necha sabablari mavjud. Masalan, bachadon boʻyni shilliq qavatining tugʻruq jarayonida, homiladorlikni sunʼiy toʻxtatganda, boʻyincha yalligʻlanish kasalliklarida, gormonal oʻzgarishlarda rivojlanishi mumkin. Kasallik rivojlanishida jinsiy yoʻl orqali yuqadigan infeksiyalarning oʻrni katta – xlamidioz, ureaplazmoz, trixomoniadaza va boshqalar. Bachadon boʻyni eroziyasi balogʻat yoshidagi hamda tugʻruq jarayoni roʻy bermagan qizlarda ham uchraydi.

Kasallik turlari

Bachadon boʻyni eroziyalari quyidagi turlarga boʻlinadi:

  • Chin;
  • Psevdoeroziya yoki soxta eroziya;
  • Tugʻma.

Bachadonning chin eroziyasi

Bachadon boʻyni chin eroziyasi deb bachadon boʻynining qin sohasiga qaragan tarafidagi shilliq qavat yassi epiteliylarning zararlanishiga aytiladi. Chin eroziyaga shikastlangan sohadagi yalligʻlanish belgilarining yaqqol namoyon boʻlishi xosdir. Bachonning chin eroziyaning asosiy sababi endoservitsit natijasida boʻyindan keladigan ajralmalar taʼsirida shilliq qavatlarning taʼsirlanishidir. Bu turdagi eroziya odatda toʻq qizil rangda, notoʻgʻri yumaloq shaklda, oson qonaydigan holatda koʻrinadi. Kolposkop va mikroskop yordamida eroziya kuzatilganda qon tomirlar kengayganligi, shish, infiltratsiya, fibrin ildizlari, qon, shilliq yiringli ajralmalar aniqlanadi. 1-2 hafta oʻtgach chin eroziya bitish bosqichiga oʻtadi va psevdoeroziya shakllanadi.

Psevdoeroziya

Bitish jarayoniga yassi epiteliy oʻrniga silindrik epiteliy ham oʻsa boshlaydi, bachadon boʻyni kanalidan eroziya sohasiga tarqaladi. Silindrik epiteliy hujayralari yorqin rangli boʻlganligi sababli eroziya oʻchogʻi yaltiragan holatda koʻrinadi. Bu jarayon chin eroziya bitishining ilk bosqichi boʻlib hisoblanadi. Odatda bunday holat ginekologlar tomonidan aniqlanadi.

Silindrik epiteliy eroziyaning nafaqat yuza qismida balki uning ichiga ham oʻsa boshlaydi, natijada shilliq ajratuvchi hujayralar yoʻli berkiladi, hamda mayda va kolposkopiyada yaqqol koʻzga tashlanuvchi kistalar hosil boʻladi. Baʼzida yirik kistalar tashqi kirish teshigi oldida hosil boʻladi va koʻrinishidan bachadon boʻyni poliplarini eslatadi. Kistalar sonining koʻpligi bachadon boʻyni gipertrofiyasiga sabab boʻladi.

Psevdoeroziya turlari

  • Follikulyar (bezli) – bez yoʻllari va bezli kistalardan iborat boʻladi;
  • Pappilyar – shilliq qavat yuzasida soʻrgʻichsimon oʻsimtaga ega va yalligʻlanish belgilari bor;
  • Bezli-papilyar yoki aralash – har ikkala shakldagi belgilarni oʻzida jamlaydi.

Psevdoeroziyalar davo muolajalarisiz bir necha oylargacha saqlanib qolishi mumkin, eroziyaga olib keluvchi sabab bartaraf etilmasa, hatto yillar davomida ham saqlanib turadi. Psevdoeroziyalarning oʻzi ham infeksiya manbasi boʻlib, bachadon boʻyni yalligʻlanishiga olib kelishi mumkin.

Davo muolajalari taʼsirida yoki oʻz-oʻzidan silindrik epiteliy oʻrnini yassi epiteliy egallashi mumkin, yaʼni normal epiteliy qavat tiklanishi eroziyalar bitishining ikkinchi bosqichi hisoblanadi. Eroziyalar bitgan joyda kichik oʻlchamga ega boʻlgan kistalar hosil boʻlishi mumkin.

Uzoq muddat davom etgan psevdoeroziyalar va boshqa yondosh yalligʻlanish kasalliklari shilliq qavatda patologik oʻzgarishlarga sabab boʻladi, yaʼni atipiya va displaziya. Epitelial displaziya holatiga kelgan eroziyalar saraton oldi kasalliklari sifatida baholanadi.

Psevdoeroziyalar yirik oʻlchamga ega boʻlmaydi (3 mm.dan 5 mm.gacha) yoki bachadon boʻynining kattagina qismini egallab oladi. Asosan tashqi kirish teshigi yoki bachadon boʻyni labida joylashadi. Psevdoeroziyalar notoʻgʻri shaklda, yorqin qizil rangli, notekis yuzali, shilliq yoki yiringli ajralmalar bilan qoplangan holatda boʻladi. Bitish jarayonida psevdoeroziyalar chekkalarida och pushti rangli yassi epiteliylarni koʻrish mumkin.

Psevdoeroziyalar, ayniqsa papilyar tipidagi eroziyalar tez qonaydi, instrumental tekshiruv yoki jinsiy aloqa vaqtida qonay boshlaydi. Bundan tashqari, psevdoeroziyalar displaziya holatida va homiladorlik vaqtida ham qonashga moyil boʻladi. Psevdoeroziyalar oqibati ijobiy, eroziya hosil boʻlgan sohadagi bez hujayralari yoʻli ochilishi va yassi hujayralar qayta tiklanishi jarohatning bitishidan darak beradi.

Bachadonning tugʻma eroziyalari

Tugʻma bachadon eroziyalari servikal kanal silindrik epiteliy hujayralarining yassi epiteliyga oʻsim kirishi natijasida shakllanadi. Hujayralarning bir-biri bilan qoʻshilib ketishi homiladorlikda roʻy beradi, shuning uchun kasallik tugʻma eroziya deb yuritiladi.

Tugʻma eroziyalar koʻp boʻlmagan sohani egallaydi va yorqin qizil rangda hamda tekis yuzaga ega boʻladi. Obyektiv tekshiruvda (kolposkopiya yoki qin koʻzgusi yordamida) kanaldan keladigan ajralmalar va yalligʻlanish belgilari koʻrinmaydi.

Tugʻma eroziyalar koʻpincha oʻsmirlik davrda aniqlanadi, odatda oʻz oʻzidan bitib ketadi. Balogʻat yoshigacha eroziyalar saqlanib qoladigan boʻlsa, infeksiya aralashishi, yalligʻlanishi va turli asoratlarga olib kelishi mumkin. Kam hollarda tugʻma eroziyalar oʻrnida yassi kondilomalar shakllanadi, tugʻma eroziya natijasida yomon sifatli oʻsmalar paydo boʻlmaydi.

Bachadon boʻyni eroziyasi rivojlanish sabablari

Bachadon boʻyni eroziyasi rivojlanish mexanizmi asosan yalligʻlanish jarayonlari bilan tushuntiriladi. Endoservitsit va servitsit, servikal kanaldan ajraladigan patologik suyuqliklar tashqi teshik sohasi epiteliy qavatini qoʻzgʻatadi va epiteliylarni zararlaydi. Natijada chin eroziya shakllanadi va unga qin mikroflorasi qoʻshiladi.

Disgormonal holatlar bachadon boʻyni eroziyasi rivojlanishida ham oʻz taʼsiriga ega. Tekshiruvlar natijasida bachadon boʻynida uchraydigan eroziv holatlar homiladorlik roʻy berganida yoki tugʻruqdan keyin oʻz oʻzidan yoʻqolib ketadi.

Bachadon boʻyni eroziyasi rivojlanishining yana bir sababi tugʻruq jarayonida roʻy beradigan jarohatlar natijasida shakllanadigan ektropin holati (buralib qolishi)dir. Uzoq muddat davom etuvchi davo konservativ davo muolajalari natijasida ham tuzalmaydigan bachadon boʻyni eroziyalari – saraton oldi holati deb baholanadi.

Kasallik diagnostikasi

Bachadon boʻyni eroziyasi diagnostikasi biroz murakkab, bunga sabab kasallikning aniq bir belgisi hamda bemorni shikoyat qilishiga sabab boʻluvchi holatlar yuzaga chiqmaydi, baʼzida kasallik belgilarsiz kechadi. bachadon eroziyasi rivojlanishiga olib keluvchi boshqa kasalliklar belgilariga asoslangan holda bachadon boʻyni eroziyasi aniqlanadi. Shu tufayli eroziya asosan kolposkopiya yoki bachadon boʻynini ginekologik koʻzgu yordamida aniqlanadi.

Chin eroziyalar yorqin pushti rangda, displaziya sohalari sariq rangda, atipik oʻchoqlar esa oqish rangda koʻrinadi. Shilliq qavat displaziyalariga gumon qilinsa, u sohadan biopsiya uchun naʼmuna olinadi va gistologik tekshiruv oʻtkaziladi.

Bachadon boʻyni eroziyasi davosi

Ginekologiya sohasida bachadon boʻyni eroziyasi quyidagicha davolanadi:

  • Tugʻma eroziyalarni aniqlash;
  • Bachadon boʻyni eroziyalariga sabab boʻluvchi asosiy kasallikni davolash;
  • Yalligʻlanish infeksiya taʼsirida boʻlsa, bakteriyalarga qarshi dori preparatlari qoʻllaniladi.

Yalligʻlanishga qarshi mahalliy qoʻllaniladigan antiseptik vositalar hamda regeneratsiyani ragʻbatlovchi preparatlar buyuriladi.

Eroziyani zamonaviy usulda davolashda silindrik epiteliy oʻrniga yassi epiteliylar qayta tiklanishini taʼminlashga qaratiladi. Buning uchun diatermokoagulyatsiya, lazeroterapiya, kriodestruksiya, radiotoʻlqinli usul qoʻllaniladi.

Koagulyatsiya usuli

Koagulyatsiya usuli farzand dunyoga keltirmagan yosh ayollarda oʻtkazilmaydi, bunga sabab hujayralar oʻrnida chandiq hosil boʻlishidir. Aks holda tugʻruq roʻy beradigan boʻlsa, bachadon boʻyni kengaygan vaqtda chandiqdan qon ketishi mumkin. Diatermokoagulyatsiya amaliyotidan soʻng toʻliq bitib ketish 1,5-3 oy ichida roʻy beradi. Bu usuldan soʻng koʻpincha endometrioz rivojlanadi. Shu sababli usulni hayz siklining ikkinchi yarmida oʻtkazgan yaxshiroq.

Lazeroterapiya

Bachadon boʻyni eroziyasini lazer nurlari yordamida kuydirish hayz siklining 5-7 kunlarida oʻtkaziladi. Bu usulni oʻtkazishdan avval qin va bachadon boʻyni sanatsiya qilinadi. Lazer yordamida kuydirish usuli ogʻriqsiz, shilliq qavatda chandiq hosil qilmaydi va homiladorlikda, tugʻruq vaqtida asoratlar bermaydi. Muolajadan soʻng toʻliq bitib ketish 1 oyda roʻy beradi.

Kriodestruksiya

Kriodestruksiya (kriokoakulyatsiya) – eroziyaga uchragan shilliq qavatni muzlatish yoʻli bilan barham etish usulidir, bunda suyultirilgan azotdan foydalaniladi. Bu usul yuqoridagi usullarga qaraganda ancha qulay, amaliyot oʻtkazilgandan soʻng chandiq hosil boʻlmaydi, epiteliy qavat tez tiklanadi, nekroz oʻchoqlari osonlik bilan koʻchadi. Toʻliq bitish 1-1,5 oyda roʻy berishi mumkin.

Radiotoʻlqinlar bilan davolash

Surgirton qurilmasi yordamida bachadon boʻyni eroziyasini radiotoʻlqinlar bilan davolash – yuqori tebranishli elektromagnit toʻlqinlarini yuborish yoʻli bilan eroziyani davolash usuli hisoblanadi. Muolaja 1 daqiqa davom etadi, ogʻriqsizlantirish talab etilmaydi, amaliyotdan soʻng jarohat joyini qayta ishlashga hojat yoʻq, farzand dunyoga keltirmagan ayollarda ham usulni qoʻllasa boʻladi, chandiqlar hosil qilmaydi.

Yuqoridagi barcha usullar bachadon eroziyasini vizual va gistologik aniqlangach, yomon sifatli oʻsmalar istisno qilingandagina amalga oshiriladi. Agar yomon sifatli oʻsmalar aniqlansa, davo choralari radikal usulda amalga oshiriladi. Bachadon boʻyni eroziyasi toʻliq davolangandan soʻng ayol kishi shifoxona nazorati ostida boʻlishi kerak. Bundan tashqari, ginekolog koʻrigidan vaqti-vaqti bilan oʻtib turishi lozim.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 yulduz2 yulduz3 yulduz4 yulduz5 yulduz

Loading...


🏠 » Homiladorlikni rejalashtirish » Ayol kasalliklari » Bachadon boʻyni eroziyasi – turlari, sabablari, tashxislash va davolash usullari


Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan